O‘zbekiston | 18:12 / 26.12.2022
16349
7 daqiqa o‘qiladi

“Ayolning haqqiga tajovuz qilish – gunoh” -– Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov

“Ayrim holatlarda ayollarga qo‘pol muomala qilish, ularni kamsitishlar uchrab qolishi biz – musulmonlarga eng xijolatli va Alloh huzurida javob beradigan gunohlarimizdan desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki Qiyomatda buning uchun javob beramiz”, - dedi muftiy.

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov bugungi kunda jamiyatimizda xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlar, tazyiqlar avj olayotgani Islom tavsiyalariga zid ekani haqida gapirdi.

Ayollarga yomon muomala uchun Qiyomatda javob beramiz

Bugun ayolning haqqiga tajovuz qilish, poymol qilish, ularni kamsitish holatlari ko‘rinib turibdi. Butun dunyoda ayollarning haq-huquqlarini himoya qilish masalasi yuqori darajaga ko‘tarilmoqda. Yurtimizda bu masalada davlatimiz tomonidan hamma imkoniyatlar, sharoitlar yaratilgan. Aslida musulmon o‘laroq biz bir narsani bilishimiz kerakki, ayollarning himoyasi bundan 14 asr muqaddam Alloh azza va jalla tomonidan belgilab qo‘yilgan. Islom dini boshlanishi bilan ayollarning haqqi to‘liq himoyaga olindi deb faxrlansak arziydi. Ungacha ayollarning haqqi juda poymol bo‘ldi. Ular ota-onadan meros olmas, er majburiyat va haqlarida hech qanday haqqa ega emas edilar. Qiz farzand ko‘rish oriyat edi, hatto qiz tug‘ilganda tiriklayin ko‘milgan holatlar bor johiliyatda.

Undan keyin Payg‘ambarimiz s.a.v.ning “Qiz bola ota-onani do‘zaxdan to‘sib qoladigan pardasidir. U oilaning barakasidir” deb o‘rgatishlari, jannat eshigi onaning oyog‘i ostida ekani, erkaklarning eng yaxshisi bo‘lish jufti halolga yaxshi munosabatda bo‘lish bilan o‘lchanishi haqidagi hadislari bilan ayollarimizning huquqlari himoya qilindi.

Ammo ba’zida ayollarga qo‘pol muomala qilish, ularni kamsitishlar uchrab qolishi biz – musulmonlarga eng xijolatli va Alloh huzurida javob beradigan gunohlarimizdan desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Chunki Qiyomatda buning uchun javob beramiz.

Ayolning shikoyati Allohga yetib boradi

Ijtimoiy tarmoqlarda ayolga maslahat solish noto‘g‘ri ish bo‘lishi, ularning aqli noqisligi haqida tavsiyalar berilyapti. Ayrimlar bu fikrlarni qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘ryapmiz. Lekin bu juda katta xato. Payg‘ambarimiz s.a.v.ning ko‘rsatmalariga, Islom tavsiyalariga zid ekani hisobga olinmayapti.

Qur’oni Karimda eng katta suralardan biriga ayollar nomi (Niso surasi) berilgan. Mujodala surasida ayni ayollarga taalluqli bo‘lgan masala yoritilishi va bir ayolning savoliga Parvardigori Olamning javob berishi biz uchun juda katta ta’lim bo‘ladi.

Rivoyat qilinadiki, Payg‘ambarimiz s.a.v.ning huzurlariga Havla bintu Sa’laba roziyollohu anho eri Avs ibn Somitdan shikoyat qilib keldi. Avs ibn Somit xotiniga: “sen menga onam kabisan” deb qo‘ydi. Islomdan avvalgi davrda erkak kishi ayolini o‘z onasiga o‘xshatib qo‘ysa, ya’ni zihor qilib qo‘ysa ular butun umr birga yashashlari harom hisoblangan.

Havla bu gapni Payg‘ambar (sallollohu alayhi vasallam)ga aytganda “ey Havla endi sizlar bir-biringizga harom bo‘ldingiz” dedilar. Havla onamiz birgina gap bilan eridan ayrilgisi kelmayotgani, eri ham bundan afsus-nadomatda ekanini aytib yordam so‘radi. Ammo Payg‘ambarimiz yana avvalgi javobni qaytardilar. Shunda Havla binti Sa’laba osmonga qarab: “Ey Robbim, Payg‘ambaring Muhammad s.a.v.ning muborak og‘izlariga mening foydamga biror bir so‘z keltirgin” deb shikoyat qilib qo‘yardi. Rasululloh Allohning aytganini qilayotganini aytardi. Havla bintu Sa’laba takror-takror so‘rashdan charchamasdi.

Shunda birdan Rasululloh s.a.v.ga vahiy keldi va Havla onamizga qarab: “Ey Havla, mujdalar bo‘lsin. Alloh azza va jalla sening haqingda oyat nozil qildilar. Ya’ni sening shikoyatingni eshitdi va uning muolajasini nozil qildi. Sizlar bir-biringizga harom emassizlar va ering ma’lum jarimalar bilan jazolanib, birga yashashingiz mumkin” degan ko‘rsatma berdi. Shu bilan ularning oilasi tiklandi. Bir ayolning shikoyatiga Yaratganning javob berishi va bu javoblar Qur’onga yozdirilib, Qiyomatga qadar o‘qiydigan qilib qo‘yilishidan ortiqroq fazilat yo‘q.

Ayolning e’zozi va hurmati uchun dalil

Yana rivoyat qiladilarki, Umar ibn Hattob roziyollohu anhu yo‘lda ketayotganlarida bir kampir ularni to‘xtatib, nasihat qila boshladi: “Ey Umar, seni bir vaqtlar “Umarcha” deyishardi, keyin “Umar” deb ataladigan bo‘lding. Bugun esa “Mo‘minlar amiri” deyishmoqda. Ey Umar, mas’ulyat bobida Alloh taolodan qo‘rq, kim qiyomat kunidan qo‘rqsa, kim o‘limdan qo‘rqsa, o‘tkinchi narsalar ham uni qo‘rquvga soladigan bo‘ladi”.

Xalifa Umar ibn Hattob roziyollohu anhu uning so‘zlarini indamasdan tinglar edi. Ayol gapini tugatib ketgunicha uning gapini bo‘lmadi.

Shunda hamrohlari Hazrati Umarga: “Shu kampirning gapiga shuncha vaqt bo‘lmasdan quloq solib turdingiz” deyishdi. Shunda Hazrati Umar: “Allohga qasamki, agar bu kampir kun bo‘yi gapirsa ham, namozdan boshqa payt gapini bo‘lmasdan tinglar edim. Bu ayolning kimligini bilmaysizmi? U Avs ibn Somitning xotini Havla binti Sa’laba bo‘ladi. Bu ayolning so‘ziga yetti qavat osmonda turgan Alloh taolo javob berganda, men qanday javob bermasligim mumkin?” dedilar.

Shuning o‘zi butun musulmonlar uchun katta ta’lim. Birgina ayolning shikoyatiga Robbimiz javob berib, Qur’onga yozib qo‘ygan bo‘lsa, butun mo‘minlar amiri bo‘lgan zot unga quloq solib turgan bo‘lsa, ayolning e’zozi va hurmatini kuchaytirish uchun bundan ortiq dalil yo‘q.

Mavzuga oid