O‘zbekiston | 16:07 / 03.12.2024
8061
2 daqiqa o‘qiladi

Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi

Uchquduq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Dilshod Shakarov Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga rahbar bo‘ldi. Ushbu lavozimda faoliyat yuritib kelgan Merey Omonboyeva oldinroq sud hukmi bilan juda ko‘p miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topilgandi.

Foto: Savdo-sanoat palatasi

Shakarov Dilshod Esanovich Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi rahbari sifatida ish boshladi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Dilshod Shakarov 1975 yil yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan. 1999 yilda Samarqand kooperativ institutini, 2009 yilda Samarqand davlat universitetini, 2024 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tugatgan. U 2018-2019 yillarda ham Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Dilshod Shakarov tayinlovga qadar Uchquduq tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.

Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi rahbari sifatida Merey Omonboyeva faoliyat yuritib kelayotgan edi. U oldinroq sud hukmi bilan juda ko‘p miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topilgandi. Hukmga ko‘ra u Navoiy shahar hokimi nomidan foydalanib, tadbirkorning ko‘p miqdordagi pulini qo‘lga kiritgan hamda o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuborgan.

Mavzuga oid