O‘zbekiston | 20:37 / 22.11.2022
24125
2 daqiqa o‘qiladi

XTV va SSV tizimlarida budjetning 77 mlrd so‘mi noqonuniy ishlatildi

2022 yilning o‘tgan 9 oyi davomida bajarilmagan ishlarni “bajarildi” qilib ko‘rsatish, o‘rnatilmagan uskunalarni “o‘rnatildi” deb rasmiylashtirish hisobiga 100 mlrd so‘mdan ortiq davlat pullari noqonuniy sarflangan. Moliyaviy qonunbuzilishlar qiymati xalq ta’limi tizimida 47 mlrd, sog‘liqni saqlashda 30 mlrd so‘mga teng bo‘lgan.

Foto: Kun.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida vazirliklarning budjet mablag‘larini noqonuniy sarflashiga oid, Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi aniqlagan ma’lumotlar ochiqlandi.

Deputat Botir Mardayevning e’tibor qaratishicha, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida tarif razryadlarining noto‘g‘ri qo‘llanishi, ish haqi va moddiy yordam to‘lovlari ortiqcha to‘lanishi hisobiga 138 mlrd so‘mga yaqin xato va kamchiliklar qayd etilgan.

Xususan, xalq ta’limi tizimida 47 mlrd so‘m, sog‘liqni saqlashda 30 mlrd so‘m, maktabgacha ta’lim tizimida 7 mlrd so‘m, Madaniyat vazirligida 5,5 mlrd so‘mga yaqin qonunbuzilish holatlari aniqlangan.

Bundan tashqari, bajarilmagan ishlarni “bajarildi” qilib ko‘rsatish, budjetdan ajratilgan subsidiyalar hisobidan o‘rnatilmagan uskunalarni “o‘rnatildi” deb rasmiylashtirish hisobiga 100 mlrd so‘mdan ortiq qonunbuzilish holatlari va umuman 139 mlrd so‘m budjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishiga yo‘l qo‘yilgan.

Moliya vaziri Timur Ishmetovning ta’kidlashicha, kelajakda bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida vazirliklardagi ichki audit tizimlari takomillashtiriladi.

Mavzuga oid