Yakkasaroyda 6 tup daraxt nobud qilindi, yana 4 tupiga shikast yetkazilgan
Do‘stlik bog‘i (sobiq Bobur) yaqinida turar joy qurilishiga ruxsat olgan Vinera Tower MChJ hech qanday ruxsatsiz daraxtlarni boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazgan
Toshkent shahri Shota Rustaveli ko‘chasi Do‘stlik bog‘i yaqinida olib borilayotgan qurilishda 2 tup qimmatbaho, 4 tup kam qimmat bo‘lgan – jami 6 tup daraxt o‘zboshimchalik bilan boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazilishi oqibatida nobud qilingan. Yana 4 tup daraxt ildiziga shikast yetkazilgan. Bu haqda Davlat ekologiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Shu yil 27 sentabr kuni Yakkasaroy tumani ekologiya bo‘limi xodimlari hududda xatlov o‘tkazib, 22 tup ko‘p yillik daraxt borligini aniqlashgan. Qayd etilishicha, bu daraxtlarni kesmaslik bo‘yicha qurilish tashkiloti – Vinera Tower MChJga majburiy ko‘rsatma berilgan.
Shunga qaramay shu yil 21 noyabr kuni quruvchilar tomonidan hech qanday ruxsatsiz, qonunga zid ravishda daraxtlar boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazilgan, oqibatda 6 tup daraxt nobud bo‘lgan. Shuningdek, qurilish uchun kotlovan qazilishi natijasida 4 tup daraxt ildiziga shikast yetkazilgani ham aniqlangan. Bu bilan tabiatga 218 mln 370 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. Hozirda qurilish joyida 16 tup manzarali daraxt borligi aytilmoqda.
Mazkur holatda O‘zbekiston Respublikasining «O‘simlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida»gi qonunining 32, 37-moddalari (O‘simlik dunyosi obektlaridan foydalanuvchilarning huquqlari va majburiyatlari hamda daraxtlar va butalarni kesish) talabi buzilib, o‘simlik dunyosiga ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.
«Amaldagi qonunchilik talablariga ko‘ra, qurilish loyihalarini amalga oshirishdan oldin ekologik me’yoriy loyiha hujjatlari ishlab chiqilishi hamda majburiy tartibda Davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishi belgilangan. Aniqlanishicha, mazkur qurilish obekti bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda Davlat ekologik ekspertiza xulosasi olinmagan.
O‘rganish natijasi bo‘yicha to‘plangan materiallar tegishli tartibda rasmiylashtirilib, tuman prokuraturasiga taqdim etildi», – deyiladi Davlat ekologiya qo‘mitasi taqdim etgan rasmiy xabarda.
Ma’lumot uchun, bundan oldin ham Vinera Tower MChJ tomonidan shu hududdagi 6 tup daraxt noqonuniy ravishda kesilgani va o‘simlik dunyosiga 430 mln 515 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlangan. Holat Toshkent shahar ekologiya boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtirilib, tuman prokuraturasiga taqdim qilingan va yetkazilgan zararni undirish uchun shu yil 16 sentabrda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining ajrimi chiqarilgan.
Mavzuga oid
16:33
Atmosfera havosini ifloslantiruvchi manbalarni xatlovdan o‘tkazish tartibi belgilandi
16:12 / 20.12.2024
Chiqindilarni boshqarish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi qabul qilindi
16:39 / 18.12.2024
«Yashash va sevgi san’atini o‘rgansa bo‘ladi» - yozuvchi Abdulla Qahhor va Kibriyo Qahhorova uyidan fotoreportaj
12:30 / 15.10.2024