Jahon | 14:54 / 23.11.2022
3733
3 daqiqa o‘qiladi

AEXA rahbari Rossiya delegatsiyasi bilan ZAES atrofidagi vaziyatni muhokama qildi

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) rahbari Rafael Grossi Istanbulda «Rosatom» rahbari Aleksey Lixachev boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashdi. 

Foto: Reuters

Tomonlar Zaporijjya AES xavfsizligi va uning atrofida xavfsizlik zonasini tashkil etish bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildilar, deb xabar berdi AEXA. 

Bayonotda bir necha oydan beri o‘qqa tutilayotgan ZAES atrofida zudlik bilan yadroviy xavfsizlik zonasini yaratish zarurligi qayd etilgan. 

Tomonlar Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi muammosi bo‘yicha hamkorlik va muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar berdi «Rosatom».

Bundan oldin Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik rahbari Rafael Grossi Rossiya nazorati ostidagi Zaporijjya atom elektr stansiyasida «yadro reaktorlari yaqinida xavfli darajada ro‘y bergan» portlashlarni o‘ta xavfli deb atagandi.

Grossining so‘zlariga ko‘ra, «gap kilometrlar haqida emas, balki metrlar haqida ketayotgani» nihoyatda xavotirli.

«Ushbu yirik AES hududida portlashlar sodir bo‘ldi, buni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi. Buning ortida kim turganidan qat’i nazar, zudlik bilan to‘xtatish kerak. Ko‘p marta aytganimdek, ular olov bilan o‘ynashmoqda», - dedi Grossi. 

AEXA hisobotida aytilishicha, dushanba kuni agentlik xodimlari atom elektr stansiyasining xavfsizligini tekshiradi. Biroq, «Rosenergoatom» inspektorlarga cheklovlar qo‘ygan.

«Agar ular yadroviy xavfsizlikka hech qanday aloqasi bo‘lmagan obektni tekshirishni istasalar, ularga rad javobi beriladi», dedi «Rosenergoatom» rahbari maslahatchisi Renat Karchaa TASS’ga.

Bundan oldin Zaporijjya atom elektr stansiyasi (ZAES) hududida 19 noyabr kuni kechqurun va 20 noyabr kuni ertalab portlashlar eshitilgandi, natijada ZAES hududida ba’zi binolar, tizimlar va uskunalar shikastlangan. Bu haqda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik ma’lum qildi.

Kuzatuvchilari stansiyada bo‘lgan AEXAga ko‘ra, yetkazilgan zarar yadro xavfsizligi uchun jiddiy emas. Agentlikning Zaporijjya AESdagi mutaxassislari shtabga xabar berishicha, 20 noyabr kuni ertalab qisqa vaqt ichida o‘ndan ortiq portlash ovozlari eshitilgan, ularning ba’zilarini derazalardan ko‘rishgan. Aftidan, stansiyani o‘qqa tutish qayta boshlangan, dedi AEXA.

Mavzuga oid