Jahon | 13:21 / 16.12.2022
10234
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina rasmiylari: Xarkiv va Poltava «svetsiz» qoldi

Ukrainaning Xarkiv va Poltava hududi elektr energiyasiz qoldi. Bu haqda ushbu hududlar ma’muriyatlari vakillari xabar berdi.

Foto: AP

Poltava viloyatida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlab ketdi. Bu haqda viloyat harbiy ma’muriyati boshlig‘i Dmitriy Lunin ma’lum qildi. Poltava elektr energiyasiz qoldi, dedi shahar meri Aleksandr Mamay. 

O‘z navbatida, Kiyev viloyatida havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi ishlamoqda, dedi viloyat harbiy ma’muriyati boshlig‘i Oleksiy Kuleba. U aholini boshpanalarda qolishga chaqirdi. Ukraina poytaxti meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, portlash ovozlari shaharning Goloseyevskiy, Desnyanskiy va Dneprovskiy tumanlarida eshitilgan.

Dnepropetrovsk viloyati ham hujumga uchradi. Xususan, Krivoy Roh raketalar bilan o‘qqa tutildi, deb yozdi shahar harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Vilkul Telegram’da. 

Bundan tashqari, Xarkivda ertalab portlashlar eshitildi, dedi shahar meri Igor Terexov. «Infratuzilma obekti raketa hujumiga uchragan bo‘lishi mumkin. Elektr bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishi mumkin», deb yozdi shahar meri Telegram’da. Keyinroq Terexov shaharda elektr energiyasi o‘chirilgani, biroq barcha issiqlik punktlari ishlayotganini qo‘shimcha qildi.

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy energetika sohasiga 800 million yevrolik yordam kerakligini aytgandi.

Ukraina hech bo‘lmaganda ushbu isitish mavsumi tugagunga qadar Yevropa energetika tizimidan favqulodda yordamga muhtoj, ya’ni Yevropa Ittifoqi davlatlaridan 2 gigavattgacha bo‘lgan elektr energiyasi yetkazib berilishi kerak, dedi Zelenskiy Parijda Ukrainaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha konferensiyadagi videomurojaati chog‘ida.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, ENsO-E – elektr energiyasini uzatish bo‘yicha Yevropa tizim operatorlari tarmog‘idan tegishli qaror talab qilinadi. 

«Bunday yordamni joriy narxlarda taxminan 800 million yevroga baholash mumkin», - deya ta’kidladi Ukraina rahbari. «Albatta, bu juda katta miqdor, ammo bu ehtimoliy blekaut narxidan kamroq», — dedi Zelenskiy video-aloqa orqali. 

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga transformatorlar, shikastlangan yuqori voltli elektr uzatish liniyalarini ta’mirlash uchun uskunalar, shuningdek, generatorlar va gaz turbinalari kerak.

Mavzuga oid