Jamiyat | 16:39 / 25.11.2022
12707
18 daqiqa o‘qiladi

To‘rt yillik mehnatlar natijasi va unga bo‘lgan qiziqish – Parijning Luvrida O‘zbekiston ko‘rgazmalari

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron taklifiga binoan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bu mamlakatga rasmiy tashrifi davomida davlatlar rahbarlari tomonidan ikkita yirik ko‘rgazma ochildi. Luvr muzeyida ochilgan “O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasi va Arab dunyosi institutida tashkil etilgan “Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘jizalari” namoyishi shular jumlasidan.

Luvrdagi namoyish miloddan avvalgi V—VI asrdan Temuriylargacha bo‘lgan davrlarni qamrab oladi, Arab dunyosi institutidagi ko‘rgazmada esa, XIX –XX asr o‘rtalariga oid eksponatlar, shuningdek, O‘zbekiston davlat muzey to‘plamlaridagi Turkiston avangardi yo‘nalishiga oid mo‘yqalam asarlari o‘rin olgan.

Hammasi nimadan boshlandi?

2018 yilning oktabr oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev birinchi marta rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo‘ldi. Madaniy dastur doirasida Luvr muzeyiga ekskursiya tashkil qilindi. Bu vaqtda ushbu muzeyda O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosiga bag‘ishlangan ulkan ko‘rgazmani tashkil qilish g‘oyasi shakllana boshlayotgan edi va davlatimiz rahbari bu g‘oyani ma’qulladi.

Bundan oldin ko‘plab juda muhim voqealar yuz berganini ham ta’kidlash joiz.

2009 yilda arxeolog va ilmiy tadqiqotchi Rokko Rante O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Samarqand Arxeologiya instituti jamoasi bilan hamkorlikda Buxoroda o‘tkazilayotgan arxeologik qidiruv ishlariga rahbarlik qilgan edi. Mamlakatimiz tomonidan unga Jamol Mirzaahmedov, so‘ngra Abdisabur Raimqulovlar boshchilik qilgan. 2011 yilda Rante o‘sha paytlarda Luvr muzeyi prezidenti bo‘lgan Anri Luarettani yurtimizga taklif etadi. Tarixiy materiallar ko‘zdan kechirilgach, ko‘rgazmani tashkillashtirishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi va bu qaror 2017 yilda qat’iy tasdiqlanadi.

Biroz vaqdan so‘ng, O‘zbekistonning Samarqand viloyatida yana fransuz mutaxassislari bilan birga olib borilgan boshqa qazilma ishlari davomida zardo‘shtiylik davriga oid noyob o‘yma naqshli panno (devoriy rasm) topiladi. Topilma dunyo ahamiyatiga molik yodgorlik edi.

Taxminlarga ko‘ra, qazilma ishlari olib borilgan joyda islom davri (VIII asr)gacha hukmdorlarning saroyi bo‘lgan. Qal’a ichidagi inshootda hashamatli xona bo‘lgani aniqlangan, uning aksariyat qismini uch pog‘onali shohsupa egallagan. Olimlarning fikricha, u yerda hukmdor taxtda o‘tirgan. Panno esa xona devorlarini bezab turgan.

Bundan tashqari, boshqa noyob topilmalar ham topilgan. Shu tariqa, O‘zbekiston tarixiy va madaniy jihatdan nihoyatda qimmatbaho yodgorliklarni jahonga ko‘rsata olishi aniq bo‘ldi.

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ijrochi direktori Gayane Umerova va Luvr muzeyi o‘rtasida hamkorlik kelishuvi imzolanib, jamg‘arma Kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva boshchiligida tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.

Dastlab Luvrdagi ko‘rgazmani 2020-2021 yillarda o‘tkazish rejalashtirilgan edi, biroq Covid pandemiyasi bu rejalarni amalga oshirishga to‘sqinlik qildi va namoyishni 2022 yilga qoldirishga to‘g‘ri keldi. Bu vaqtda nafaqat O‘zbekistonning XV asrda yakunlangan qadimiy sivilizatsiyasini ko‘rsatish, balki, undan keyingi davrlargacha so‘zlab berish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi, degan fikr keldi. Bu mazkur ishlarning uyg‘un va mukammalligini ta’minlaydi. Shu tariqa, bir paytning o‘zida ikkita ko‘rgazma – Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida namoyish tashkil qilishga qaror qilindi.

To‘rt yillik mehnat mahsuli

Har ikkala ko‘rgazmani tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri rahbarligida maxsus komissiya tuzildi. Ushbu komissiya tarkibidan San’atshunoslik instituti va loyiha maslahatchisi Shokir Pidayev, Islom Tsivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, vazirlar, olimlar, arxeologlar hamda eksponatlar olinadigan muzeylar rahbarlari va kuratorlari o‘rin oldi.

Keng ko‘lamli restavratsiya ishlari boshlab yuborildi. Aynan ko‘rgazma uchun 2018 yildan buyon 70 dan ziyod buyumlar restavratsiya qilindi. Loyihaga Fransiya va O‘zbekistondan qog‘oz, yog‘och, metall, haykaltaroshlik, shisha va devoriy rasm bo‘yicha 40 nafardan ortiq restavratorlardan iborat jamoa jalb qilindi. Marina Reutova, Kamoliddin Mahkamov, Shuhrat Po‘latov, Kristin Parisel, Olive Tavozo, Delfin Lefevr, Jyeraldin Frey, Aksel Delo, Ann Lejye va boshqalar shular jumlasidandir.

Ayniqsa, VIII asrga oid “Katta Langar Qur’oni” sahifalarini tiklash juda murakkab va ayni paytda qiziqarli bo‘ldi. Ushbu Qur’on islom dini va musulmonlar uchun juda katta ahamiyat kasb etib, butun insoniyatning madaniy va tarixiy merosini tashkil etuvchi qadriyatlardan biridir.

Restavratsiya ishlari uch yil davom etdi va o‘sha paytda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari lavozimida ishlayotgan Saida Mirziyoyevaning shaxsiy qo‘llab-quvvatlashi tufayli amalga oshdi. Avvaliga noyob Qur’onning atigi 2 ta sahifasini tiklash rejalashtirilgan edi va aynan Saida Shavkatovnaning ko‘magi bilan barcha 13 sahifaning tiklanishiga erishildi.

A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi, Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi kabi tashkilotlar ushbu nodir hujjatni tiklash ishiga jalb qilindi. Tiklash ishlari Luvr muzeyi restavratorlari Aksel Delyova Aureliya Streti tomonidan amalga oshirildi.

“O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida”

“O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasi hozirgi O‘zbekistonning janubiy qismidan o‘tgan Buyuk ipak yo‘li tarixi haqida hikoya qilgan holda, miloddan avvalgi V—VI asrdan Temuriylar hukmronligigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Unda monumental san’at buyumlari, devoriy rasmlar, saroylarning o‘yma detallari, bezakli amaliy san’at buyumlari v boshqa yodgorliklar namoyishga qo‘yilgan. Ko‘rgazma 169 ta muzey eksponatlari, xususan mamlakatimizning 16 muzeyidan 138 ta noyob ashyo va dunyoning yetakchi muzeylaridagi 31 ta eksponatdan iborat. Luvr muzeyi, Fransiya Milliy kutubxonasi, Buyuk Britaniya muzeyi va Britaniya kutubxonasi, London Viktoriya va Albert Muzeyi, Parij medallar Mahkamasi, Gime Muzeyi hamda Tillar va sivilizatsiyalar Universitet kutubxonasi (BULAC), Lissabon Galuste Gyulbenkyan Fondi shular jumlasidandir.

Ko‘rgazma kuratorlari: Yannik Lins va Rokko Rante.

Saida Mirziyoyeva ta’kidlaganidek, O‘zbekiston azaldan madaniy almashinuv va savdo markazi, Buyuk ipak yo‘li esa, ma’lum ma’noda dunyodagi ilk iqtisodiy loyiha bo‘lgan. Luvr muzeyidagi qariyb ikki ming yillik davrni qamrab olgan ko‘rgazma tashrif buyuruvchilarida bugungi O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lgan turli sivilizatsiyalar haqida serqirra tasavvurni shakllantiradi hamda mamlakatimizning noyob merosini namoyish etadi, bu esa bizning asosiy vazifalarimizdan biridir.

O‘z navbatida, Rokko Rante ushbu ko‘rgazmaning ikkita asosiy maqsadi borligini ma’lum qildi. Birinchidan, bu Yevropada Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi va madaniyatini ko‘rsatishdan iborat. Bu o‘rinda Parij eng yaxshi joy sanaladi, chunki bu yerda dunyoning yetakchi muzeylaridan biri – Luvr joylashgan.

Ikkinchi maqsad Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi yaqin tarixiy aloqalarni namoyish etishdan iborat. Axir, o‘tmishda bu ikki mintaqa o‘rtasida ko‘plab umumiy tarixiy lahzalar ro‘y bergan.

Bundan tashqari, ko‘rgazma Yevropa va Fransiya jamiyati Markaziy Osiyo bilan yanada yaqindan tanishishi uchun ma’rifiy ahamiyat kasb etadi. Zero, mintaqa madaniyati insoniyat sivilizatsiyasida muhim o‘rin egallaydi va muhim tarixiy shaxslarga boydir.

Shuningdek, Rante Luvrdagi “O‘zbekiston vohalarining mo‘jizalari. Karvon yo‘llari chorrahasida” ko‘rgazmasi yaqin 30-40 yillardagi betakror tadbir bo‘lib qolishini ham qayd etdi.

“Katta Langar Qur’oni”dan tashqari, qadimgi Kofirqal’a shaharchasidan topilgan kuygan yog‘och panno, Budda haykali (mil. Avv I asr – milodiy I.), Dalvarzintepa ko‘hna shahridan topilgan Kushon shahzodasining boshi (I-II asrlar), Buxoroning qadimgi Varaxsha manzilgohidan topilgan va ov sahnasi tasvirlangan VII asrga oid mashhur devoriy rasm, Marko Poloning XIV asrda Osiyoga sayohati to‘g‘risidagi kitobi nusxasini ham nodir eksponatlar sirasiga kiritish mumkin.

Ko‘plab arxeologik kashfiyotlar va muhim restavratsiya ishlari so‘nggi 3 yil ichida amalga oshirilgani hisobga olinsa, ekspozitsiyaning bir qismi ommaga ilk marotaba namoyish etilmoqda.

«Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘jizalari” 

Mamlakatimizning 9 ta muzeylaridagi 300 dan ortiq eksponatlarni o‘z ichiga olgan ushbu ekspozitsiya orqali o‘zbek amaliy san’at buyumlari taqdim etildi.

Mehmonlar e’tiboriga milliy to‘qimachilik namunalari, milliy liboslar, bosh kiyimlar, XIX –XX asr o‘rtalariga oid bezaklar, Buxoro amirligining zardo‘z choponlari, gilamlar va boshqa ko‘plab nodir ashyolar havola etiladi.

Shuningdek, ushbu ko‘rgazmada 23 ta rangtasvir asarlari ham namoyishga qo‘yilgan bo‘lib, ular orasida I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyi to‘plamidan olingan Turkiston avangardi asarlari ham o‘rin olgan.1917 yildan 1932 yilgacha Turkiston rus avangard rassomlari orasida ayniqsa mashhur geografik joy bo‘lgan. Matiss Marokkoni kashf etgan paytda rassom avangardchilar “mahalliy koloritni” topish yo‘lida o‘zlari uchun Markaziy Osiyoning boy manzarasi, shakllari va qiyofalaridan noyob ilhom manbaini topdilar.

Ko‘rgazmaning eng qiziqarli eksponatlaridan biri XVII-XVIII asrdagi qoraqalpoq ayollarining an’anaviy bosh kiyimi — tobelik hisoblanadi. Tobelik silindrsimon shaklga ega bo‘lib, marjon va feruza ko‘zlar bilan bezatilgan kumush plastinalardan yasalgan. U qo‘shimchabezak, to‘y bosh kiyimi-saukeleustidankiyiladigantojhisoblangan.

Yana kimesheklar ham namoyish etiladi. Bu ham ayollarning milliy bosh kiyimi. Kimeshek boshni to‘liq yopadi, ammo yuz qismi ochiq qoladi. U biroz kapyushon (qaytarmaqalpoq)ni eslatadi. Turmushga chiqqan ayollar o‘z maqomlarini bildirish uchun muayyan rangdagi kimeshek kiyganlar.

Shuningdek, arebaklar – uncha katta bo‘lmagan buloqilar (burunga taqiladigan bezak), shak-shubhasiz tomoshabinlar e’tiborini jalb qiladi. Ular oltindan yasalgan va spiralsimon gajaklar, mayda feruzatoshlar va marjon donalari bilan bezatilgan. Arbeklarni yosh qoraqalpoq ayollari burunning o‘ng qanotiga taqib yurishgan va O‘zbekistonning hech bir joyida bunday bezak boshqa uchramaydi.

Tanlab olingan asarlar orasida O‘rol Tansiqboyev, Viktor Ufimsev, Nadejda Kashina mo‘yqalamiga mansub kartinalar bor. Yana Aleksandr Volkov, Aleksey Isupov va boshqa rassomlarning asarlari ham o‘rin olgan. Ulardan har birining o‘ziga xos betakror uslubi borligiga qaramay, barcha asarlar birgina mavzu – Sharq va uning ranglar uyg‘unligidan ilhom olgan va shu bilan bir-biriga chambarchas bog‘langanligidan hikoya qiladi. Masalan, Nikolay Karaxanning “Hovuz yonidagi qayrag‘ochlar tagidagi choyxona” kartinasini ko‘rgan tomoshabin darhol o‘sha davr muhiti, odamlari, ularning kiyinish uslubi, turmush tarzi va atrofdagi tabiat haqida to‘liq tasavvurga ega bo‘ladi.

Viktor Ufimsevning “Sharq ohanglari” kartinasi ham g‘oyat qiziqarli. Sibirda tug‘ilib o‘sgan rassom O‘rta Osiyo bilan tanishish barobarida asta-sekin Islom san’ati sirlarini egallab boradi. Mazkur asar an’anaviy ziyofat sahnalari muhrlangan musulmon miniatyurasining erkin modern uslubida tasvirlangan ko‘rinishidir. Unda ikkita hordiq chiqarayotgan ayol tasvirlangan bo‘lib, ularga tomon qo‘lida ko‘za tutgan erkak kelmoqda. G‘arblik tomoshabin bu tasvirni ko‘rgach, Sharqda ayolga nisbatan e’tibor va hurmat qanchalar yuqori bo‘lganiga ishonch hosil qiladi.

Umuman olganda, Savitskiy muzeyi tomonidan taqdim etilgan butun to‘plam Sharq, xususan, O‘zbekiston madaniyatining butun go‘zalligi, o‘ziga xos tarovati va jozibasini namoyish etishga qaratilgan. Va bukolleksiyaning mashhur Yevropa davlati poytaxtida joylashgan Arab dunyosi institutida namoyish etilishida ham o‘zgacha bir ma’no mujassam. Bu G‘arb va Sharq ajoyib tarzda birgalikda hayot kechirishi va bir-birini boyitishi mumkinligining yana bir isbotidir.

Ekspozitsiyani yaratishda ko‘rgazma kuratorlaridan biri, Fransiyaning Assouline Publishing noshirlik uyi rahbari Yaffa Assulin va fotosuratchi Laziz Xamanilar katta yordam ko‘rsatdi. Uch yil davomida ular O‘zbekiston nashriyotlari uchun material topish va to‘plash maqsadida mintaqamiz bo‘ylab sayohat qildi. «Samarqandga yo‘l. Ipak va oltin mo‘jizalari” ko‘rgazmasi tom ma’noda ushbu kitoblarning jonli tasviriga aylandi.

Namoyishga qo‘yilgan eksponatlarning aksariyati hech qachon O‘zbekistondan tashqariga olib chiqilmagan nodir buyumlardir. Hatto milliy o‘zligimizga xos buyumlar, masalan, chopon, so‘zana va yurtimiz muzeylarida taqdim etilgan boshqa eksponatlar bilan yaxshi tanish bo‘lganlar ham bu buyumlarni yangicha ko‘rinish va rakursda - 3D hajmda ko‘radilar va bu mislsiz tajribadir.

Yana bir muhim jihat. Ko‘rgazmada O‘zbekistonning barcha hududlari bir vaqtning o‘zida o‘ziga xos tafovutlari, maktablari, buyum tayyorlash usullari bilan namoyish etiladi.

Gayane Umerovaning qayd etishicha, Arab dunyosi instituti bilan hamkorlik O‘zbekiston madaniyatini yanada chuqurroq o‘rganish, boy milliy merosimiz va uning ahamiyatini ochib berish imkonini beradi. Namoyishning muhim vazifalaridan biri O‘zbekiston tarixi va madaniy merosini global miqyosda tanishtirish bo‘lgani bois, Madaniyat jamg‘armasi tomonidan ushbu ko‘rgazmaga katta ahamiyat qaratiladi. Ko‘rgazma mintaqa san’ati, hunarmandchiligi va tarixiga qiziqqan keng doira vakillarida qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda. Shuningdek, Arab dunyosi instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu loyiha xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlik va hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Ko‘rgazmaning ochilishida germaniyalik xoreograf Raymond Rebek tomonidan sahnalashtirilgan “Lazgi – qalb va sevgi raqsi” baleti namoyish etildi. Xorazmning lazgi raqsi 3 ming yildan ortiq tarixga ega bo‘lib, u YuNeSKOning nomoddiy merosiga kiritilgan.

Xulosa o‘rnida

Ipak yo‘li qamrab olgan yo‘lda eng turfa madaniyatlar va turmush tarzlarini ifodalovchi ko‘plab sivilizatsiyalar va etnik guruhlarning izlari va xazinalari saqlangan. Bu ko‘plab savdo yo‘llari kesishgan, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi almashinuv, ko‘chmanchi va o‘troq turmush tarzi, eron, ellinistik, turkiy, xitoy, hind, musulmon, mo‘g‘ul va boshqa sivilizatsiyalar madaniyatlari o‘zaro bog‘langan maskandir.

O‘zbekiston tomonidan Parijda tashkil etilgan namoyishlar butun dunyodagi millionlab fuqarolarga ushbu buyuk tarixni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish imkonini taqdim etadi.

Ekspertlarning fikricha, madaniyat sohasidagi hamkorlik mamlakat va insonlarni dunyoga tez tanitgani bois, ushbu namoyishlar juda samarali bo‘ladi. Fransiyaga yiliga 60 million, Luvrga esa 10 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyuradi. O‘zbekistonning bunday keng ko‘lamli ko‘rgazmada namoyish etilishi, mamlakatimiz tarixi bilan yanada yaqinroq tanishtiribgina qolmay, yurtimiz, uning madaniyati va tarixiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi. Bu turizmni rivojlantirish uchun o‘ziga xos reklama bo‘lib ham xizmat qiladi. Insonlar ko‘rgazmalar, o‘zaro muloqot orqali bir-birlarini qancha yaxshi tanisa, o‘zaro ishonch ham shuncha ortadi. Ishonch esa hamkorlikning boshqa sohalari uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochadi.

Abror Zoxidov, Parij

Mavzuga oid