O‘zbekiston | 19:35 / 21.12.2022
8936
19 daqiqa o‘qiladi

Huquq-erkinliklar, taqiq va istisnolar – Axborot kodeksi loyihasida nimalar yozilgan?

Muhokamaga qo‘yilgan Axborot kodeksi loyihasida senzura qilish, axborotni yashirish va OAVni jazolash uchun «lazeykalar» bor. Shuningdek, jurnalistlarning nafaqat parlament, balki hukumat yig‘ilishlariga ham erkin kirishi, OAVning dronlardan foydalanishiga ruxsat berilishi kabi yangiliklar ham yo‘q emas.

14 dekabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi ishlab chiqqan Axborot kodeksi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.

131 moddadan iborat Axborot kodeksi sohaga doir 8 ta qonunni unifikatsiya qiladi. AOKAning tushuntirishicha, loyiha 50 ta manfaatdor vazirlik va idora bilan kelishilgan.

Axborot kodeksi – O‘zbekistonda axborotdan foydalanish, uni erkin va moneliksiz izlash, olish hamda tarqatishga doir jarayonlarni tartibga solishni maqsad qilgan. Kodeks loyihasida sohaga oid o‘nlab tushunchalarga huquqiy ta’rif berilgan.

Ushbu maqolamizda hujjat loyihasining eng muhim nuqtalariga e’tibor qaratib, o‘z takliflarimizni berdik.

Senzura uchun «lazeyka»

Loyihada har kim axborotni moneliksiz izlash, olish va foydalanish huquqiga egaligi ta’kidlangan bo‘lsa-da, uni cheklovchi sabablar ham yo‘q emas. Masalan, kodeksning 4-moddasida axborot olish faqat qonunga muvofiq hamda inson huquq-erkinliklari, konstitutsiyaviy tuzum asoslari, jamiyatning axloqiy qadriyatlari, mamlakatning ma’naviy, madaniy va ilmiy salohiyatini muhofaza qilish maqsadida cheklash mumkinligi aytilgan.

Bizningcha, loyihadan chiqarib tashlash kerak bo‘lgan jumla: «mamlakatning ma’naviy va madaniy salohiyatini muhofaza qilish maqsadida axborot olishni cheklash». Chunki «ma’naviy salohiyat» va «madaniy salohiyat» tushunchalariga hech qayerda, kodeksning o‘zida ham aniqlik kiritilmagan. Amaldorlar bu normani senzura uchun qurol sifatida ishlatishi mumkin.

Axborotni yashirish uchun «lazeyka»

Kodeks loyihasining 6-moddasida axborot ochiq va oshkora bo‘lishi kerakligi, maxfiy va konfidensial axborotlar bundan mustasnoligi qayd etilgan. Shu bilan birga, moddada maxfiy bo‘lmagan axborot turlari sanalgan, lekin maxfiy bo‘lgan axborot turlari haqida aniq ma’lumot yo‘q. Bu holat mansabdorlar har qanday axborot yoki qaroriga maxfiy tamg‘asini qo‘yib olishi uchun «lazeyka» bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Eslab o‘tish lozim, Antikorrupsiya agentligi ishlab chiqishi kerak bo‘lgan «Davlat sirlari to‘g‘risida»gi qonun qariyb 1,5 yildan buyon qabul qilinmayapti.

Jazolash uchun «lazeyka»

Loyihadagi yana bir bahsli modda – 8-modda. Unda OAV va blogerlar o‘zlari tarqatayotgan axborotning haqqoniy emasligi uchun axborot manbayi va muallifi bilan birgalikda javobgar bo‘lishi yozilgan.

Bu norma amaldagi qonunda ham bor. Bizningcha, bu band tuzatilishi lozim. Chunki eng ilg‘or jahon tajribasi ham shuni ko‘rsatadiki, har doim ham barcha axborotlarni tekshirish, haqqoniyligini aniqlashning imkoni bo‘lmaydi. OAV hukumatdagi o‘z manbalaridan olgan eksklyuziv ma’lumotni qanday qilib tasdiqlashi ham savol ostida. Amaliyotda esa ba’zi xabarlar OAVda tarqalgachgina davlat tashkilotlari uni tasdiqlamoqda.

Axborot berish va olish tartiblari haqida

Kodeks loyihasi bilan davlat hokimiyati organlariga fuqarolarni – ularning huquq-erkinliklari va majburiyatlariga, ularning xavfsizligiga doir hamda jamiyat manfaatlariga taalluqli boshqa masalalar yuzasidan axborot bilan ommaviy tarzda ta’minlash majburiyati yuklanmoqda.

Kodeksda amaldorlar axborot olish haqidagi «og‘zaki so‘rovga, imkoniyatga qarab, darhol javob berilishi kerak», deyilgan. Bu esa imkoniyatga qarab javob bermaslik ham mumkin degan qoidani keltirib chiqaradi. Shu sababli moddani tuzatish, rasmiy shaxslarga ularning vakolatiga doir og‘zaki savol berilgan vaqtda ular davlat xizmatchisiga xos ravishda odob saqlagan holda shu vaqtning o‘zida savolga to‘liq javob berishga harakat qilishi kerak, degan mazmunga o‘tkazish maqsadga muvofiq.

Loyihaga ko‘ra, murojaatchining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor axborot uning so‘roviga binoan tekinga beriladi. Agar axborot berish u maxfiyligi tufayli rad etilsa, 5 kun ichida ma’lum qilinishi kerak.

Kodeksda davlatning axborot siyosati asoslari qatorida «xalqaro axborot tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmog‘idan erkin foydalanish uchun sharoit yaratish» haqidagi band ham bor. Agar bu loyiha kuchga kirsa, internetdan erkin foydalanishni ta’minlash uchun O‘zkomnazorat bir qancha ijtimoiy tarmoqlar va xorijiy axborot resurslarini blokdan yechishi kerak bo‘ladi.

Nazoratchilar ko‘paygan

Kodeksning 3-bobi axborot sohasidagi vakolatli organlarga bag‘ishlanadi, bular qatoriga Vazirlar Mahkamasi, AOKA, AKTV, Adliya vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va mahalliy hokimiyat organlari kiritilgan.

Axborot sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi organ AOKAga – fuqarolarning so‘z va axborot erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashda qatnashish, axborot sohasi qonunchiligiga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish huquqi berilmoqda. Shuningdek, AOKA aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha davlat organlari va OAVga ogohlantirish hamda ijro uchun majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritishi mumkin.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga qiziq vakolat berilmoqda. Ya’ni agentlik jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlaridan kelib chiquvchi davlat organlari faoliyati ochiqligi va shaffofligiga oid dolzarb masalalarni umumxalq muhokamasiga chiqaradi.

Kodeksga ko‘ra, AOKA, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy va hududiy komissiyalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi davlat boshqaruvi organlari, Yoshlar ishlari agentliklari – bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishda ishtirok etadi.

Axborot xavfsizligi va shaxsiy ma’lumotlar

Qonun bilan jismoniy shaxslarga taalluqli shaxsiy ma’lumotlar konfidensial axborot toifasiga kirishi va shaxsning roziligisiz undan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilmoqda. Lekin, bu yerda «qonunchilikda belgilangan hollarda» degan istisno mavjud.

Kodeksning 39-moddasiga ko‘ra, OAV axborot manbasini yoki taxallusini qo‘ygan muallifni ularning roziligisiz oshkor etishga haqli emas. Axborot manbasi yoki muallif nomi faqat sud qarori bilan oshkor etilishi mumkin.

Jamiyatdagi axborot xavfsizligiga fuqarolik jamiyati asoslari rivojlantirish, ommaviy axborot erkinligini ta’minlash orqali erishiladi. Qonunga xilof ravishda ijtimoiy ongga axborot vositasida ruhiy ta’sir ko‘rsatishga, uni chalg‘itishga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilmoqda.

Hujjatda qayd etilishicha, milliy o‘zlikni anglashni izdan chiqarishga, jamiyatni tarixiy, milliy an’analaridan uzoqlashtirishga, ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni buzishga qaratilgan axborot xurujiga qarshi harakat tizimi barpo etiladi.

Internetda axborot xavfsizligini ta’minlash maqsadida axborot resursining egasi va blogerlarga quyidagilar taqiqlanmoqda:

  • konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga, ommaviy tartibsizliklarga da’vat etish;
  • davlat sirlarini oshkor etish;
  • adovat qo‘zg‘ash, fuqarolarning sha’niga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish;
  • jamiyatga, davlatga, davlat ramzlariga hurmatsizlikni namoyon etuvchi va beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish;
  • pornografiyani, zo‘ravonlikni va shafqatsizlik, bir jinslilar o‘rtasidagi g‘ayritabiiy aloqalarni targ‘ib qilish, shuningdek o‘z joniga qasd qilishga da’vat etish;
  • shuningdek, qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan o‘zga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Veb-sayt, axborot resursining egasi yoki blogerlarning axborotida yuqoridagi taqiqlangan materiallar bo‘lsa, uni darhol o‘chirib tashlashi kerak. Agar taqiqlangan axborot o‘chirilmasa, uning resursidan foydalanish hukumat belgilagan tartibda cheklanadi, ya’ni bloklanadi. Shuningdek, qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Axborotlar uchun yosh tasnifi

Kodeksning 46-moddasida bolalar o‘rtasida tarqatilishi taqiqlangan axborotlar keltirilgan. Ular qatoriga bolalarning hayotiga xavf soladigan va noqonuniy harakatlarni sodir etishga undaydigan, alkogolli va giyohvandlik vositalariga yoki g‘ayriijtimoiy harakat bilan shug‘ullanish istagini paydo qiladigan, shafqatsizlik va zo‘ravonlikni oqlaydigan, oilaviy qadriyatlarni inkor etadigan, oila a’zolariga hurmatsizlikni shakllantiradigan, pornografiya xususiyatiga ega axborot va boshqalarni keltirish mumkin.

Hujjatga ko‘ra, axborotni O‘zbekiston hududida tarqatish boshlanguniga qadar mahsulotning yoshga oid tasnifi qo‘yiladi. Yoshga oid tasniflar «0+», «7+», «12+», «16+» va «18+»ga bo‘linadi.

Axborot mahsulotida bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot mavjudligi AOKA qaroriga ko‘ra, 30 kun ichida ekspertlar tomonidan aniqlanib, xulosa beriladi.

OAV faoliyati va erkinligi

Kodeksda – O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari erkinligi, qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, har kimda OAVda chiqish, o‘z fikri va e’tiqodini oshkora bayon etish huquqi borligi mustahkamlangan. Lekin, “qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa”, degan tushuncha boshqa hujjatlar orqali OAV erkinligini to‘sishi mumkin. Buni ham qandaydir «lazeyka» deyish mumkin.

Davlat OAV faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, mulk huquqini va davlat organlari, mansabdorlarining noqonuniy harakatlaridan himoya qilinishini kafolatlaydi.

Kodeksda OAV tarqatilayotgan axborotning noxolisligi va ishonchsizligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi haqida qoida bor. Lekin, noxolislik degan mavhum tushunchaga hujjatda rasmiy izoh berilmagan.

OAV vakillari erkinligini suiiste’mol qilmasligi kerak hamda qonunbuzarliklar, davlat sirlari, terrorizm, adovat, bir jinslilar o‘rtasidagi aloqalar, giyohvandlikni targ‘ib qilish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Kodeksga ko‘ra, O‘zbekistonda OAVni senzura qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Taklif etilayotgan loyihada bu so‘zma-so‘z shunday tushuntirilgan:

«Davlat organlari, mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar tomonidan ommaviy axborot vositasi mahsulotlari, xabarlar va materiallari yoki ularning qismlarini tarqatishni cheklash, taqiqlash, shu jumladan xabarlar va materiallar matnini o‘zgartirish maqsadida ommaviy axborot vositasi bilan oldindan kelishish (mansabdor shaxsning o‘zi muallif bo‘lgan material va uning intervyusidan tashqari) yoxud ommaviy axborot vositasini o‘z talabini bajarishga majburlash taqiqlanadi». (56-modda)

OAV «Davlat tili haqida»gi qonunga muvofiq ishlaydi, shuningdek boshqa rasmiy tillarda ham chiqarilishi mumkin. OAVda uyatli so‘zlar va so‘kinishga yo‘l qo‘yilmaydi, chiqarilayotgan tilning ilmiy qoidalari va normalariga amal qilinishi shart.

Dronga ruxsat berilmoqda

Kodeksning 77-moddasiga ko‘ra, OAV tomonidan jamoat joylari, bino va inshootlarni foto va video suratga olish hech qanday cheklovlarsiz amalga oshiriladi. Suratga olish taqiqlangani haqidagi tegishli ko‘rsatkichlar o‘rnatilgan obektlar bundan mustasno.

Kodeksda yangiliklardan biri – OAVga uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanishi ruxsat berilishi bo‘lmoqda. Ya’ni, 79-moddaga ko‘ra, ommaviy axborot vositalarida foto-videomateriallarni tayyorlash maqsadida belgilangan tartibda ruxsatnoma olish orqali davlat organi belgilab bergan hududlarda, 100 metrgacha bo‘lgan balandlikda, vazni 3 kilogrammdan ziyod bo‘lmagan uchuvchisiz uchadigan apparatlardan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Ruxsatnomasi mavjud dronlardan tahririyat xodimi shaxsiy manfaatlarida foydalanishi mumkin emas.

Ta’sischilar, monopoliya va guvohnoma

Ommaviy axborot vositalari bozorini monopollashtirish taqiqlanadi. Ya’ni biror shaxs umumiy OAV bozorini 25 foizidan ortig‘iga muassis (hammuassis) bo‘lishga yoki boshqaruvida (bevosita yoki affillangan shaxslar orqali) saqlashga haqli emas.

Hujjatda ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi 30 foizdan oshgan yuridik shaxslarga OAV ta’sis etish taqiqi saqlanib qolgan.

Kodeksda OAVga qonunchilikka muvofiq xalqaro hamkorlikka ruxsat berilgan, shu bilan birga, xorijiy davlatlar va tashkilotlar, chet el fuqarolari tomonidan OAVni qo‘llab-quvvatlash uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri beg‘araz ko‘mak ajratish taqiqlanadi.

AOKA o‘zida OAVni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish vakolatini saqlab qoladi. Shu tariqa, OAVni xabardor qilish orqali davlat ro‘yxatidan o‘tish masalasi boshqa ochilmaydigan bo‘lyapti.

Shuningdek, davlat amaldorlariga xususiy OAV ta’sis etishni taqiqlashga oid avvalroq bildirilgan fikrlar loyihadan joy olmagan.

Tahririyatlar va davlat tashkilotlari bilan ishlash tartibi

Tahririyat o‘z nomini oshkor etmaslik sharti bilan berilgan axborot, ma’lumotlar, faktlar yoki dalillar manbayining nomini, shuningdek taxallusini qo‘ygan muallifning nomini ularning yozma roziligisiz oshkor etishga haqli emas. Shuningdek, tahririyat manbaning talabiga binoan uning nomidan sudda ishtirok etishi mumkin.

Bundan tashqari, tahririyatlar noqonuniy harakatlar natijasida jabrlangan voyaga yetmaganlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning qonuniy vakili roziligisiz oshkor etish huquqiga ega emas.

OAVning davlat organlari faoliyatiga doir axborot va mansabdorlarning intervyusini tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovlari ko‘pi bilan 5 kun muddatda ko‘rib chiqilishi kerak. Amaldagi tartibga ko‘ra, bu muddat 7 kun.

Kodeksga ko‘ra, OAV tahririyatlari Oliy Majlisning yopiq bo‘lmagan majlislarida ishtirok etishlari hamda ma’lumot olishlari mumkin. OAV vakillari shuningdek, Vazirlar Mahkamasi majlislarida ham ishtirok etishlari hamda ma’lumot olishlari mumkin.

Qayd etib o‘tish lozim, ayni kunlarda O‘zbekistonda parlament quyi palatasi va hukumat majlislari mustaqil OAV vakillari eng kam kiritiladigan muassasalar hisoblanadi.

Hujjatga ko‘ra, hukumat OAV erkinligini cheklaydigan yoki erkin faoliyat yuritishiga to‘sqinlik qiladigan normativ-huquqiy tusga ega qarorlar qabul qilishi mumkin emas.

Davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari yil yakunidan keyin 30 kunlik muddatda, o‘z faoliyati bo‘yicha matbuot anjumani shaklida OAVga davriy hisobot berib borishi qayd etilgan.

OAV, shuningdek o‘z materiallarida fuqarolarni jins bo‘yicha bevosita va bilvosita kamsitishi taqiqlanadi.

Jurnalistik faoliyat va uning daxlsizligi

Jurnalist axborotlarni to‘plash, tahrirlash, o‘zi tayyorlagan xabarlar va materiallarni OAV orqali imzosini yoki taxallusini qo‘yib tarqatish, ularda o‘z fikr-mulohazasini ifodalash huquqiga ega.

Jurnalist, shuningdek davlat organlarining ochiq hay’at majlislarida va ommaviy tadbirlarida, mansabdor shaxs qabulida, sudlarning ochiq majlislarida, harbiy harakatlar maydonlarida, tabiiy ofat yuz bergan hududlarda, ommaviy tadbirlarda hozir bo‘lish huquqiga ega.

Jurnalist o‘z kasbiga doir axborotdan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi, axborot manbasining roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlarni e’lon qilishi, shuningdek audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas.

Jurnalist o‘z faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi. Tanqidiy materiallar e’lon qilgani uchun jurnalistni ta’qib qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Jurnalist tekshiruvi davrida u qo‘lga kiritgan materiallar va hujjatlar olib qo‘yilishi yoki ko‘zdan kechirilishi mumkin emas. Jurnalistning jurnalistlik faoliyatiga aralashish, undan o‘z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog‘ida olgan biror bir ma’lumotni talab etish taqiqlanadi.

Shu joyda eslatib o‘tish o‘rinliki, garchi jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilish taqiqlangan bo‘lsa ham bunday harakat uchun bir necha yillardan buyon javobgarlik belgilanmay kelmoqda. Shu sababli ko‘p xollarda jurnalistga qarshilik qilgan mansabdorlar hayfsan yoki og‘zaki uzr bilan «suvdan quruq chiqmoqda».

Kodeksning 103-moddasiga ko‘ra, davlat organlari, tashkilotlari va boshqa mansabdor shaxslar quyidagilar uchun javobgarlikka tortiladi:

  • senzura qilish;
  • jurnalist o‘z kasbiga doir qonuniy faoliyatni amalga oshirishiga akkreditatsiya qilishni asossiz ravishda rad etish yoki akkreditatsiyani noo‘rin bekor qilish yo‘li bilan to‘sqinlik qilish;
  • jurnalistning so‘rov bilan murojaat qilish va zarur axborotni olish huquqini buzish;
  • jurnalistga tazyiq o‘tkazish, uning jurnalistlik faoliyatiga aralashish;
  • jurnalistning materiallari va zarur texnika vositalarini g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish;
  • axborot manbaini yoki muallif nomini uning roziligisiz oshkor etish.

Bundan tashqari, jurnalistning ushbu huquqlarini buzganlik, kasbiga doir faoliyati bilan bog‘liq holda sha’ni va qadr-qimmatini haqorat qilganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilanmoqda. Umid qilamizki, ushbu kodeksning qabul qilinishi yuqorida qayd etilgan jurnalist faoliyatga to‘sqinlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanishiga olib keladi.

Jurnalist rasmiy xabardan, normativ-huquqiy hujjatlardan yoki axborot agentliklari, davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlaridan, ularning rasmiy veb-saytlaridan olingan haqiqatga mos kelmaydigan materiallarni tarqatganlik uchun javobgar bo‘lmaydi.

Davlat tashkilotlari ochiqligi va huquqiy axborot

Davlat organlari va tashkilotlari ochiq bo‘lib, o‘z faoliyati to‘g‘risidagi – ishlab chiqilayotgan hujjatlari, inson huquq va erkinliklariga rioya etishi, budjet mablag‘larini sarflanishi, o‘tkazadigan ommaviy tadbirlari, xalqaro va milliy doirada hamkorligi, rasmiy tashriflari, faoliyati sohasiga taalluqli bo‘lgan tarmoqning, hududning holati, statistik ma’lumotlar va boshqalar haqidagi axborot berib borishi kerak.

Hujjatda barcha davlat organlari va tashkilotlari tarkibida axborot xizmatlarining mavjudligi majburiy hisoblanishi qayd etilgan.

Ta’kidlash kerakki, Axborot kodeksi loyihasida keltirilgan ko‘plab huquq va erkinliklar amaldagi (unifikatsiya qilinayotgan) qonunlarda ham bor. Gap ularning ijrosi, davlat tomonidan so‘z erkinligi va siyosiy huquqlarning kafolatlanishida qolmoqda.

Kodeks loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi 29 dekabrda yakunlanadi. Hujjat parlamentga kiritilib, undan o‘tgach, prezident imzolab e’lon qilganidan keyin 6 oy o‘tib kuchga kiradi.

Farrux Absattarov

Mavzuga oid