Sport | 18:13 / 29.11.2022
24160
10 daqiqa o‘qiladi

Pley-offdan oldingi finallar. So‘nggi turdagi misli ko‘rilmagan intrigalar haqida

Bugun guruh bosqichining so‘nggi 3-tur o‘yinlariga start berilmoqda.

Foto: Dmitriy Golubovich / Chempionat

Qatarda davom etayotgan mundialning o‘ziga xos jihati shundaki, rasman hali yana bir tur bo‘lsa-da, musobaqada guruh bosqichi amalda tugadi va bugundan «pley-off bosqichi» boshlanadi. Odatda, ko‘pincha biz mana shu formatdagi turnirlarning so‘nggi turida ko‘proq rasmiyatchilikni ko‘rardik, aksariyat, ayniqsa favorit terma jamoalar vazifani uddalashgan, ayrim guruhlarda ikkinchi yo‘llanma yoki guruh g‘olibligi uchun o‘yinlar bo‘lardi, xolos.

Hozir esa, ayni paytda, diqqat qiling, har bir guruhda va hatto har bir o‘yinda «pley-off xususiyati» mavjud bo‘lib, har qanday o‘yinda kamida bir jamoa agar mag‘lubiyatga uchrasa, guruhda qolib ketishi mumkin. Ancha sokin kechishi va so‘nggi turga qolmay hamma masala hal bo‘lishi kutilgan S va Ye guruhlarda ham Argentina va Germaniyaning kutilmagan mag‘lubiyati hammasini chalkashtirib yubordi. Futbol muxlislari baxtiga, albatta.

Keling, bir boshdan sanab o‘tamiz.

A guruhi. (29 noyabr, 20:00)

Ekvador – Senegal

Har ikki jamoada keyingi bosqichga chiqish imkoniyati bor va bu ularning o‘z qo‘lida. Bu o‘yinda g‘olib chiqqan jamoa nimchorak final yo‘llanmasini naqd qiladi. Durang Ekvadorni qanoatlantiradi.

Niderlandiya – Qatar

Qatar uchun barcha imkoniyat eshiklari yopilgan, ammo mezbonlarda Niderlandiyani chalib qolish imkoniyati bor. Agar Qatar aytaylik, 2 to‘p farqi bilan g‘alaba qozonsa-yu, parallel o‘yin durang natija bilan tugasa, niderlandiyaliklar guruhda 3-o‘ringa tushib ketishi mumkin. To‘g‘ri, ehtimoli kam, lekin hattoki shunchaki o‘tish o‘yinidek ko‘ringan bu bahsda ham intriga bor. Lui van Gaal shogirdlarining bo‘shashishga haqqi yo‘q.

V guruhi. (29 noyabr, 23:59)

Uels – Angliya

Angliya Eron bilan o‘yindagi yirik hisob tufayli o‘zini biroz xavfsiz his qilishi mumkin, chunki inglizlar guruhda qolib ketishi uchun 4 to‘p farqi bilan mag‘lubiyatga uchrashi talab etiladi. Lekin Uels uchun bu o‘yin ham pley-off maqomida – jamoa har qanday hisobda g‘alaba qozonib ham, guruhdan chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Faqat bir shart bilan – Eron va AQSh o‘rtasidagi bahs durang bilan tugashi kerak.

Eron – AQSh

1998 yilda bu ikki jamoa o‘yini o‘ziga yarasha siyosiy tus olgan, ammo har ikki jamoa muddatidan oldin pley-off imkoniyatidan quruq qolgani uchun turnir ahamiyatiga ega emasdi. Ammo hozir vaziyat boshqacha: Eronda 3, AQShda 2 ochko bor. Ya’ni g‘alaba qozongan jamoa keyingi bosqichga chiqadi, mag‘lub esa turnir bilan xayrlashadi. Durang har ikki jamoani ham qoniqtirmaydi. Axir agar Uels Angliyani yutib qo‘yadigan bo‘lsa, Eronni ham, AQShni ham quvib o‘tishi mumkin. Bundan ortiq pley-off bo‘ladimi?

S guruhi. (30 noyabr, 23:59)

Polsha – Argentina

Guruh peshqadami bo‘lib turgan bu ikki jamoaning yutqazishga haqqi yo‘q. G‘olib jamoa guruhda birinchi o‘rin egasiga aylanadi, mag‘lubni esa, yo Saudiya Arabistoni yoki Meksika quvib o‘tishi mumkin. Ikki yil oldin «Oltin to‘p» uchun kurashgan Messi va Levandovski endi nimchorak final uchun to‘qnash keladi.

Saudiya Arabistoni – Meksika

Arablar g‘alaba qozonishi kifoya, keyingi bosqich masalasini hal qilgan bo‘ladi. Meksika esa, iloji boricha yirikroq hisobda yutishi kerak bo‘ladi. Shunda meksikaliklar Argentina va Polsha o‘rtasidagi bahsda mag‘lub bo‘lgan jamoani quvib o‘tishi mumkin. Ya’ni har ikki jamoani g‘alabadan boshqasi qoniqtirmaydi.

D guruhi. (30 noyabr, 20:00)

Avstraliya — Daniya

Avstraliyada 3, Daniyada 1 ochko bor. Bu o‘yin ham o‘ziga yarasha «final» – g‘olib Fransiyaga sherik bo‘lib, pley-offga yo‘llanma oladi. Durang qisman Avstraliyani qoniqtiradi, ammo bu ham xavfli – parallel uchrashuvda Tunis Fransiyani yengib, 2-o‘ringa ko‘tarilib olishi mumkin. Demak, ikki raqib ham faqat g‘alaba uchun o‘ynaydigan yana bir o‘yin.

Tunis – Fransiya

Fransuzlar keyingi bosqich masalasini hal qilib bo‘lishgan, Tunis uchun esa, yuqorida aytilganidek, hammasi yo‘qotilmadi. Afrikaliklar Fransiya ustidan g‘alaba qozonishga urinishi va ikkinchi o‘yinda Avstraliya g‘alaba qozonmasligi, shuningdek, Daniya ham yirik hisobda yutmasligini kutishlariga to‘g‘ri keladi.

Ye guruhi. (1 dekabr, 23:59)

Yaponiya — Ispaniya

Ispanlar turnirni zo‘r boshlab, Kosta-Rikaga 7 gol urgan bo‘lishsa-da, so‘nggi tur ular uchun ham bosimsiz kechmaydi – Ispaniya mag‘lubiyatga uchramasligi kerak. Mabodo mag‘lub bo‘lsa-yu, narigi o‘yinda Kosta-Rika nemislarni yutib qo‘ysa, Ispaniya guruhda qolib ketishi mumkin. Durang ispanlarni qoniqtiradi, yaponlarning ishi biroz chalkash. Mabodo durang o‘ynashsa, Germaniya yirikroq yutmasligidan umid qilishi kerak.

Kosta-Rika — Germaniya

Ispaniya bilan durang nemislarga imkoniyat qoldirdi – Germaniya endi Kosta-Rikani yutishi va Yaponiya ispanlar ustidan g‘alaba qozonmasligi kifoya. Tabiiyki, Kosta-Rikada ham imkoniyat bor KONKAKAF vakillari nemislarni yutib pley-offga chiqishi yoki hatto durang o‘ynab ham Yaponiyani quvib o‘tish imkoniyatiga ega.

F guruhi. (1 dekabr, 20:00)

Xorvatiya — Belgiya

O‘tgan mundial finalchisi va yarimfinalchisi endi o‘zaro o‘yinda guruh masalasini hal qilishadi va ikki jamoadan biri keyingi bosqichga chiqa olmasligi mumkin. Belgiyaning yutqazishga haqqi yo‘q. Agar Marokash o‘z o‘yinida ochko oladigan bo‘lsa, durang ham Martines shogirdlarini qanoatlantirmaydi. Xorvatiya ham yutqazmasligi kerak, aks holda, Belgiya va Marokashdan ortda qolib ketish xavfi yuqori. Xorvatlar kanadaliklar ochko olishiga umid qilishi kerak, shuningdek, ularni o‘z o‘yinidagi durang ham qoniqtiradi.

Kanada – Marokash

Kanada xuddi Qatar kabi, imkoniyati qolmagan bo‘lsa-da, masalan Marokashni chalib qolishi mumkin. Marokash keyingi bosqichga chiqish uchun bu o‘yinda kamida 1 ochko olish talab etiladi. Demak, hatto bu o‘yinda ham yutqazishga haqqi yo‘q bo‘lgan bir jamoa bor.

G guruhi. (2 dekabr, 23:59)

Serbiya — Shveytsariya

Yana bir «final». Bu o‘yinda g‘alaba qozongan jamoa katta ehtimol bilan nimchorak finalga chiqadi, mag‘lubiyatga uchragan tomon turnirni tark etadi. Durang shveysariyaliklarni qoniqtirishi mumkin, lekin shunda ham, narigi o‘yinga qarab qolinadi.

Braziliya – Kamerun

Braziliyaliklar keyingi bosqich masalasini hal qilgan, balki 1/8 finalda osonroq raqib tushishi uchun bu o‘yinda ham yutqazmaslikka, ya’ni 1-o‘rinni saqlab qolishga urinishadi. Kamerun uchun esa, yagona imkoniyat – Braziliyani yutish, shunda ham narigi o‘yinda Shveytsariya yutqazishi yoki durang o‘ynashini kutish kerak. Serbiya yirikroq hisobda g‘alaba qozonsa ham, Kamerunga zarar.

H guruhi. (2 dekabr, 20:00)

Gana — Urugvay

Hamma 12 yil oldingi dramani eslasa kerak. Bu safar bu jamoalar endi guruhdagi ikkinchi yo‘llanma masalasini hal qiladi. Urugvay yutsa, Ganani quvib o‘tadi. Gana ham g‘alaba qozonishi shart. Durang narigi o‘yinda Koreya milliy jamoasiga imkoniyat qoldirishi mumkin.

Janubiy Koreya – Portugaliya

Portugaliya rasman keyingi bosqichga chiqdi, Janubiy Koreya esa, hali turnirni tark etgani yo‘q. Koreyslar bu o‘yinda g‘alaba qozonib, parallel juftlikda kerakli hisobni kutishi lozim bo‘ladi. Bu yerda kerakli natija – Urugvayning minimal hisobdagi g‘alabasi. Yoki durang bo‘lgan holda, koreyslar Portugaliya ustidan 2 to‘p farqi bilan yutishi kerak.

Ko‘rib turganingizdek, ko‘zni yumgan holda barmoq bilan istalgan o‘yinni tanlang, farqi yo‘q, o‘sha yerda yutqazishga haqqi yo‘q bo‘lgan, pley-off yo‘llanmasidan umid qilayotgan kamida bir, aksariyat holatda ikki jamoani ko‘rasiz. Bunaqasi avval bo‘lmagandi. Hozirdan shunday bo‘lsa, keyingi bosqichlar bizga qanday dramatik ssenariylarni tayyorlab qo‘yganini tasavvur ham qila olmaymiz.

Q. Aslanov

Mavzuga oid