Navoiyda pora olgan IIB xodimi ozodlikdan mahrum qilindi
Navoiy viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmatining Kiberxavfsizlik bo‘linmasi katta tezkor xodimi kartasidagi pulini o‘g‘irlatgan fuqarodan pora tariqasida 600 dollar olgan vaqtda ushlangan. U ushbu pulni fuqaroning kartasidagi pulni kim yechib olganini aniqlab berish evaziga so‘ragan. Sud sobiq “oper”ni 3 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Navoiyda fuqarodan pora olgan IIB xodimi jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmida keltirilishicha, 1988 yilda tug‘ilgan X.M. 2011 yildan IIV tizimida, 2023 yil 11 fevraldan Navoiy viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmasi katta tezkor vakili lavozimida ishlab kelgan.
Karmanada yashovchi fuqaro plastik kartasidagi 62 mln so‘m pulini o‘g‘irlatgan. U ichki ishlar organiga murojaat qilganida, X.M. garchi bunday holatlarni fosh etish bevosita xizmat vazifasiga kirsa-da, pulni kim yechib olganini aniqlab berish evaziga 600 dollar so‘ragan.
2024 yil 11 iyun kuni X.M. jabrlanuvchidan so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida DXX va departament xodimlari tomonidan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
X.M. sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan hamda sodir etgan qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini aytib, suddan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan.
Sud hukmi bilan X.M. Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 2 yil IIV tizimida ishlash huquqidan mahrum etgan holda 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Mavzuga oid
21:28 / 18.12.2024
Guliston IIB TB fuqarolik nizosidan jinoyat ishi “yasadi”. Tergovchi yangi yilni issiq uyida, 50 yoshli ayol esa Rossiya hibsxonasida kutib oladimi?
21:00 / 09.12.2024
200 dollarlik fotosurat, “ish bitirgan” kurka bolalari va qo‘shmachining “tanka”si – noodatiy poralar
16:07 / 03.12.2024
Savdo-sanoat palatasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi
12:07 / 30.11.2024