Iqtisodiyot | 19:41 / 09.12.2022
22571
7 daqiqa o‘qiladi

Aksilmonopol qo‘mita ayrim tovarlar narxini nazorat qilmoqchi. Bu mahsulotlar taqchilligiga olib kelishi mumkin

Qo‘mita benzin, ko‘mir, sement kabi yuqori likvidli va monopol mahsulotlar hamda go‘sht, un, non, shakar, o‘simlik yog‘i kabi muhim oziq-ovqat mahsulotlari narxini nazorat qilmoqchi. Narxlarni asossiz oshirganlar javobgarlikka tortilishi mumkin. Iqtisodchi bu chora zararli ekani va uzoq muddat taqchillikka sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi strategik va ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar narxlarini nazorat qilish va barqarorligini ta’minlash bo‘yicha qaror qabul qilinishi kutilayotgani haqida xabar qildi.

Qo‘mita bunga ayni kunlarda AI-80 markali benzin narxi oshgani aholi orasida tanqidiy muhokamalarga sabab bo‘layotganini asos sifatida ko‘rsatmoqda. Xabarda bu holatlarga qarshi huquqiy ta’sir choralari yetarliligi keng muhokama qilinayotgani qo‘shimcha qilingan. 

Qaror loyihasiga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi:

- 45 turdagi yuqori likvidli va monopol mahsulotlar (benzin, ko‘mir, metall, sement va hokazo);

- 10 turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan iste’mol mahsulotlari (un, go‘sht, non, shakar, o‘simlik yog‘i va hokazo) narxlari asossiz oshirilmasligini nazorat qiladi.

Mazkur vazifani bajarish uchun Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi:

- monitoring qiladi, ularning tebranishiga ta’sir etgan omillar va ularning kelib chiqish sabablarini tahlil qiladi;

- mavjud zaxiralarni xatlovdan o‘tkazadi;

- taqdimnoma va ko‘rsatmalar kiritadi;

- javobgarlikka tortish choralarini ko‘radi. 

«Bu – orqaga qadam»

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev Aksilmonopol qo‘mitaning narxlar nazorati borasidagi daraklariga munosabat bildirarkan, bu chora «yana bir orqaga qadam» ekani haqida yozdi

«Bilaman, hozir  qaror qabul qiluvchilar uchun ham, xalq uchun judayam qiyin va sinovli davr. Bunday vaqtlarda qaror qabul qiluvchilar xalqning g‘azabini  va noroziligini qo‘zg‘amaslik uchun   ko‘pchilikka yoqadigan, lekin samarasiz va zararli qarorni qabul qilishga ham tayyor bo‘ladi.  Narxlar nazorat qilinishi esa tabiiyki, ko‘pchilik tomonidan ijobiy qabul qilinadi. 

Balki bu qaror qisqa muddatda biroz ish bergandek ham bo‘lar, lekin uzoq muddatda  narxlarni nazorat qilish ko‘proq zararli bo‘lishi bilan birga xalq kutgan natijaga ham olib kelmaydi», deb yozdi u. 

Xolboyevning qo‘shimcha qilishicha,  narxlarni nazorat qilish amalda muammoni yechmaydi,  balki uning yanada kattalashishiga zamin yaratadi. 

Belarusda narxlar oshishi taqiqlanganidan ko‘p o‘tmay do‘konlar yopila boshladi

Joriy yil 6 oktyabrda Belarusda narxlarni oshirish taqiqlandi.  Shundan so‘ng narxlarni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi va narxlarni «asossiz» oshirgan tadbirkorlar hibsga olina boshladi.

Ayrim hududlarda tadbirkorlar ishini to‘xtatgani, ishchilar ishga chiqmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Iqtisodchilar tez orada do‘konlarda mahsulot qolmay, iqtisodiyot jar yoqasiga kelishini aytdi. 

Oktyabr oyi oxiriga kelib, turli hududlardagi tadbirkorlar savdo do‘konlarini yopdi

O‘zbekistonda narxlar nazorat qilinmasligi aytilgandi 

2022 yil 28 oktyabr kuni Markaziy bankda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovdan Belarusdagi kabi siyosatga munosabati so‘raldi. Normurodov Belarusning narxlarni oshirmaslik siyosatiga munosabati salbiyligini ta’kidladi.

«Bunday yo‘l bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Prezidentimiz Markaziy bankka rahbar bo‘layotganimda bizga boshqariladigan narx-navo kerak emas, bozor belgilasin, bozordagi narx mo‘’tadil bo‘lishiga Markaziy bank qo‘lidan nima kelsa, ta’minlashingiz kerak, degandilar. Shu paytgacha mazkur vazifani bajaryapmiz. Iqtisodiy vaziyat yomonlashgan taqdirda ham Markaziy bankning qarashlari va fikri unaqa usuldan bormaydi», degandi Mamarizo Nurmurodov.

Davlat narxlarni sun’iy tushirishi nega xavfli?

Iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uzʼga bergan intervyusida davlatning bozorga o‘rinsiz aralashuvi jiddiy oqibatlarga olib kelishini Argentinadagi go‘sht sanoati misolida tushuntirib bergandi

Argentina dunyodagi eng katta go‘sht eksportchilaridan biri bo‘lgan. Bundan bir necha yil oldin, butun dunyoda go‘sht narxi qimmatlasha boshlagan paytda argentinalik tadbirkorlar yaxshi foyda qilgan, biroq shu paytda mamlakatning siyosiy boshqaruvchilari: «go‘sht narxi ko‘tarilib ketdi, odamlarimiz qiynalyapti», degan vaj bilan go‘sht eksportiga 40 yo 50 kunlik taqiq qo‘yishgan.

Keyin nima bo‘lgan? Albatta, go‘sht narxi tushgan. Minglab tonna go‘sht mahsulotlarini eksport qilayotgan mamlakatda cheklovlar o‘rnatilsa, o‘z-o‘zidan ichki bozorda mahsulot ko‘payib ketadi. Ammo buning oqibatida bir qancha vaqtdan keyin mamlakatda go‘sht keskin qimmatlashib, Argentina dunyodagi eng ko‘p go‘sht eksport qiluvchi mamlakatlar qatoridan chiqib ketgan.

Buning sababi – rag‘batlar noto‘g‘ri qilib qo‘yilganida.  Go‘sht sanoatiga pul tikishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy investorlar o‘z mablag‘ini boshqa sohaga yo‘naltirgan. Chunki ular davlat istalgan paytda eksportga taqiq qo‘yib qo‘yishi mumkinligini ko‘rishgan.

Tadbirkorlar cho‘chib qolishi uchun davlat bu ishni bir marta qilishi yetarli. Investor pul tikdi, go‘sht yetishtirdi va endi sotaman deganda taqiq qo‘yib qo‘yishdi.

Mamlakatda go‘sht narxi oshishi boshqa narsalar ham qimmatlashishiga sabab bo‘lgan. Go‘sht ishlab chiqarish zanjirida katta muzlatkichlar, transport vositalari, go‘shtni eksport qilish uchun qadoqlash kabilar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lgan. Ya’ni hukumatning bitta qarori bilan butun bir sanoat o‘lgan desa bo‘ladi.

Mavzuga oid