Urushdagi yangi burilish. Ukraina Rossiya ichkarisidagi aerodromlarga zarba bermoqda
Ukraina qurolli kuchlari 5 va 6 dekabr kunlari dronlar yordamida Rossiyaning ichki hududlardagi aerodromlariga ketma-ket zarbalar berdi. Yetkazilgan talafot u qadar katta emas, ikki aerodromda bittadan samolyot shikastlangan. Rossiya darhol ushbu aerodromlardagi samolyot va qanotli raketalarni evakuatsiya qildi. Ammo Ukraina droni 6 dekabr kuni Kurskdagi yonilg‘i omboriga yana hujum qildi. Shu kuni Qrimdagi aerodromni nishonga olgan boshqa bir Ukraina droni urib tushirildi.
Bu zarbalar urushning hozirgi bosqichi uchun burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Kiyev o‘zining dron va qanotli raketalaridan foydalanishni boshladi. Ular Moskvani mamlakat ichidagi infratuzilmalarni nishonga olish monopoliyasidan mahrum qilmoqchi.
Ukraina qurolli kuchlari qanday dronlardan foydalandi?
The New York Times gazetasining Ukraina harbiy rahbariyatidagi manbasiga ko‘ra, dronlar Ukraina hududidan uchirilgan. Eng uzoq nishon — Saratov oblastining Engels shahridagi aerodromgacha bo‘lgan masofa Kiyev tomonidan nazorat qilinadigan hududdan (Xarkiv oblasti sharqi) taxminan 630 kilometrni tashkil qiladi.
Rossiya mudofaa vazirligi zarbalarda «Sovet ittifoqi davrida ishlab chiqarilgan reaktiv dronlar»dan foydalanilganini ma’lum qildi. Bu versiya Engels shahridagi kuzatuv kamerasi tomonidan suratga olingan video tasvirlari bilan mos keladi: portlashdan biroz oldin aerodromda reaktiv dvigatel ovozi aniq eshitilgan.
600 kilometrdan ko‘proq masofaga ucha oladigan yagona «sovet davrida ishlab chiqarilgan reaktiv dron» — Tu-141 «Strij» hisoblanadi.
Dushmanning orqa chizig‘ini tezkor razvedka qilish uchun mo‘ljallangan ushbu dron 1970-yillar oxirida ishlab chiqilgan. U kompyuter xotirasiga avvalroq kiritilgan marshrut bo‘ylab tovush tezligiga yaqin tezlikda ming kilometr masofani uchib o‘ta oladi. Qurilma zamonaviy standartlarga ko‘ra juda katta: uning uzunligi deyarli 15 metr, og‘irligi esa besh tonnadan ortiq.
1990-yillarga kelib, «Strij» eskirdi: standart otish rejimidagi ikki kilometrdan ko‘proq balandlikda u havo mudofaasi uchun nisbatan oson nishonga aylandi. Shundan beri bu dronlar Rossiya Federatsiyasi va Ukraina qurolli kuchlarida zenit-raketa tizimlari hisob-kitoblarini o‘rganish uchun nishon sifatida ishlatiladi. Boshqa qismlar qatorida, dron sensorlari ham eskirgan (asosiy versiyada kinokameralar ishlatilgan).
Biroq, 2014 yildan keyin Ukraina qurolli kuchlari «Strij»larni yana o‘z razvedka maqsadlarida ishlata boshladi va Donbassda ulardan foydalandi.
2022 yil oktyabr oyida Ukraina ming kilometr masofaga ucha oladigan va 75 kilogramm og‘irlikdagi jangovar kallakka ega bo‘lgan o‘zining og‘ir kamikadze dronini ishlab chiqqani va uni ishlab chiqarishga tayyorlanayotganini e’lon qildi. 4 dekabr kuni, Rossiyadagi aerodromlarga zarbalar berilishidan bir kun oldin, Kiyev dronlar «so‘nggi sinovlar»dan o‘tayotganini ma’lum qildi. Ehtimol, bu dronlar Tu-141’ning butkul modernizatsiya qilingan shakli bo‘lishi mumkin. Buning uchun Ukrainada ishlab chiqarish va muhandislik bazasi mavjud: SSSR «Strij»larni Xarkiv aviatsiya zavodida ishlab chiqargan.
Ochiq manbalarga ko‘ra, Tu-141 o‘z marshrutining bir qismini 50 metr balandlikda uchib o‘tishga qodir. Bu havo hujumidan mudofaa tizimi uchun qiyinchilik tug‘diradi, chunki balandlik qanchalik past bo‘lsa va masofa qanchalik kam bo‘lsa, zenit tizimlarining havo nishonini urib tushirish imkoniyati ham shunchalik past bo‘ladi.
Asosiy variantdagi Tu-141 droni zarba berish qobiliyatiga ega emas. Biroq Ukraina unga bu qismni qo‘shishga harakat qilgan. Xorvatiya-Serbiya o‘rtasida keng ko‘lamli urush boshlanishidan oldin Xorvatiya poytaxti Zagrebga Ukrainaning Vinnitsa shahridan uchirilgan «Strij» kelib qulagandi (katta ehtimol bilan boshqaruvni yo‘qotgan). Xorvatiyalik tergovchilar ushbu drondan 120 kilogrammlik portlovchi modda topgan.
«Strij»ning 1970 yilgi ishlanmalari inersial tizim yordamida asosan razvedka qilish uchun mo‘ljallangan, shuning uchun unda ixcham nishonlarga zarba berishda yuqori aniqlik bo‘lmagan. Biroq, 2020 yildan bu muammoni keng tarqalgan fuqarolik texnologiyalari — sun’iy yo‘ldosh navigatsiya tizimidan signal qabul qiluvchilar va kontrollerlar yordamida hal qilish mumkin. Aynan shunday to‘plam Rossiya armiyasida xizmat qilayotgan Eronning Shahed-136 kamikadze dronlarida qo‘llanadi.
Zarbalar Ukraina Rossiya ichki hududidagi nishonlarni muntazam bombalashi mumkinligini anglatadimi?
Nazariy jihatdan, bunday reaktiv kamikadze dronlari qanotli raketalarga o‘xshash («Strij» ham jangovar kallak bilan jihozlangan dron).
Biroq, «Strij» so‘nggi oylarda Ukraina qurolli kuchlari tomonidan qanday modernizatsiyadan o‘tkazilgani ma’lum emas (va umuman, Ukraina aytgan yangi «og‘ir dronlar» aynan «Strij»lar ekani ham noma’lum). Agar Tu-141 yangi dronlar uchun haqiqatan ham asos qilib olingan bo‘lsa, shuni yodda tutish kerakki, 1980-yillarda Xarkiv aviatsiya zavodi atigi 150 ga yaqin dron ishlab chiqargan. Shunday qilib, Ukrainada (ayniqsa, urush sharoitida) bu dronlarni ishlab chiqarishni kengaytirish bilan bog‘liq muammolar bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, bunday dronlardan foydalanishning samarali taktikasi o‘nlab transport vositalariga zarba berishdir (faqat cheklangan miqdordagi nishonlarni urib tushira oladigan havo hujumidan mudofaa tizimlarini «chalg‘itish va sarflash» uchun). Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainadagi nishonlarga keng ko‘lamli zarbalar berganda aynan shu usuldan foydalanadi.
Bundan tashqari, «Strij»ning barcha komponentlari Ukrainada ishlab chiqarilmagan. Biroq, eng muhim komponentlar (masalan, Zaporijjyadagi «Motor Sich» konserni tomonidan ishlab chiqarilgan dvigatel), ehtimol, mamlakatda mavjud. Qolgan hammasini sotib olish mumkin: Ukraina, Rossiyadan farqli o‘laroq, mudofaa sektoriga qarshi sanksiyalar ostida emas.
Lekin yangi modellardan birinchi foydalanish tajribasi ba’zi savollarni ochiq qoldirdi. Hozircha Ukraina dronining aniqligi yengil jangovar kallak bilan qanchalik integratsiyalashgani ma’lum emas. Masalan, 5 dekabr kuni hujum qilgan dronlar birorta bombardimonchi samolyotni to‘liq yo‘q qila olmadi va hatto ushbu bombardimonchilarning Ukrainadagi nishonlarga hujumini ham to‘xtata olmadi. Rossiya mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, dronlar aerodromlarning havo mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgan va nishonlarga faqat ularning bo‘laklar tushgan (bu versiyani tasdiqlovchi hech qanday dalil yo‘q).
Har qanday holatda ham bunday dronlar Ukraina G‘arbdan so‘rayotgan ATACMS uzoq masofali ballistik raketalari o‘rnini bosa olmaydi. Bu raketalar Kiyevga berilmadi, chunki Vashington bunday raketalarning Ukrainaga yetkazib berilishi Rossiya ichidagi nishonlarga zarba berishga olib kelishi va oqibatda urushning nazoratdan chiqib ketishi mumkinligidan xavotir bildirdi. ATACMS juda yuqori aniqlik va 560 kilogramm og‘irlikdagi jangovar kallakka ega.
Shu bilan birga, shubhasiz, Ukraina Rossiyaning orqa chiziqdagi nishonlariga zarba beruvchi qurollarga ega bo‘lish uchun barcha imkoniyatini ishga soladi. Demak, Ukraina qurolli kuchlarida Eronning Shahed-136 dronlarining muqobillari paydo bo‘lishini kutish mumkin. Buning uchun mamlakatda barcha texnik imkoniyatlar mavjud. Bunday dronlar og‘ir reaktiv dronlarga qaraganda ancha arzon va yalpi hujum vaqtida ularni yaxshi to‘ldiradi.
Ukraina dronlari hujumi Rossiyaga jiddiy harbiy zarar yetkazmagan taqdirda ham, RF qurolli kuchlarini ularni to‘xtatish uchun mablag‘ sarflashga majbur qiladi. Rossiya armiyasi endilikda havo mudofaasi bilan nafaqat front chizig‘i va Ukraina bilan chegarani, balki mamlakat ichki hududlarni ham ta’minlashga majbur bo‘ladi.
Rossiya qo‘mondonligi ham Ukrainadagi strategik bombardimonlari orqali xuddi shunday maqsadga erishishni ko‘zlagandi. Endi Ukraina qurolli kuchlari ham simmetrik tarzda javob bera olishini ko‘rsatdi (kichikroq ko‘lamda bo‘lsa ham).
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024