O‘zbekiston | 16:19 / 09.12.2022
5168
2 daqiqa o‘qiladi

Mirzaobodda yo‘lni ta’mirlash uchun ajratilgan 450 mln so‘m talon-toroj qilingani aniqlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining ikkita moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Mirzaobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Mirzaobod tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi mas’ul shaxslari va boshqalar 2021 yilda Mirzo Ulug‘bek mahallasi hududidagi ko‘chalarni joriy ta’mirlash uchun ajratilgan budjet mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, mas’ullar ishlarni sifatsiz amalga oshirish orqali 307 mln so‘m hamda hisobotlarga amalda bajarilmagan ishlarni qo‘shib yozish orqali 143 mln so‘mni o‘zlashtirishgan.

“Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda”, deyiladi departamentning telegram-kanalida e’lon qilingan xabarda.

Avvalroq yo‘llarni ta’mirlash jarayonida Sirdaryoda 1,5 mlrd, Qoraqalpog‘istonda 371,7 mln, Bo‘kada 266,8 mln, Kitobda 176,4 mln so‘m miqdoridagi budjet pullari talon-toroj qilingani aniqlangandi.

Transport vazirligi huzuridagi Yo‘l-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasi boshqarma boshlig‘i Dilshod Oxunjonov yo‘l qurilishida 8 ta holatda qariyb 474 million so‘mlik qurilish-montaj ishlari sifatsiz bajarilganini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid