Jamiyat | 19:00 / 30.11.2022
19850
5 daqiqa o‘qiladi

Surxonning serhosil limonlari!

Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi “Limonzor” mahallasida limonchilikda 30 yillik tajribaga ega Ne’matjon Ro‘ziyev yaratgan 1 gektarlik limonariyada mingdan ortiq Toshkent navli limonlar parvarish qilinmoqda.

O‘lkamizda iqlim sharoitlari o‘zgarib, sovuq kunlar yaqinlashishi bilan salomatligimizni yanada tiklash va tanamizni tetiklashtiruvchi mahsulotlarni har doimgidan ham ko‘proq iste’mol qilishni boshlaymiz. Masalan, xalqimiz tilida “qish mevasi” deya e’tirof etiladigan limon, deyarli har bir xonadonda mavsum yakuniga qadar eng yaqin va foydali mehmon bo‘ladi. Bugun bu sitrus o‘simligini bozor-u do‘konlarimiz rastalarida muammosiz xarid qilish, undan tayyorlangan djyem-u, sharbatlarning turli xillarini uchratish mumkin. Ammo, yoshi kattalar yaxshi eslashsa kerak, bundan bir necha yillar avval bu shifobaxsh ne’matni topish, uchratsa ham xarid qilish bir muncha mushkul edi. Asosan xorij davlatlaridan import qilinganligi uchun narxi sezilarli darajada qimmatroq bo‘lgan.

Davlat rahbarining sa’y – harakatlari bilan so‘nggi yillarda mazkur tarmoq rivojiga sezilarli e’tibor qaratildi. Natijada respublikaning deyarli barcha hududlarida zamonaviy limonchilik plantatsiyalari tashkil etilib, bo‘sh yerlarda gektarlab kompleks issiqxonalar qad rostlashni boshladi. O‘zining jazirama iqlim sharoiti bilan sitrus, subtropik va tropik o‘simliklar seleksiyasiga juda qo‘l keluvchi janubiy voha zamini Surxondaryoda, limon mahsuloti mahalliy mevaga aylanib bormoqda. Viloyatning deyarli barcha tumanlarida katta va kichik hajmdagi issiqxonalarni uchratish mumkin.

Aslida issiqxonalarda limon parvarishlash surxondaryoliklar uchun yangilik emas. Lekin, keng maydonlardagi zamonaviy limonzorlarda sitrus meva yetishtirish va mahalliy bozorni shu turdagi tabiiy mahsulot bilan to‘ldirib, ortiqchasini xorijga eksport qilish bu keyingi yillarda yuz bergan yangilik. Bilasizmi, nega bu gapni aynan o‘tgan va so‘nggi yillarni qiyoslab aytyapmiz? Chunki, subtropik iqlimga ega Surxondaryoda ilgari ham odamlar limon parvarishlar edi. Biroq, bu issiqxonalar guvala loydan qo‘lbola usulda qurilar, hosili, sifati ham shunga yarasha bo‘lar edi. Endilikda tadbirkorlar keng maydonlarda energiya tejamkor zamonaviy issiqxonalar qurib, mo‘l hosil olmoqda. Sodda qilib aytganda, xorijliklar tajribasi asosida qad rostlayotgan limonzorlar ko‘paymoqda.

Xususan, viloyat markazidan qariyb 150 kilometr uzoqlikda joylashgan Denov tumanidagi “Limonzor” mahallasida qad rostlagan 1 gektarlik limonariya so‘zimizga yaqqol isbotdir. Issiqxonaga kirar ekansiz, o‘zingizni xuddi sitrus eko bog‘ida yurgandek his qilasiz. Bu yerda mingdan oshiq Toshkent navli limon ko‘chatlari boshidan ostigacha hosil berib turibdi. Yarim asrdan buyon shu mahallada istiqomat qilib, qariyb 30 yillik limon yetishtirish tajribasiga ega bo‘lgan Ne’matjon ota Ro‘ziyev, bu natijalar zamirida limonchilikka qaratilgan e’tibor muhim ekanligini ta’kidlaydilar.

Shu o‘rinda qo‘shimcha qilish lozim, mazkur tarmoqni ham huquqiy, ham moliyaviy jihatdan qo‘llab – quvvatlash bo‘yicha davlatimiz rahbarining tegishli qarori qabul qilingandan so‘ng, bu boradagi ishlar Turonbank zimmasiga topshirildi. O‘z o‘rnida moliya muassasasi xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik o‘rnatib, kredit liniya mablag‘larini jalb qilishni boshladi. Muhimi ushbu reja nafaqat katta hajmdagi maydonlarni balki aholi tomorqa xo‘jaliklarini ham qamrab olgandir.

Ahamiyatli jihati shundaki, limon nafaqat mo‘maygina daromad balki zavq bag‘ishlovchi, foydali xobbi ham bo‘lishi mumkin. Buni limonning shifobaxsh foydalari bilan insonlarga davo ulashishni maqsad qilgan Denov tumani O‘rta qishloq mahallasidagi “Surxon Med Future” klinikasi rahbari Hamidullo Hodiyev tajribasida ko‘rish mumkin. Asli kasbi shifokor bo‘lgan qahramonimiz klinikaning bo‘sh 33 sotix maydoniga mo‘’jazgina issiqxona qurib, limon ko‘chatlarini ekkan.

Har bir ishda ilm bo‘lsa, har bir ishda aniq belgilangan reja va strategiyalar bo‘lsa, uning rivoji va natijadorligi albatta kutilgandek bo‘ladi. So‘nggi yillarda limonchilik tarmog‘i orqali aholining daromadini oshirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, bo‘sh yotgan yerlarni hosildorlikka olib chiqish kabi ezgu harakat mana shunday chuqur o‘ylangan tahlillar asosida olib borilmoqda.

 Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid