Jahon | 21:18 / 13.12.2022
12277
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda sakkizta yangi suv ombori qurilishi rejalashtirilmoqda

Qozog‘iston Respublikasida 2023–2025 yillarda suv tarmog‘ini rivojlantirishning kompleks rejasi loyihasi bosh vazir Alixon Ismoilov raisligidagi Qozog‘iston Suv kengashida ko‘rib chiqilgan. Rejaga ko‘ra, Qozog‘istonda yangi suv omborlari barpo etish rejalashtirilmoqda.

Foto: primeminister.kz

Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi bosh vazirining rasmiy axborot resursida xabar qilingan.

Xabarda aytilishicha, kompleks reja yangi tahrirdagi Suv kodeksini ishlab chiqish, suv resurslari va suv xo‘jaligi muammolari bo‘yicha ilmiy markaz yaratish, suv iste’molini tartibga solish bo‘yicha iqtisodiy mexanizmlarni joriy etish, suv xo‘jaligi infratuzilmasini takomillashtirish hamda boshqa choralarni taqozo etadi.

Xususan, Aqmo‘la, Aqto‘be, Almati, Jambul, Sharqiy Qozog‘iston va Qarag‘anda oblastlarida sakkizta yangi suv ombori qurish va mavjud 16 tasini rekonstuksiya qilish rejalashtirilmoqda. Bu qo‘shimcha suv zaxiralarini to‘plash, 124 ta aholi punkti uchun yog‘in-sochindan toshqin yuzaga kelish xavfini kamaytirish, 170 ming gektardan ortiq sug‘oriladigan yangi maydonlarni foydalanishga topshirish imkonini beradi.

Bundan tashqari, sug‘orish kanallarini ham rekonstruksiya qilish, suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish ham nazarda tutilgan bo‘lib, bu choralar suv sarfining me’yordan oshishiga chek qo‘yib, yo‘qotishlarni ham kamaytirishga olib keladi.

«Keyingi uch yil ichida biz iqtisodiyotimiz va fuqarolarimiz uchun juda katta samara namoyish etadigan eng dolzarb muammolarini hal qilishimiz kerak. Bir tomondan, eng maksimal samara ko‘rsatadigan, ikkinchi tomondan, birinchi navbatda rekonstruksiya qilinishi talab etiladigan suv inshootlari bo‘yicha xavfsizlik masalalarini yechish imkonini beruvchi eng ustuvor loyihalarni tanlab olishimiz kerak», — degan bosh vazir Ismoilov.

Qozog‘iston bosh vaziri Kompleks reja doirasida soha uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha choralarni qayta ko‘rib chiqish, shuningdek kosmik monitoring va zamonaviy texnologik yechimlar vositasida suv sarfi ustidan nazorat mexanizmlarini joriy etish zarurligini ham ta’kidlagan.

Mavzuga oid