Jamiyat | 18:24 / 22.11.2022
8101
2 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasi spikeri minglab maktablar Wi-Fi bilan ta’minlanmaganini tanqid qildi

Foto: Qonunchilik palatasi

2022 yilda maktablarni keng polosali internet tarmog‘iga ulash maqsadida davlat budjetidan jami 4,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Ammo Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bu pullar vaqtida o‘zlashtirilmagani sabab hozirgi kunda 3 mingdan ortiq umumta’lim maskani Wi-Fi qurilmalari bilan ta’minlanmagan. Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida shu masalaga ham to‘xtalib o‘tildi.

Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilovning aytishicha, budjetdan ajratilgan summalar tender savdolari kechikishi tufayli vaqtida o‘zlashtirilmagan.

«Hozirgi kunda 9 ta lot bo‘lsa, ba’zi lotlarimiz bo‘yicha ikki martalab qayta tender savdolari o‘tkazilishi holatlari yuzaga keldi. Balki bozorni marketingga o‘rgatayotganda yetarli ish olib bormagandirmiz, bu oqlash ma’nosida emas. Bugungi kunda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tanlov savdolari yakunlanib, g‘oliblari e’lon qilingan. Shartnomalarning hammasi rasmiylashtirilgan», deydi vazir o‘rinbosari.

Shundan so‘ng Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddinjon Ismoilov maktablarning kerakli qurilmalar bilan hanuzgacha ta’minlanmayotganiga tender savdolari ikki marta o‘tkazilishi asos bo‘lmasligini ta’kidladi.

«Qancha maktabda Wi-Fi yo‘q – deyapsiz, buni gapirishning o‘zi uyat. Keragicha mablag‘ ajratib turilibdi, bir vaqtlar mablag‘ berilmasdi. Endi mablag‘ berilsa ham o‘zlashtirilmayapti», – dedi u.

Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, shu yilning so‘ngigacha 3 ming 200 ta maktab Wi-Fi qurilmalari bilan to‘liq ta’minlanadi, 800 ta maktabga elektron doskalar hamda rivojlanish dasturi doirasidagi qolgan qurilmalar yetkazib beriladi.

Mavzuga oid