O‘zbekiston | 17:51 / 23.11.2022
14121
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh prokuratura jonlantirish bo‘limida vafot etgan andijonlik bemor ishi nazoratga olinganini ma’lum qildi

Qayd etilishicha, o‘lim sababini aniqlash uchun ekspertiza tayinlangan, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. 

Foto: KUN.UZ

Bosh prokurorning matbuot kotibi 10 noyabr kuni Qo‘rg‘ontepa tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan Shuhratbek Abduqahhorov ishi bo‘yicha ma’lumot berdi.

“Hozirda holat yuzasidan Jalaquduq tumani IIB Tergov guruhi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Marhumning o‘limi kelib chiqish sababini to‘liq hajmda o‘rganib chiqish uchun sudga oid komissiyaviy ekspertizasi tayinlangan.

Bundan tashqari, mehnat va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilgan yoki etilmaganligi holati yuzasidan Mehnat xavfsizligi ekspertizasi tayinlangan. Tekshirish jarayoni Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Avvalroq 36 yoshli Shuhratbek Abduqahhorov kombaynga oyoqlari kirib ketishi oqibatida olgan jarohati tufayli 9 noyabr kuni jonlantirish bo‘limiga olib kelingani, dastlabki yordam ko‘rsatilgach, u jonlantirish bo‘limida qoldirilgani, 10 noyabr kuni oyog‘ining chiqqan joyini solish maqsadida berilgan narkozdan keyin bemor vafot etgani haqida xabar berilgandi.

Muolaja vaqtida chiroq o‘chib qolgan va sun’iy nafas berish apparatiga ulangan bemorga qo‘l orqali boshqariladigan moslama yordamida kislorod berib turilgan. Marhumning yaqinlari Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida o‘limga chiroq o‘chishi sabab bo‘lganini aytishgan.

 

Mavzuga oid