O‘zbekiston | 14:55 / 21.12.2022
19959
2 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht, sut va tuxum arzonlashishi uchun nima qilish kerak? SSPda navbatdagi davra suhbati

15 dekabr kuni Savdo-sanoat palatasi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya qo‘mitasi hamkorligida davra suhbati o‘tkazildi, unda go‘sht, sut va tuxum yetishtiruvchi tadbirkorlar o‘zlari duch kelayotgan muammolarni aytishdi.

Davra suhbati chorvachilik va parrandachilik sohasini yanada rivojlantirish va ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida tadbirkorlik sub’yektlarining muammolarini o‘rganish, ularni bartaraf etish hamda muammolar yechimi yuzasidan takliflar ishlab chiqishga bag‘ishlandi.

Tadbirni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov kirish so‘zi bilan ochib, ishtirokchilarni chorvachilik va parrandachilik sohasidagi tadbirkorlarning muammolarini aniqlashga, takliflar berishga, hamda ularni shakllantirishda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Zoom konferensiya orqali Savdo-sanoat palatasining 14 ta hududiy boshqarmalaridan 150 ga yaqin ushbu sohadagi tadbirkorlar qatnashdi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz rahbariyatining aholini rozi qilishga qaratilgan izchil ijtimoiy siyosati tufayli oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin ko‘tarilishi kuzatilmayapti. Bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bozor mexanizmlarining barqaror ishlashiga xizmat qilmoqda.

Go‘sht, sut, tuxum kabi mahsulotlar aholining kundalik iste’mol xarajatlarining 30 foizini tashkil qiladi. Boshqa sohalarda bo‘lgani kabi chorvachilikda ham hosildorlikni oshirish va mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida innovatsiyalar joriy etilmoqda.

Respublikada xalqaro moliya tashkilotlarining grant mablag‘larini jalb etish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan veterinariya, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha to‘qqizta loyiha amalga oshirilmoqda.

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad tadbirkorlar bilan ushbu sohadagi muammolarni ochiq muhokama qilish va konstruktiv yechimlarni izlash uchun platforma yaratishdan iborat.

Tadbir so‘ngida aniqlangan muammolar yuzasidan tadbirkorlik sub’yektlaridan takliflar tahlil qilindi, muammolarning aksariyati tadbir davomida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan hal etildi, ayrim masalalar bo‘yicha esa topshiriqlar berildi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati (T)

Mavzuga oid