O‘zbekiston | 13:18 / 26.12.2022
28315
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: O‘zbekistonda 1000 so‘mlik tangalar muomalaga chiqarildi 

Muomalaga chiqarilayotgan 1000 so‘mlik tanga bugungi kunda muomalada bo‘lgan 2001 yil namunasidagi 1000 so‘mlik banknotlar bilan bir qatorda muomalada bo‘ladi. Xo‘sh, nega 1000 so‘mlik tanga muomalaga chiqarildi? Kun.uz 1000 so‘mlik tangalarga oid voqealarni eslatib o‘tadi.

Foto: Kun.uz

Markaziy bank axborotiga muvofiq, 2022 yil 26 dekabrdan O‘zbekistonda 1000 so‘mlik tangalar muomalaga chiqarildi. 

Regulyatorning qayd etishicha, muomalaga chiqarilayotgan 1000 so‘mlik tanga ko‘rinishidagi pul belgilari bugungi kunda muomalada bo‘lgan 2001 yil namunasidagi 1000 so‘mlik banknotlar bilan bir qatorda (parallel ravishda) muomalada bo‘ladi. Ya’ni 2001 yil namunasidagi 1000 so‘mlik banknotlar ham to‘lov qobiliyatini yo‘qotmaydi.  

Shuningdek, yangi ko‘rinishdagi ushbu pul belgilari ayni paytda muomalada bo‘lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va aholi tomonidan o‘z qiymati bo‘yicha barcha turdagi to‘lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.

Nega 1000 so‘mlik tanga muomalaga chiqarildi? 

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 2021 yil boshida jurnalistlarning O‘zbekistonda muomalada bo‘lgan barcha banknotlar ichida faqat 1000 so‘mlik yangilanmay qolgani haqidagi savoliga javob bergandi. Regulyator rahbari o‘shanda 1000 so‘mlik tangalar haqidagi rejalarni ochiqlagandi. 

Maqsadimiz ming so‘mlik pulni qayta qog‘ozli shaklda chiqarish emas. Ming afsus, hayotimizdan tanga pullardan foydalanish chiqib ketdi. Oldin 1000 so‘mlikni chiqarganmiz, lekin undan foydalanish darajamiz muomaladan chiqib ketdi, niyatimiz ming so‘mlikni tanga pulga aylantirish. Chunki eng ko‘p qo‘llanadigan pul belgilaridan biri – 1000 so‘mlik banknota, 500 so‘mlik tanga va 2000 so‘mlik banknota, shu sababli buni ham tanga shakliga o‘tkazsak, bu birinchidan, pul muomalasini tashkil qilishdagi xarajatimizni kamaytiradi, ikkinchi tarafdan, ishlatishga qulay shaklda bo‘ladi”, – degandi Nurmurodov.

Jamoatchilikka ochiqlanmagan Senat qarori 

2022 yilning iyul oyida 200 ming so‘mlik banknot muomalaga chiqarilgandi. Kun.uz pullar chiqarilishidan oldin qonunchilikka muvofiq Markaziy bank Senat bilan kelishishi kerakligiga, biroq Senatning bu haqdagi qaroriga oid ma’lumotlar e’lon qilinmaganiga e’tibor qaratdi. Tanqiddan so‘ng Oliy Majlis Senatining matbuot xizmati 200 ming so‘mlik yangi kupyura dizayni ma’qullanganini ko‘rsatuvchi Senat kengashi qarorini taqdim etdi. Qarorda ming so‘mlik tangalar ham muomalaga chiqarilishi kutilayotgani, kengash uning ham dizaynini ma’qullagani ayon bo‘ldi. Biroq yangi tangalarning dizayni va qachon muomalaga chiqarilishi haqidagi ma’lumotlar ochiqlanmagandi. 

Ma’lumot uchun, 2021-2022 yillar davomida barcha qog‘oz pullar yagona – Buyuk Ipak Yo‘li mavzusi atrofida yangi namunada muomalaga chiqarildi.

Mavzuga oid