O‘zbekiston | 12:46 / 19.12.2022
8402
3 daqiqa o‘qiladi

Berlin shahrida O‘zbekistonning yashil iqtisodiyotga o‘tish istiqbollari muhokama qilindi

Germaniyadagi vatandoshlarimiz, soha vakillari va mutaxassislar ishtirokida «O‘zbekistonda tabiiy resurslarni barqaror boshqarish: xalqaro tajriba va milliy yashil iqtisodiyotga o‘tish istiqbollari» mavzusida o‘tkazilgan anjumanda O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Foto: Kun.uz

Kun.uz muxbiriga ko‘ra, tadbir davomida spikerlar tomonidan yashil iqtisodiyotning mohiyati, roli, afzalliklari, tabiiy resurslardan samarali foydalanishda Germaniya va Yevropa davlatlarida yaratilgan natijalar, ekologik barqarorlik va inson hayoti farovonligini ta’minlash, shuningdek, rivojlanishda «Yashil» iqtisodiyotdan samarali foydalanish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar muhokama markazida bo‘ldi.

Umumiy yalpi yig‘ilish va 4ta ishchi bo‘limdan iborat bo‘lgan anjumanda «Markaziy Osiyoda barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish», «Xatarlarni boshqarishda raqamlashtirishning roli va iqlim o‘zgarishida resurslardan foydalanish samaradorligi», «Yashil iqtisodiyot nuqtayi nazaridan suv va energiyadan barqaror foydalanish», hamda «Iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik barqarorlikni ta’minlash» mavzularida chiqishlar taqdim etildi.

«Yashil» iqtisodiyotning bosh vazifasi ishlab chiqarish va iste’mol qilish jarayonlarini ekologik standartlarga mos tarzda o‘zgartirishdan iborat.

«Yashil» iqtisodiyot konsepsiyasi quyidagi besh tamoyillarni o‘z ichiga oladi:

1. Inson farovonligini yaratish va undan samarali foydalanish imkoniyatini ta’minlash;

2. Insonlar orasida iqtisodiy va ijtimoiy tenglikni ta’minlash.

3. Tabiatni muhofaza qilish va qayta tiklash;

4. Iste’mol va ishlab chiqarishning kam uglerodli, resurslarni tejaydigan, xilma-xil va barqaror shakllariga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash;

5. Inson farovonligi va barqarorligini ta’minlash maqsadida jamiyat manfaatlariga mos keladigan moliyaviy tizimni shakllantirish.

Mazkur anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad, O‘zbekiston Respublikasida «yashil» iqtisodiyotni shakllantirishda Germaniya va qo‘shni Yevropa davlatlarida faoliyat yuritayotgan va ilmiy izlanish olib borayotgan mahalliy va o‘zbekistonlik olimlar va mutaxassislarining bu sohada to‘plagan boy ilm va ko‘nikmalari, innovatsion yondashuvlari, zamonaviy texnologiyalar va ilmiy ishlanmalarini keng tatbiq etishdan iborat. Anjuman doirasida tabiiy resurslardan samarali foydalanish va «yashil» iqtisodiyot bo‘yicha Yevropa davlatlarida yaratilgan ilmiy-innovatsion natijalar muhokama qilinadi va ularni mamlakatimizda tatbiq etish istiqbollari bo‘yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Anjumanda o‘zbekistonlik yosh tadqiqotchilar, olimlar, mustaqil izlanuvchilar, doktorant va magistrlar, hamda xalqaro mutaxassislar ishtirok etdi. Anjumanda taqdim qilingan barcha ilmiy loyihalar maqolalar to‘plami sifatida chop etiladi.

Qayd etib o‘tish kerak, tadbir O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Germaniyadagi vakilligi, O‘zbekiston Respublikasining Berlin shahridagi elchixonasi hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti milliy tadqiqot universiteti hamkorligida tashkillashtirildi.

Mavzuga oid