Belarusdagi noroziliklar ramziga aylangan Mariya Kolesnikova reanimatsiyaga yotqizildi
U operatsiya qilindi, ammo tashxis hatto otasiga ham aytilmayapti .
2020 yilda Belarusdagi norozilik namoyishlarining eng taniqli shaxslaridan biriga aylangan va ular tufayli sudlangan Mariya Kolesnikova reanimatsiyaga yotqizildi. Bu haqda 29 noyabr kuni Kolesnikova advokatiga tayanib, siyosatchi Viktor Babariko shtabi ma’lum qildi. Mariya 2020 yilda ushbu shtab a’zosi edi.
Shtab ma’lumotlariga ko‘ra, 28 noyabr kuni Kolesnikova Gomeldagi ayollar koloniyasidan «jarrohlik patologiyasi» bilan shahar tez tibbiy yordam shifoxonasiga olib ketilgan. U operatsiya qilinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. «Hozir uning ahvoli barqaror og‘ir, biroq, yaxshilanish kuzatilmoqda», deb yozdi 29 noyabr kuni shtab.
Shifokorlarning aytishicha, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan, Kolesnikova hushida. Ammo otasiga uni ko‘rishga ruxsat yo‘q. Shuningdek, advokat ham 17 noyabrdan buyon Kolesnikova bilan ko‘risha olmayapti.
Mariyaning qachon kasal bo‘lgani noma’lum, ammo u og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, operatsiya muvaffaqiyatli o‘tgan, Mariyaning ahvoli hamon og‘ir, ammo u go‘yoki hushida va kerakli muolajalarni olmoqda. Uning otasi Aleksandr Kolesnikov shifoxonaga borgan, lekin xuddi advokati kabi unga bemor oldiga kirishga ruxsat berilmagan. Otaning shifokorlar bilan muloqoti Ichki ishlar vazirligi xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tdi, deb xabar berdi Babariko shtabi.
Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, Kolesnikovaning oshqozon yoki ichak yarasi teshilgan. Shu bilan birga, tibbiyot xodimlari uning tashxisini hatto otasiga ham aytishdan bosh tortmoqda. Buning uchun, go‘yoki, Mariyaning ruxsati kerak. Otaning shifokorlar bilan muloqoti Ichki ishlar vazirligi xodimlari ishtirokida amalga oshirilgan. Kolesnikovani uch xodim qo‘riqlayapti: biri qurollangan va palata eshigi yonida, yana ikkitasi ichkarida. Babariko shtab-kvartirasining xabar berishicha, 30 noyabr kuni Mariya reanimatsiya bo‘limidan jarrohlik bo‘limiga o‘tkazilishi kutilayotgan edi, biroq haligacha o‘tkazilmagan.
Shifoxonaga yotqizilishidan oldin Kolesnikova qamoqxonadagi jarima izolyatorida bo‘lgan. Noyabr oyining birinchi yarmida koloniya ma’muriyati unga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lgani va «ish vaqtida kerakli joyda bo‘lmagani» uchun jazo qo‘llagan. Kolesnikovaning qachon va qancha vaqtga izolyatorga joylashtirilgani noma’lum. Advokatga bir necha bor Mariya bilan uchrashishga ruxsat berilmagan. Shu boisdan u tegishli joylarga shikoyat qilgan va mijozining sog‘lig‘idan xavotirda ekanini bildirgan. Ammo murojaatlariga javob olmagan.
Mariya Kolesnikova - professional musiqachi va madaniy loyihalar tashkilotchisi, 2020 yilda Belarus prezidenti saylovida o‘z nomzodini qo‘ygan bankir Viktor Babariko shtabi a’zosi bo‘lgan edi.
Kolesnikova Babariko shtabi «yuzi» edi va bankir hibsga olingandan so‘ng, Svetlana Tixanovskayaning birlashgan saylovoldi shtabi rahbarlaridan biriga aylandi. Ikki yetakchi – Tixanovskayaning o‘zi va Lukashenkoning yana bir raqibining xotini Veronika Tsepkalo 9 avgust kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidan keyin Belarusni tark etishga majbur bo‘ldi. Ammo Kolesnikova Belarusda qoldi va mamlakatda boshlangan norozilik namoyishlarining eng taniqli rahbarlaridan biri bo‘ldi.
2020 yil sentabr oyida Belarus xavfsizlik kuchlari Kolesnikovani mamlakatdan majburan deportatsiya qilishga urindi. Biroq u o‘z pasportini yirtib tashladi. Keyinchalik, rasmiy Minsk uning Ukrainaga ketmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingani haqida xabar berdi. Shundan keyin Mariya qo‘yib yuborilmadi.
Unga hokimiyatni egallab olishga urinish va ekstremizm aybi qo‘yildi. 2021 yil sentabrda Belarus sudi Kolesnikovani 11 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. U kechirim so‘rab ariza yozishdan bir necha marta bosh tortdi va o‘zining aybsizligini aytdi.
G‘arb siyosatchilari Kolesnikovaning shifoxonaga yotqizilishiga munosabat bildirishdi (rasmiy Minsk bunday qilmadi). AQSh Davlat departamenti spikeri Ned Prays, Yevroparlament rahbari Roberta Metsola, Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi (PASE) prezidenti Tini Koks, Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Mariyaning sog‘lig‘idan xavotir bildirib, uni ozod qilishga chaqirdi.
Svetlana Tixanovskaya shunday bayonot berdi: «Masha butun Belarus uchun haqiqiy lider va o‘zgarishlar ramzi. Ammo u mening jangovar dugonam ham. <...> Uzoqda bo‘lsang ham seni mahkam quchoqlayman, azizam. Senga sog‘liq va bu dahshatli tushdan uyg‘onish uchun kuch tilayman. Hozir barchamiz uchun eng muhimi - sening sog‘liging».
Mavzuga oid
18:53 / 10.12.2024
Lukashenko: Belarusda o‘nlab yadroviy kallaklar bor
17:21 / 09.12.2024
Lukashenko yana 32 nafar siyosiy mahbusni afv etdi
19:40 / 06.12.2024
Lukashenkoda ham yadroviy qurolning «qizil tugmasi» borligi ma’lum bo‘ldi
13:15 / 30.11.2024