Jahon | 07:09 / 19.12.2022
20127
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy «tinchlik formulasini» amalga oshirish uchun sammit o‘tkazishga chaqirdi

Ukraina prezidentining 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionati finali munosabati bilan murojaati e’lon qilindi. Avvalroq FIFA uni ko‘rsatishdan bosh tortgan, deb xabar berdi CNN.

Foto: IMAGO

Ukraina bu yil qishda Ukraina prezidenti ilgari surgan «tinchlik formulasi»ni amalga oshirish uchun global sammit o‘tkazishga chaqirmoqda. Bu haqda 18 dekabr, yakshanba kuni Volodimir Zelenskiyning 2022 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionati finali munosabati bilan qilgan murojaatida aytilgan. 16 dekabr kuni CNN telekanali manbaga tayanib xabar berganidek, Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) avvalroq Zelenskiyning jahon chempionati final o‘yini oldidan bu murojaatini ko‘rsatishdan bosh tortgan edi.

Zelenskiyning fikricha, bunday sammit barcha xalqlarni «global tinchlik g‘oyasi atrofida» birlashtirishga xizmat qilishi kerak.

12 dekabr, dushanba kuni Ukraina davlati rahbari «Yettilik guruhi» («Katta yettilik», G7) mamlakatlari oldida chiqish qilar ekan, «Ukraina tinchlik formulasining bandlarini qachon amalga oshirish mumkinligini aniqlash uchun» maxsus yig‘ilish – Global Peace Formula Summit'ni tashkil etishni taklif qildi. Zelenskiy sammitni o‘tkazish va o‘n bosqichli formulani avvalroq AQSh prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali muloqotda muhokama qildi.

«Urushlar barbod bo‘lishi kerak va tinchlik g‘alaba qozonishi kerak, xuddi hozir Qatardagidek. Jahon urushi emas, balki jahon chempionati bo‘lishi lozim», - deyiladi Zelenskiyning murojaatida. Yozuv ukrainalik sportchilar va futbol funksionerlari tomonidan faol ravishda tarqatilmoqda.

Avvalroq CNN xabar berganidek, FIFA Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionati vaqtida siyosiy bayonotlarning oldini olish uchun choralar ko‘rgan. 16 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xalqaro futbol federatsiyasi rahbari Janni Infantino avvalroq FIFA bir qator bayonotlarni bloklaganini tan oldi. Infantinoning so‘zlariga ko‘ra, bunga tashkilot go‘yoki «hamma haqida qayg‘urishi» kerakligi sabab bo‘lgan.

«Biz qadriyatlarni himoya qilamiz, biz jahon chempionatida inson huquqlari va barchaning huquqlarini himoya qilamiz», dedi FIFA rahbari. «Televizorda o‘yin ko‘rayotgan muxlislar va milliardlab tomoshabinlarning o‘ziga xos muammolari bor. Ular 90 yoki 120 daqiqa hech narsa haqida o‘ylamay, bunday quvonchdan zavqlanishni xohlashadi. Biz ularga muammolari haqida unutishlari va futboldan zavqlanishlari uchun vaqt berishimiz kerak», - deya qo‘shimcha qildi Infantino.

Vladimir Zelenskiy avvalroq deyarli barcha yirik tadbirlarda - G20 sammitidan tortib "Gremmi" mukofotini topshirish marosimi va Kann kinofestivaliga qadar video-aloqa orqali chiqish qilgandi. Ukraina prezidenti, shuningdek, ko‘plab intervyular berdi, turli jurnalistlar va taniqli artistlar, jumladan Shon Penn va Devid Letterman bilan suhbatlashdi.

Zelenskiy o‘zining 10 bandlik «tinchlik formulasini» sentabr oyida taqdim etgan. Gap, xususan, davlatlar chegaralarini buzganlik uchun jazo, shu jumladan sanksiyalar orqali, davlatlarning o‘z fuqarolari hayotini himoya qilish huquqi, xavfsizlikni (jumladan, oziq-ovqat va yadroviy), shuningdek, Ukraina hududiy yaxlitligini tiklash haqida ketyapti.

FIFAning Ukraina davlati rahbarining JCh-2022 final o‘yini oldidan qilgan murojaatini translatsiya qilmaslik haqidagi qarori Ukraina prezidenti ofisida tanqid ostiga olindi. CNN tomonidan olingan yozma bayonotda qisman shunday deyiladi: «FIFA futbolni odamlarni birlashtiruvchi o‘yin sifatidagi qimmatli tushunchani yo‘qotdi va mavjud qarama-qarshiliklarni qo‘llab-quvvatlamaydi».

Mavzuga oid