Sport | 15:05 / 28.11.2022
31591
23 daqiqa o‘qiladi

Germaniya qiyin ahvolda, yaponlarda harakiri. Kun o‘yinlari

Qatardagi jahon chempionatining sakkizinchi kunidagi asosiy voqealar, gollar va guruhlarda yuzaga kelgan vaziyat.

Foto: Reuters

Ikki grand Qatarda sifatli o‘yin ko‘rsatishdi, lekin g‘olib aniqlanmadi.

JCh-2022. 2-tur. Ye guruhi
Ispaniya — Germaniya 1:1

Gollar: Morata (62) — Fullkrug (83).
Ispaniya – Simon, Karvaxal, Laport, Rodri, Alba (Balde, 82), Buskets, Pedri, Gavi (Uilyams, 66), Olmo, Asensio (Koke, 66), Ferran Torres (Morata, 54). 
Germaniya – Noyyer, Kerer (Klostermann, 70), Ryudiger, Zyule, Raum (Shlotterbek, 87), Gundo‘g‘an (Sane, 70), Goretska, Kimmix, Myuller (Fyullkrug, 70), Gnabri (Hofmann, 85), Musiala.
Ogohlantirishlar: Kerer (37), Buskets (44), Goretska (58), Kimmix (60).

Guruh bosqichining asosiy bahsi

2010 va 2014 yilgi jahon chempionlari jangi bu chempionat guruh bosqichidagi eng asosiy o‘yin bo‘lishi tayin edi. Turnirda boshqa bunday afishani topib bo‘lmaydi: Ispaniyaning Germaniya bilan o‘yini — ham klassika, ham zamonaviylik.

Qur’a tashlanganidan keyin ko‘pchilik bu jamoalar pley-offga osonlik bilan yo‘l olishini taxmin qilgandi, chunki Yaponiya va Kosta-Rika bu titanlar fonida mitti jamoalar bo‘lib ko‘rinadi. Ammo osiyoliklar nemislarni mag‘lub etib, dastlabki turda katta shov-shuv ko‘tarishdi, Ispaniya esa kostarikaliklarni 7:0 hisobida mag‘lub etib, turnirning eng yirik hisobini qayd etdi. Bu natijalar esa Ispaniya va Germaniya qarama-qarshiligida intrigani yanada kuchaytirdi.

Hansi Flik jamoasi bu o‘yinda ochko olishi shart edi. Yaponlarga qarshi o‘yinning ikkinchi bo‘limidagi sustkashlik reaksiya ko‘rsatishni talab etardi. Va bundestim murabbiylar shtabi vaziyatga to‘g‘ri yondashdi: boshlang‘ich tarkibda atigi ikki o‘zgarish amalga oshirildi, ammo bunga qo‘shimcha ravishda uch futbolchi pozitsiyasini o‘zgartirdi. Zyule o‘zi ko‘nikkan himoya markaziga qaytdi, Gundo‘g‘an «o‘nlik» pozitsiyasiga ko‘tarildi, Myuller eng kuchli davrlaridagi kabi yagona markaziy forvardga aylandi.

Pressing hukmronligi

Birinchi bo‘lim Flik nima uchun bunday transformatsiyaga qo‘l urganini ko‘rsatdi. Yaponiyaga qarshi o‘yinda nemislar deyarli pressing uyushtirmagandi — sababi to‘p asosan ularda bo‘lgandi. Avvalgi turda mingdan ortiq uzatma amalga oshirgan Ispaniyaga qarshi o‘yinda esa mashhur nemischa pressingni namoyish etish talab etilardi. Va Myuller Haversdan ko‘ra yaxshiroq bosim uyushtirdi, raqibning zaif nuqtalarini qidirdi, jamoaning hujum chizig‘idagi boshqa vakillari uning ortidan ergashdi. Germaniya birinchi bo‘limda raqibning har bir futbolchisini yopa oldi va bir necha bor ularni xato qilishga majbur etdi — bu o‘rinda Unai Simonning dahshatli pasini eslash mumkin, bu vaziyatda Gnabri hisobni ochishiga bir baxya qoldi.

Ammo Germaniya bilan barchasi tushunarli. Flik boshqaruvidagi «Bavariya» intizomli pressing evaziga ham Yevropani zabt etgandi va milliy jamoa bu modelni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan. Ispaniyaning to‘psiz holatdagi tajovuzkor o‘yini esa — ko‘p jihatdan syurpriz bo‘ldi. Kosta-Rika bilan o‘yinda yuqori bosim o‘tkazish kerak bo‘lgan raqibning o‘zi yo‘q edi, ammo bu o‘yinda Luis Enrike nemislarni kuchli pressing bilan hayron qoldirdi. Uning sxemasi biroz boshqacharoq, ammo mohiyat o‘zgarmaydi, natijada — Germaniya termasi himoyachilari tez-tez noaniq uzatmalar bera boshladi, bir safar esa Noyyer to‘pni Olmoning oyog‘iga aniq tashlab berdi.

Morataning chiqishi

Vaziyatlar yetarlicha bo‘ldi. Olmo 7-daqiqada chiroyli zarba bergandi, ammo nemislar sardori to‘pni to‘sin ostidan olib chiqdi. Albaning o‘ng oyoqda yo‘llagan zarbasi ham yomon chiqmadi, ikkinchi darvoza atrofida esa Gnabri faol bo‘ldi. Ryudiger esa to‘pni darvozaga joylashga va golni nishonlashga ham ulgurdi, ammo bu gol ofsayd tufayli bekor qilindi.

Tanaffusga qadar tabloda bu safargi jahon chempionati uchun odatiy bo‘lgan nollar yonib turdi, ammo bu o‘yin baribir boshqa ko‘p o‘yinlardan bir muhim jihati — sifatli ekani bilan ajralib turdi. O‘yin sur’ati yuqori edi, shu tufayli gollar ham kelishi muqarrar edi.

Bu gollar urilishi uchun murabbiylar o‘yinchilarni almashtirishi kifoya bo‘ldi. Luis Enrike birinchi bo‘lib yurish qildi: Morata Kosta-Rika bilan o‘yindagi kabi ikkinchi bo‘lim boshlarida maydonda paydo bo‘ldi va bu safar ham gol urdi. «Atletiko» forvardi uchun klassik gol: jarima maydonida ochilish, himoyachini ortda qoldirish va to‘pni bo‘sh darvoza sari yo‘naltirish. Bu golda Busketsning xizmatini ham e’tirof etish kerak — aynan u chap tomonga kesib o‘tuvchi pasi bilan gol o‘ylab topdi.

Mantiqiy durang

Flik o‘yinchi almashtirishni 70-daqiqalarga qadar kechiktirdi, ammo futbolchi tushirishda aniq harakat qildi. Sane ham, Klostermann ham qanotlarda o‘yinni jonlantirdi, Fyullkrug esa hisobni tenglashtiruvchi golni urdi. «Verder» hujumchisi — bundestim safidagi eng nouneym futbolchi, lekin u jamoadagi ikki klassik markaziy forvarddan biri (ikkinchisi 18 yoshli Mukoko). Aynan Fyullkrug Musialaning pasidan keyin hisobni 1:1 ko‘rinishiga keltirdi — bu juda «eskicha» uslubdagi gol bo‘lishi mumkin, ammo Germaniya uchun juda muhim gol bo‘ldi.

Ispaniya finishda yanada qiynaldi. Qo‘shimcha daqiqalar davom etayotganda Sane chap qanotda tezlik olib, jarima maydoniga yorib kirdi va gol urishi mumkin edi. Ammo u darvozabonni ham aldab o‘tishga qaror qildi va to‘pni uzoqlashtirib yubordi, hisob o‘zgarmay qoldi, 1:1 — lekin bu maydondagi voqealarga mos hisob.

Germaniya guruhda oxirgi o‘rinda qolmoqda, lekin jamoa Kosta-Rika bilan bahsda ikki gol farqi bilan g‘alaba qozonib, pley-offga chiqishi mumkin, buning uchun Ispaniya Yaponiyaga mag‘lub bo‘lmasligi talab etiladi. Luis Enrike shogirdlari esa to‘rt ochko va +7 ko‘rinishidagi to‘plar nisbati bilan ancha xotirjam tortishi mumkin.

Kosta-Rika Ispaniya bilan o‘yindagi 0:7 hisobidan sinib qolmadi. Yaponiyani mag‘lub etdi va pley-off uchun imkoniyat saqlab qolindi

JCh-2022. 2-tur. Ye guruhi
Yaponiya — Kosta-Rika 0:1

Gol: Fuller (81).
Yaponiya – Gonda, Yamane (Mitoma, 62), Yoshida, Itakura, Nagatomo (Ito, 46), Endo, Kamada, Morita, Doan (Ito, 67), Soma (Minamino, 82), Ueda (Asano, 46). 
Kosta-Rika – Navas, Fuller, Duarte, Uoston, Kalvo, Ovedo, Borxes (Salas, 89), Texeda, Torres (Agilera, 65), Kempbell (Chakon, 90+5), Kontreras (Bennette, 65).
Ogohlantirishlar: Kontreras (41), Yamane (44), Borxes (61), Kalvo (70), Itakura (84), Endo (90+3).

Jahon chempionatida ishtirok etayotgan jamoalarning ko‘pchiligida qandaydir tamg‘a bo‘ladi. Masalan, jahon chempionlari tavqi la’nati bor: JCh-2010 turniridan buyon uch mundialda amaldagi chempionlar guruhdan chiqa olmagan.  Yoki Meksika termasini olaylik, ular qatorasiga yetti mundialda pley-offga chiqishgan, ammo 1/8 finaldan uyog‘iga o‘ta olishmagan.

Yaponiyaning ham o‘z tarixi bor. Ular qatorasiga yettinchi jahon chempionatiga tashrif buyurishdi, shu turnirgacha ularda bir an’ana bor: ular bir turnirda pley-offga chiqsa, keyingisida guruhda qolib ketishadi. Bu davomiylikka ko‘ra, JCh-2022 turniri yaponlar uchun guruh bosqichida yakunlanishi kerak. Qur’ada Ispaniya va Germaniya raqib bo‘lganidan keyin, voqealarning bunday ehtimoliy rivoji maksimal darajada reallashdi.

Ammo JCh-2022 har qanday statistik qonuniylikni chippakka chiqarmoqda. Fransiya amaldagi jahon chempionlari tavqi la’natini yengib o‘tdi va ikki o‘yindan keyinoq pley-off masalasini hal qildi. Meksikaning esa guruhda qolib ketish ehtimoli yuqori — muntazam 1/8 finalga chiqish an’anasi shu safar to‘xtashi mumkin. Yaponiya esa birinchi turda Germaniyani mag‘lub etib, o‘z an’anasi davom etishi uchun katta qadam tashlagandi.

Ammo o‘ziga ishongan favorit maqomida maydonga chiqish (tarkibning yarmi bundesligada o‘ynaydi) boshqa, anderdog maqomida o‘ynash — boshqa gap. Agar birinchi turda nemislarda qotillik instinkti uyg‘onganida, ular ikkinchi golni ham urgan va o‘yin 2:0 hisobida yakunlangan bo‘lardi — barcha qanday bo‘lishi kerak bo‘lsa, shunday bo‘lganini aytardi. Ammo pley-offga chiqish uchun real imkoniyat tug‘ilganida va buning uchun birinchi turda 0:7 hisobida mag‘lubiyatga uchragan jamoani yengish talab etilganida — butunlay boshqacha psixologik holat bo‘ladi.

Yaponiya dominant futbol o‘ynay olmaydi va quyi blokdagi himoyani yorib o‘ta olmaydi deyish qiyin. Osiyo miqyosida ular top-jamoa, qit’a doirasidagi o‘yinlarda ular doimiy ravishda shunday vazifalarni bajarishiga to‘g‘ri keladi. Ammo yaponlar Kosta-Rikaning zich himoyasini 5-4-1 sxemasi orqali yorib o‘tishga urinishi muvaffaqiyatsiz tanlov edi. Natijada birinchi bo‘limda ikki jamoa ham darvoza sohasiga birorta aniq zarba yo‘llamadi, xG bo‘yicha 0,01 ga qarshi 0 — bu vaziyatni yaqqol ifodalovchi statistika.

Kostarikaliklarni nimadadir ayblash qiyin. «Tikos» mundialga qayta qurish jarayoni ketayotgan holatda yetib keldi. Bir tomonda 2014 yilgi jahon chempionatida muxlislar mehrini qozongan Keylor Navas, Brayan Ruis, Joel Kempbell avlodi, ular 30 yoshdan oshgan. Boshqa tomonda — «Sanderlend»da o‘ynayotgan 18 yoshli Juison Bennett kabi yoshlar, ushbu futbolchi Ispaniyaga qarshi boshlang‘ich tarkibda o‘ynagan va hali xomligi bilinib qolgandi. Bosh murabbiy Luis Suaresning terma jamoadagi 15 oylik faoliyati davomida 22 futbolchi debyut qilgani bejiz emas, umuman, bu muddatda jamoa yig‘inlariga 77 (!) futbolchi jalb etilgan.

Ammo «Tikos»ning hozirgi varianti ham sabr qilish va kutishni biladi. Kosta-Rika Yaponiya o‘zi taqdim etgan sovg‘adan foydalandi: to‘pni uzoqlashtirishdagi muvaffaqiyatsiz harakat, to‘pni egallab, bo‘ysundirish va zarba berishdagi mahorat, darvozabon Suichi Gondaning xatosi, Germaniya bilan o‘yinda xaloskorga aylangan bu darvozabon bu safar shunchaki «joyida qotib qoldi». Lotin Amerika vakillari butun o‘yin davomida himoyada matonat bilan turishdi, keyin kerakli vaqtda birgina zarba bilan o‘yinni hal qilishdi.

Bu g‘alabada jamoa safidagi yuqori saviyali darvozabon Navas borligi ham muhim bo‘ldi. U bu o‘yinda ko‘p bo‘lmasa ham, kerak vaqtda qutqardi, Takumi Minaminoning yaqin masofadan bergan zarbasini to‘sdi.

Birinchi bo‘limda 0:7 hisobida mag‘lub bo‘lgan Kosta-Rika o‘sha o‘yinda darvoza sari birorta ham zarba bermagan va xG bo‘yicha nol ko‘rsatkichini qayd etgandi, Yaponiya bilan o‘yinda esa bir zarba berildi va xG bo‘yicha ko‘rsatkich 0,11 ko‘rinishiga o‘sdi. Shunga qaramay, g‘alabaga erishildi va pley-offga chiqish uchun imkon saqlab qolindi.

Marokashliklar madhiya ijrosidan keyin darvozabonni almashtirdi. Ikkinchi darvozabon ajoyib o‘yin ko‘rsatdi, Belgiyani Kurtuaning xatosi ko‘mdi. Belgiyaliklar pley-offdan quruq qolishi mumkin

JCh-2022. 2-tur. F guruhi
Belgiya — Marokash 0:2

Gollar: Sobiri (73), Abuhilol (90+2).
Belgiya – Kurtua, Mene (Lukaku, 81), Vertongen, Alderveyreld, Kastan, Vitsel, de Bryuyne, T.Azar (Trossar, 74), Onana (Tilemans, 60), E.Azar (Mertens, 61), Batshuayi (de Ketelare, 75). 
Marokash – Muhammadi, Hakimi (Attiyyatalla, 68), Saiss, Agerd, Mazraui, Amrabat, Amalla (Sabiri, 68), Unai (Al Yamik, 78), Ziyosh, Bufal (Abuhilol, 73), An-Nosiri (Amdalla, 73).
Ogohlantirishlar: Onana (29), Sabiri (90+5).

Belgiya startdayoq hafsalani pir qilgandi. Kanadaga qarshi o‘yinda eng yaxshi futbolchi sifatida tan olingan De Bryuyne ham hayron bo‘lgan: uni nega mukofotlashdi? U o‘yindan keyin jamoasini tanqid qildi: «Yaxshi o‘yin o‘tkazdik deb o‘ylamayman, ammo g‘alaba qozonishni uddaladik».

Kanadaga qarshi o‘yin davomida Roberto Martines ayrim yurishlarni amalga oshirdi — ham kadrlar bo‘yicha, ham taktikada o‘zgartirish qilindi — bu o‘zgarishlar marokashliklarga qarshi o‘yinga ham ko‘chdi. Gap Tilemansning Onanaga almashtirilishi va to‘rt himoyachidan iborat sxemaga o‘tilishi haqida bormoqda. Torgan Azar ilk daqiqalardanoq harakat qilishi ham yaqqol ko‘zga tashlanadi, aka-uka Azarlar qisqa ilk daqiqalarda Batshuayi uchun golli vaziyat yaratib berishdi.

«Atlas sherlari» darvozaboni tezkor golga yo‘l qo‘ymadi, lekin bu chigalyozdi mashqlari o‘tkazishga ulgurgan va davlat madhiyasi ijro etilganida safda bo‘lgan Bunu emas, Munir bo‘ldi. Asosiy darvozabon o‘zini yomon his qildi va almashtirish so‘radi. Shu tufayli o‘yin boshlanishidan oldingi umumiy fotoda «Sevilya» posboni o‘rnini uning o‘rinbosari egalladi.

Birinchi bo‘lim tanaffusigacha asosiy mavzu darvozabonlar mavzusi bo‘ldi. Marokashliklarda bu start arafasidagi rokirovka edi. Belgiyada esa darvoza to‘ri ishg‘ol etilishida Kurtuaning aybi bor-yo‘qligi muhokama qilindi. Ammo VAR signali va bosh hakamning monitorga borishi bilan mavzu yopildi, afrikaliklar sardori Saiss Ziyosh jarima zarbasi ijro etgan vaqtda ofsaydda bo‘lgani oydinlashdi. Bu o‘rinda u to‘pga tegmagani ahamiyatsiz. U Kurtuaning yo‘lini to‘sgan deb topildi.

Aytish mumkinki, Belgiya birinchi o‘yindagiga qaraganda yaxshiroq ko‘rindi. Ammo bu raqibning qarshilik darajasi bilan izohlanadi, marokashliklar ochiq futbol namoyish etdi va «qizil iblislar»ga kanadaliklar darajasida qarshilik ko‘rsatmadi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limi ham darvozabonlik masalasida dolzarb bo‘ldi. Munir chinakamiga yaxshi harakat qildi. U Eden Azarning yaqin burchakka yo‘llagan xavfli zarbasini to‘sdi, keyin esa o‘yinga faol qo‘shilgan Mertens gol urishiga yo‘l qo‘ymadi. Kurtua esa birinchi bo‘limdan saboq chiqarmagani ma’lum bo‘ldi. Avvaliga Bufal finti bilan Meneni dog‘da qoldirib, zarba berdi, ammo to‘p uzoq burchakka borib tushmadi, ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Sobiri esa Ziyoshning zarbasini takrorladi. U standart vaziyatni ijro etuvchi 100 kishidan 99 kishi uzatma beradigan holatda to‘pni to‘g‘ri darvozaga tepdi va bu turnirda jarima zarbasidan gol urgan ilk futbolchiga aylandi.

Kurtua ham uzatma berilishini kutgandi va u yaqin burchagidan to‘p olib chiqqach, Martines shoshilinch choralar ko‘rishga kirishdi va Lukakuni zaxira o‘rindig‘idan turg‘izdi. Murabbiy ushbu forvard grafikdagidan ko‘ra tezroq tiklanayotganini aytgandi, lekin baribir uni uchinchi turdan oldin maydonga tashlashni mo‘ljallamayotgandi. Hayot esa rejalarni o‘zgartirishga majbur qildi va bu qutqaruv amaliyoti ish berishi ham mumkin edi, ammo Vertongenning makkorona zarbasi golga aylanmadi. Futbolchilar tomonidan oldi to‘sib qo‘yilgan Munir bu vaziyatda qutqarishi dargumon edi, ammo to‘p darvozaga kirishni istamadi.

Belgiya bundan ortig‘iga erisha olmadi. Kanadaliklarga qarshi o‘yinda ochiqchasiga ularning omadi kelgandi, yakshanba kungi o‘yin esa — mantiqning g‘alabasi bo‘ldi. Belgiyaning «oltin avlodi» keksayib, kuchsizlanganini o‘yin oxirida Ziyosh ijrosidagi solo ham tasdiqladi.

U bir necha oy muqaddam Afrika Kubogiga zayavka qilinmagan va terma jamoadagi faoliyatini yakunlashi haqida e’lon qilgandi. Ammo avgust oyida Vahid Xalixojich iste’foga chiqarilgach, u bilan ziddiyatga borgan yarimhimoyachi hamda «Bavariya» himoyachisi Mazraviyda barchasi o‘zgardi. Yulduzli futbolchilar qaytishdi, endi «Atlas sherlari» jahon chempionati pley-offiga chiqishga intilmoqda. Belgiya uchun esa barchasi Xorvatiya bilan o‘yinda yakun topishi mumkin.

Xorvatiya muxlislar yoqimtoyiga aylangan jamoani yo‘ldan olib tashladi. So‘nggi turda Belgiya bilan pley-off yo‘llanmasi uchun qirpichoq bo‘ladi

JCh-2022. 2-tur. F guruhi
Xorvatiya — Marokash 4:1

Gollar: Kramarich (36, 70), Livayya (44), Mayer (90+4) — Devis (2).
Xorvatiya – Livakovich, Yuranovich, Lovren, Gvardiol, Sosa, Modrich (Pashalich, 86), Kovachich (Mayer, 86), Brozovich, Perishich (Orshich, 86), Kramarich (Vlashich, 73), Livaya (Petkovich, 60). 
Kanada – Boryan, Jonston, Vitoriya, Miller, Lareyya (Hoylett, 62), Hatchinson (Adekugbe, 73), Eushtakiu (Kone, 46), Byukenen, Larin (Osorio, 46), Devid (Kavallini, 72), Devis.
Ogohlantirishlar: Byukenen (52), Lovren (56), Modrich (85), Miller (85).

Jahon chempionati startidan oldin F guruhidagi vaziyat maksimal darajada intrigali ko‘ringandi: Yevropaning ikki yuqori saviyali jamoasi, tarkibidagi futbolchilar yoshi o‘tib borayotgan bo‘lsa-da, favoritlar sifatida qaralgan, ularga yaxshi salohiyatga ega ikki qiziqarli jamoa kuchli raqobat ko‘rsatishi kutilgandi. Marokash buni ta’minladi, bu birinchi navbatda kuchli ijrochilar (Ashraf Hakimi va Hakim Ziyosh) va qator jismonan baquvvat futbolchilar borligi bilan ham bog‘liq. Kanada esa ko‘pchilik uchun notanish va so‘nggi yillardagi o‘sishi bilan tilga tushgan sirli toychoq maqomida edi.

Shunga qaramay, Belgiya va Xorvatiya ustunlikka ega bo‘lishi kerak edi. Tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarli vaqt bo‘lmagan sharoitda, mantiqan ulkan tajriba va o‘zaro o‘ynash amaliyoti o‘z so‘zini aytishi kutilgandi — bu ikki jamoa ham deyarli o‘zgarmas tarkibda ko‘p yillardan buyon o‘ynab keladi.

Birinchi tur esa bunday kuch taqsimotiga shubha paydo qildi — Belgiya va Xorvatiya o‘yini juda og‘ir ko‘rindi, «qizil iblislar» uch ochkoga ega chiqqan bo‘lsa-da, kanadaliklarga qarshi o‘yinda ularning omadi chopdi. Belgiyaliklarga ikkinchi o‘yin osonroq bo‘lishi haqidagi taxminlar ham amalga oshmadi — Kevin De Bryuyne va kompaniya Marokashga qarshi ham kuchli o‘yin namoyish eta olmadi.

Xorvatiya esa ikkinchi o‘yinda ishonchni oqladi, garchi Kanadaga qarshi o‘yinning dastlabki yarim soatida vaziyat juda achinarli edi. «Shashkachilar»da Marselo Brozovich jarohat olgani va Mateo Kovachich yaxshi sport formasida emasligi bilinib qolmoqda. Brozovich sentabr oyida aynan terma jamoa safida jarohat olgan va ikki oy o‘ynamadi, Kovachich esa «Chelsi» bilan yomon davrlarni boshdan kechirmoqda. Ularning ikkisida ham barchasi joyida bo‘lganida, maydon markazida Xorvatiyada uyg‘unlik kuzatilgan bo‘lardi: Brozovich to‘pga egalik qilishda muhim futbolchi, Kovachich driblinglari bilan to‘pni oldingi chiziqqa olib boradi, Luka Modrich esa jamoaga dirijyorlik qiladi.

Ammo bu o‘yinda baribir zaxira o‘rindig‘i kengligi va tajriba Xorvatiya ustunligini ta’minladi. Yevropaliklarning ilk golini Ivan Perishich va Andrey Kramarich tashkillashtirishdi. Ikkinchi golni A Seriyadagi ishlari u qadar yurishmagan va ichki chempionatda javlon urayotgan Marko Livayya urdi.

Shimoliy amerikaliklar Belgiyaga qarshi o‘yinda ajoyib taassurot qoldirishgandi — tajovuzkor o‘yin ko‘rsatishgan va faollik bilan pressing va qarshi pressinglar amalga oshirishgan — ular Xorvatiyaga qarshi o‘yinni ham shunday uslubda boshlashdi. Garchi Alfonso Devisning goli maksimal darajada oddiy urilgan bo‘lsa ham: darvozabon to‘pni markaziy doira atrofiga uzatib berishi, to‘p qanotga tashlab berilishi, qanot bo‘ylab oldinga chopish, jarima maydoniga uzatma, yakuniy aniq zarba. Kanada tezkor gol urgach, himoyada o‘tirishni istamadi va muxlislar uchun o‘ynashda davom etdi, lekin himoya yarim soatdan ortiq bardosh bera olmadi.

Bundan buyog‘iga xorvatlar saviyasi va tajribasi o‘z so‘zini aytdi, ular aql bilan o‘yin borishi va to‘pni nazorat qilishdi, ba’zida sur’atni oshirib, tashabbusni qo‘lga olishdi, o‘rni kelganda pauza qilishdi. Natijada hisob o‘yinga mos bo‘lmagan ko‘rinish oldi - 4:1.

Endi Xorvatiyani Belgiyaga qarshi pley-offga chiqish uchun o‘tish o‘yini kutmoqda va bu o‘yinda Zlatko Dalich jamoasini durang natija ham qoniqtiradi. 

Kanada esa har bir turnirda bo‘ladigan klassik anderdog-yoqimtoy vazifasini bajarmoqda. Ularda ehtiros va istak bor, muxlislarga shunday jamoa o‘yini yoqadi. Ammo bunday jamoalar taqdiri odatda birdek kechadi — ular turnirni barvaqt tark etishadi. Shimoliy amerikaliklar Qatardan keyin 1/8 finalga chiqish imkoniyatini yo‘qotgan ikkinchi jamoa bo‘ldi. Ammo oldinda ularni uyda o‘tadigan JCh-2026 kutmoqda, o‘sha turnirda Alfonso Devis, Jonatan Devid va Tedjon Byukenen eng gullagan davrida bo‘ladi va ular Yevropa top-klublarida to‘plangan tajribani qo‘llashadi.

Mavzuga oid