Jahon | 14:24 / 26.12.2022
39072
19 daqiqa o‘qiladi

Stalinning hamtovog‘i yoki millionlab insonlar qalbidagi dahshat – Lavrentiy Beriya

Tarixda ham, hozir ham zulm va qo‘rquv asosida boshqarilgan tuzumlar juda ko‘p. Bunday uslubni esa shaxslar yaratadi. SSSR tarixida ham ziddiyatli shaxslar keragidan ortiq. Aniqrog‘i, barcha davlat rahbarlari ham oq va qora bo‘yoqlarda tasvirlanib, cheksiz bahslarga sabab bo‘lishgan. Lavrentiy Beriya nomi esa biror jihatdan oqlanib eslanmaydi. Chunki u kuchishlatar tizimlar jilovini qo‘lga olib, o‘ta shafqatsiz tizimni yaratgandi.

Beriyaning lavozimlari ko‘p edi. Biz faqat eng muhimlari va ittifoq miqyosidagilarini sanab o‘tamiz: 1941 yildan boshlab Xalq komissarlari soveti (NKVD) raisi o‘rinbosari, (1946 yildan ministrlar sovetiga o‘zgargan va uning raisi I.V.Stalin edi), 1953 yilda, Stalin o‘limidan so‘ng SSSR ministrlar soveti raisi Malenkovning birinchi o‘rinbosari va bu bilan bir paytda ichki ishlar ministri. 1941-1945 yillarda Davlat mudofaa qo‘mitasi a’zosi, qo‘mita raisi o‘rinbosari. Oliy sovetning 1-3-chaqiriqlari deputati, KPSS markaziy qo‘mitasi a’zosi, politbyuroga nomzod va a’zo, Sotsialistik mehnat qahramoni, Sovet ittifoqi marshali...

Ammo bularning hammasi uning norasmiy maqomi oldida hech gap emasdi. Stalinning eng yaqin tarafdorlaridan biri bo‘lgan Beriya ittifoqning barcha kuchishlatar tuzilmalari, qurolli kuchlari, armiya va qurollanish tizimini boshqarardi. Bugungi kun ta’biri bilan aytganda u Mudofaa, Ichki ishlar, Milliy gvardiya, tashqi va ichki razvedka, KGB kabi qo‘lida qurol ushlashi mumkin bo‘lgan barcha sohalarni o‘z qo‘liga olgandi. Stalin unga eng murakkab vazifalarni topshirar, u esa sadoqat va sovuqqonlik bilan bajarardi. Ikkinchi jahon urushi yakunidan keyingi davrlardagi eng katta loyiha – SSSR atom bombasi va raketa texnikalari dasturining tamal toshini ham aynan Lavrentiy Beriya qo‘ygandi.

Bolalik

Asl ism-sharifi Lavrenti Pavles dze Beria bo‘lgan qahramonimiz 1899 yilda hozirgi Gruziyadagi Kutaisi guberniyasidagi Merxeuli hududida tug‘ilgan. Uning onasi Marta Jakelining eri erta qazo qiladi va ayol o‘g‘li va ikki qizi bilan qolib ketadi. Ikkinchi turmushini Pavel Beriya bilan qurgan ayol yana uch farzand ko‘radi. Ammo bir o‘g‘il ikki yoshida vafot etadi, qizaloq kasallik tufayli kar va gung bo‘lib qoladi. Bu turmushdagi yagona sog‘lom bola Lavrentiy yoshligidan ana shunday og‘ir muhitda o‘sgan bo‘lsa-da, o‘zining kuchli aqliy qobiliyatini namoyon etadi. Buni payqagan ota-ona uylarining yarmini sotib, Suxumi bilim yurtida tahsil oluvchi o‘g‘illarining ta’limi uchun sarflashadi.

Bilim yurtini tugatgan Lavrentiy Bokuga ketadi va mexanika-texnika bilim yurtida o‘qishini davom ettiradi. 17 yoshida Nobellarning Bokudagi zavodiga ishga kirgan Lavrentiy onasi va gung singlisini ham o‘z qaramog‘iga oladi.

Beriya partiya xizmatida

Undagi inqilobiy qarashlar aynan mana shu yoshda boshlangan. 1916 yilda yashirin marksistik to‘garak ishtirokchisi bo‘lib yozilgan Lavrentiy tez orada uning g‘aznachisi etib tayinlanadi. 1917 yildan boshlab to‘laqonli bolshevikka aylangan Beriya qator janglarda qatnashadi. Tez orada u kontrrazvedka tizimiga ishga o‘tadi va 1919-1920 yillarda Qizil Armiyani zarur ma’lumotlar bilan ta’minlab turadi. Qizig‘i, aynan mana shu faoliyati uning otuvga hukm qilinishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Uning partiya pillapoyalarida shitob bilan ko‘tarilishi Zakavkaze hududida boshlangan. 1931 yilda politbyuro Beriyani Zakavkaze kraykomiga ikkinchi sekretarlikka tavsiya qiladi. Bu lavozimda bir yilgina ishlagan Beriya Gruziya markaziy komiteti birinchi sekretari etib tayinlanadi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, bu Gruziya respublikasining eng katta amaldori degani edi.

Uning hayotidagi tarixiy burilish 1934 yilda yuz beradi. Stalinning 55 yillik yubileyiga borgan Beriyaga dohiyning nazari tushadi. 1935 yilda u o‘zining birinchi Lenin mukofotini oladi.

Beriyaning xalq xo‘jaligini rivojlantirishdagi yutuqlari chindan ham salmoqli edi. Ayyor, qattiqqo‘l va aqlli rahbar sifatida u natijaga erishish yo‘llarini bilardi. Uning boshqaruvi davrida Gruziya butunittifoq dam olish zonasiga aylantirildi va barcha amaldorlarning Beriyaga ishi tusha boshladi. Gruzin dehqonlari yetishtirgan uzum, choy, mandarinlarga yuqori qiymat belgilandi va qishloq xo‘jaligi xodimlari ittifoq doirasida eng yaxshi daromadga ega bo‘ldilar.

Qora kardinal maqomida

Beriya 1937 yildagi “Tozalash” taloto‘plaridan ustalik bilan omon qoladi. U Moskva tomonidan hududlarga tergovga jo‘natiladi. Ana shunday tergovlardan birida u Armaniston birinchi sekretari A.G.Xandjyanni o‘z kabinetida sovuqqonlik bilan otib tashlagani ortidan tilga tushadi. O‘sha paytlarda sudga qadar qatl qilish oddiy hol bo‘lsa-da, hech bo‘lmasa “uchlik” (“Troyka”) qarori kerak bo‘lardi. Ya’ni shu sohada vakolati bo‘lgan uch shaxsning imzosi bilan qatl qilishi mutlaqo qonuniy hisoblanardi. Beriyaning bu qilmishi shov-shuvlarga sabab bo‘ladi, ammo u suvdan quruq chiqadi va aksincha, qat’iyati bilan obro‘si oshib ketadi.

1938 yilda Beriya SSSR ichki ishlar xalq komissari N.I.Yejovning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlanadi. Yejov familiyasi ruslarda ko‘p eslanadi. Nimanidir qat’iyat bilan changallab olish “derjat v yejovyx rukavitsax” deyiladi va bu jumla aynan ministr Yejovning nomi bilan bog‘liq.

Bu lavozimga tayinlangan Beriya oradan ko‘p o‘tmay NKVD tarkibida davlat xavfsizligi bosh boshqarmasi (KGBning ilk shakli) rahbari etib tayinlanadi va endi uning qo‘lida juda katta vakolatlar jamlanadi. 1938 yildan boshlab Beriyaga birinchi rangdagi komissar maqomi ham beriladi.

Ichki ishlar xalq komissari

Beriya qaysi ishga o‘tmasin, ko‘p o‘tirib qolmas, o‘zidan yuqori lavozimdagilarga potensial xavf tug‘diraverardi. O‘rinbosarlikda bir yil ham ishlamagan Beriya 1938 yilning o‘zidayoq NKVDga rahbar bo‘ladi. Qizig‘i, uning rahbarlik davri juda ko‘p xalqlar boshiga balolar yog‘dirgan “Katta terror” yakunlanishiga to‘g‘ri keladi va qamoqqa olishlar, otuvlar nisbatan kamaydi.

Ammo Beriya 1939 yilda SSSR NKVDsining № 001223 raqamli buyrug‘ini chiqaradi. Unga ko‘ra “aksilsovet unsur”larni aniqlash kampaniyasi boshlanib ketadi. Bu buyruq bilan hatto xorijdagi qarindoshlari bilan xat yozishganlar ham jazoga tortila boshlaydi.

1940 yilda Beriya Lev Trotskiyni yo‘q qilish operatsiyasini tashkil qiladi. Shu yilda u Katin o‘rmonlarida polyak ofitserlari va boshqa qator insonlarning qatl qilinishiga bosh-qosh bo‘ladi.

O‘sha yillarda Beriya SSSR tashqi razvedkasini ham to‘liqligicha boshqarardi. AQSh, Yevropa, Yaponiyada kuchli josuslar tarmog‘i tashkil etiladi. Bu davrda u nafaqat kuchishlatar tizimlarni, balki o‘rmon va neft xo‘jaligini, rangdor metallar sanoatini, daryo flotini nazorat qilardi.

Beriya ikkinchi jahon urushi davrida

Bu urush boshlanish davrida Beriyaning vakolatlarini anglab yetish uchun bir faktni o‘rganish kifoya qiladi. 1941 yilning iyun oyida, ya’ni nemislar SSSRga hujum boshlayotganda Lavrentiy Beriya qator diplomatlar orqali Germaniyaga qanday shartlar asosida urushni to‘xtatish mumkinligi haqida so‘rov yuboradi.

Urushda Beriya mudofaa ta’minotini boshqaradi va xalq xo‘jaligining yangi va yangi tarmoqlari unga tobe bo‘lib boraveradi. Barcha harbiy sanoat, jumladan eng yuqori texnologiyalar qo‘llanadigan raketa texnikalari, samolyotlar, minomyotlar, motorlar ishlab chiqarish, qizil armiyaning yetakchi polklarini tuzish va joylashtirish aynan Beriyaning nazoratida bo‘ladi. Bundan tashqari Beriya Stavkaning (Oliy harbiy boshqaruv, amalda Stalin) doimiy maslahatchisi lavozimini ham egallab turardi.

Urush yillarida u juda ko‘p unvon va mukofotlarga sazovor bo‘ladi. “Sotsialistik mehnat qahramoni” (1943), “Qizil bayroq” va “Lenin” ordenlari (1944, umumiysi besh karra “Lenin” ordeni), Sovet ittifoqi marshali (1945) shular jumlasidandir.

Atom loyihasi

Ko‘pchilikda SSSR atom loyihasi ikkinchi jahon urushidan keyin paydo bo‘lgan, degan tushuncha bor. Aslida ittifoq rahbariyati 1942 yildayoq № 2352ss raqamli buyruq bilan “Uran bilan ishlashni tashkillashtirish” dasturini ishga tushirgandi.

Shu yilning o‘zidyoq Beriya tomonidan Stalinga atom imkoniyatlarini harbiy maqsadlarga yo‘naltirish va butun jarayonni NKVD nazoratiga olish tavsiya etilgan batafsil xat kiritiladi. Dastlab urush bilan bo‘lib bu loyihaga yetarlicha e’tibor qaratilmaydi. Ammo ikkinchi jahon urushi yakunida AQShning Yaponiyaga qarshi atom bombasini ishlatishi jahonda endi qaysi qurol gegemonlik qilishini yaqqol ko‘rsatib qo‘ygandi.

SSSR darhol hushyor tortadi va Stalin bu boradagi ishlarni jadallashtirishni buyuradi. Bu o‘ta muhim yo‘nalishning jilovi ham Beriyaga topshiriladi. U nafaqat eng yetakchi olimlar va katta resurslarni bu ishga jalb qiladi, balki o‘ta maxfiy va kuchli josuslar tarmog‘ini tashkil qilib, AQSh atom loyihasiga oid ma’lumotlarni qo‘lga kirita boshlaydi. Stalinning qat’iy irodasi, Beriyaning sovuqqonligi va sovet olimlarining sa’y-harakati bilan SSSR ham 1949 yildayoq atom bombasiga ega bo‘ladi. Beriya buning ortidan birinchi darajali Stalin mukofotiga loyiq ko‘riladi.

Xalqlar deportatsiyasi tashkilotchisi

Beriya boshqaruvidagi NKVD amalda cheksiz vakolatlarga ega edi. Aynan Beriya sudsiz hukmga oid jinoyatlar ro‘yxatini ancha kengaytirib yuboradi. Garchi uning boshqaruvidagi dastlabki yillarda qamalishlar va otuvlar nisbatan kamaygan, ko‘pchilik oqlangan bo‘lsa-da, o‘zgacha fikrlovchi har qanday inson va hatto butun millat, elatlar og‘ir jazoga tortilishi mumkin edi.

Urushning dastlabki yillarida SSSR hududida yashovchi minglab nemislar, vengrlar, polyaklar, finnlar Germaniya bilan aloqada gumonlanib surgun qilindi. Beriya qorachoy-cherkaslarga nisbatan ayniqsa shafqatsiz siyosat yuritgan. Bu avtonom respublikaning butun xalqi surgun qilinish bilan birga hududi Gruziyaga qo‘shib yuboriladi.

Bundan tashqari qalmiqlar, bolqorlar, mesxeti turklari, kurdlar, qrim-tatarlar, chechenlar, ingushlar ham ayovsiz surgunga uchraydi. O‘sha yillari qisqa vaqt ichida 100 ming chechen va 23 ming ingush millatiga mansub inson qirilib ketgani qayd etilgan. Garchi bu buyruqlarning barchasi Stalin imzosi ostida chiqarilsa-da, dohiyga ma’lumot olib kirish va kerakli qarorlarga imzo chektirish aynan Beriyaning nazoratida edi.

Stalinning o‘limi va taxt uchun kurash

1953 yilning 5 mart kuni Stalin vafot etadi va shu ondanoq hokimiyat uchun zimdan kurash boshlanib ketadi. Shu kunning o‘zida ittifoqning barcha rahbarlari yig‘ilishadi va davlat boshqaruvi bo‘yicha kelishuvga erishiladi. Unga ko‘ra, Beriya Ministrlar soveti raisi o‘rinbosari va o‘zida MGB (KGB)ni jamlagan ichki ishlar ministri lavozimlariga tayinlanadi.

1953 yilning 9 martida Stalinni dafn etish marosimi bo‘lib o‘tadi va unda Beriya Mavzoley tribunasidagi prezidiumda nutq so‘zlaydi. Bu tribunaga qaragan inson borki endi ittifoqni kim boshqarishi to‘g‘risida o‘ylardi. Undagi asosiy uch figura – Xrushchyov, Malenkov va Beriyaning xayolida ham shu savol bo‘lgani aniq.

Beriya darhol ishga kirishadi va 10 kuni ichida barcha respublikalardagi, shu jumladan Rossiya federatsiyasidagi qator ichki ishlar ministrlarini o‘ziga sodiq odamlarga almashtiradi va ularga quyi pog‘onalarga ham ishonchli odamlarni qo‘yishni buyuradi.

U har doimgidek o‘z vakolatlari bilan cheklanib qolmaydi. Davlat boshqaruvi, tashqi siyosat, og‘ir sanoat, mudofaa va hududlar chegaralarini qayta ko‘rib chiqish kabi masalalarga ham faol aralasha boshlaydi. Uning shoshmashosharlik bilan qabul qilgan qarorlar ko‘pchilikda norozilik tug‘dirsa-da, hech kim ochiq qarshi chiqa olmaydi. Chunki uning ixtiyoriga yana tiyiqsiz hokimiyat o‘ta boshlagandi.

Beriya hech kim bilan hisoblashmasdan Kyonisberg (hozirgi Kaliningrad) hududini Germaniyaga, Kuril orollarini Yaponiyaga, Kareliyani Finlyandiyaga qaytarishni rejalashtiradi. GDRni qo‘llab-quvvatlashni keskin qisqartiradi. Ittifoq ahamiyatidagi qator yirik loyihalarni butunlay to‘xtatib qo‘yadi.

U taklif qilgan amnistiya aktiga ko‘ra, 1,2 mlndan ko‘proq odam ozod qilinishi, 400 mingdan ko‘proq hibsdagilarga nisbatan tergov tugatilishi lozim edi. Beriya ular orqali tarafdorlarini kengaytirish, o‘z raqiblariga dushmanlarni ko‘paytirishni mo‘ljallagandi. Chindan ham milliondan ortiq odam ozod qilinadi. Ammo bu odamlarning aksariyati aybsiz bo‘lib, qamoqda o‘tgan og‘ir yillari uchun yuqoridagilarning barchasini, Beriyani esa boshqalardan ko‘proq aybdor bilishardi.

Tashqi va ichki siyosatga aralashuvi ortidan u ikki Germaniyani birlashtirish, ittifoq respublikalarida milliy maqomlarni kuchaytirish, ya’ni ruslarning vakolatlarini cheklash g‘oyalarini ilgari suradi. Nazorat susaygan GDRda katta isyonlar boshlanib ketadi va ittifoq yana qo‘shin kiritib bostirishga majbur bo‘ladi. Respublikalardagi elitar norozilik kayfiyati esa markazni jiddiy tashvishga sola boshlaydi.

Hibs va qatl

Va nihoyat 1953 yilning yoziga kelib, ya’ni amalda Stalin o‘limidan uch oy o‘tmay Beriya butkul nazoratdan chiqib ketayotgani ayon bo‘ladi va qolganlar endi yo unga qarshi birlashish, yo Beriyaning changaliga tushishdan o‘zga yo‘l qolmaganini anglab yetishadi.

Ammo o‘ta jiddiy muammo bor edi – mavjud tizimga ko‘ra qo‘lida qurol tutgan odam borki Beriyaga tobe bo‘lib, undan hamma qo‘rqar edi. Xrushchyov boshchiligidagi Oliy sovet vakillari tavakkal qilishar ekan, o‘zlari Beriya tomonidan hibsga olinishlari hamda xalq va tuzum dushmani sifatida jazoga tortilishlari mumkinligini anglab turishardi.

Shuning uchun uning safarga ketishini kutishadi va qaytishiga mo‘ljallab yig‘ilish chaqiriladi. Rejaga ko‘ra prezidium yig‘ilishida avval kun tartibidagi masalalar birma-bir ko‘rib chiqiladi va Beriyaga aloqador mavzuga kelganda hamma uni tanqid qila boshlaydi. Bu jarayonda ayniqsa Xrushchyov faollik ko‘rsatadi. Oldinroqqa ketib aytish mumkinki, Nikita Xrushchyov ana shu jasorati bilan nafaqat Beriyani yo‘q qilishda jonbozlik ko‘rsatadi, balki keyinchalik boshqa raqiblarini ham birma-bir ag‘darib, yakkahokimlikka erishadi.

Lavrentiy Beriya dastlab hech narsani tushunmaydi va tanqidlarga javob beradi. Ammo unga har tarafdan gap bilan hujum uyushtirilayotganini ko‘rib barchaga o‘z o‘rnini bildirib qo‘yish uchun u ham ovozini ko‘taradi va ochiq tahdidlarga o‘tadi.

Bu ayni rejaga mos edi va prezidium raisi Malenkov yashirin tugmani bosish orqali signal beradi. Qo‘shni xonada marshal Jukov boshliq jangovar generallar kutib turishardi. Jukovning bu ishga aralashuvi ham bejiz emasdi. “G‘alaba Marshali” deb ulug‘lanuvchi Jukovning mavqeyi juda baland edi va undan tashqari hech kim yurak yutib Beriyaga qarshi chiqa olmagan.

Jukov va safdoshlari qurol bilan xonaga kirib kelgunlariga qadar Beriya vaziyat izdan chiqayotgani va jiddiy fitnaga uchraganini anglab yetadi. U o‘z tarafdorlariga xabar yetkazish uchun oq qog‘ozga “Trevoga” deb yozadi, ammo bu qog‘ozni yetkazishga ulgurmaydi. Georgiy Jukov shaxsan o‘zi kelib, uning hibsga olinganini e’lon qiladi va kishan solib olib chiqib ketilishida bosh-qosh bo‘ladi.

Lavrentiy Beriya Moskva harbiy komendaturasi hibsxonasida maxfiy va qattiq qo‘riqlangan holda saqlanadi. Tergovni SSSR bosh prokurori, Nyurnberg sudida gitlerchilarni qoralagan Roman Rudenkoning shaxsan o‘zi nazoratga oladi. Beriyaga juda ko‘plab ayblovlar qo‘yiladi, jumladan sovet ittifoqiga xiyonat, Germaniya bilan til biriktirish, boshqaruv organlari orasiga nifoq solish orqali Lenincha-Stalincha asosni parchalash, milliy adovatlar qo‘zg‘atish, hududiy yaxlitlikka raxna solish, Britaniya foydasiga josuslik, aybsiz insonlar o‘limi va hatto sovet rahbariga xos bo‘lmagan axloqsizlik...

So‘nggi moddadan umumiy kayfiyatdan kelib chiqib ustalik bilan foydalanilgan edi. Chunki Beriyaning ayollar bilan tiyiqsiz munosabatlariga, jumladan o‘quvchi qizni zo‘rlagani, birga yashab yurganiga oid ko‘plab mish-mishlar yurar, ammo hech kim shu paytgacha yurak yutib bu borada gapira olmagandi.

1953 yilning 23 dekabrida Sovet ittifoqi marshali I.S.Konev boshchiligidagi sud hay’ati Lavrentiy Beriya va uning “Beriya bandasi” nomini olgan 6 nafar safdoshlarini oliy jazo – otuvga hukm qiladi. Hukm shu kuniyoq Rudenko nazoratida ijroga qaratiladi. Beriya safdoshlariga nisbatan bir necha soat oldinroq otib tashlanadi. Jasadlar krematoriyda kuydiriladi. Ularning barcha unvonlari bekor qilinadi va mol-mulklari davlat hisobiga o‘tkaziladi. Beriya oilasi uchun dahshatlisi uning onasi hanuz tirik edi va u o‘g‘lining qatlidan keyin ham ikki yil yashaydi.

Rasmiy ma’lumotlar shunday. Biroq ularga ishonmaydiganlar ham talaygina. Taxminlardan biriga ko‘ra, Lavrentiy Beriya hibsga olingan kuniyoq otib tashlangan. Yopiq tarzda o‘tkazilgan sudlar esa shunchaki rasmiyatchilik bo‘lgan. Chunki sud, qatl, krematsiyaga oid hujjatlar, suratlar saqlanmagan edi. Bu taxminni ilgari surganlar Beriyani tirik saqlab turish o‘ta xavfli bo‘lganini yana bir bor tasdiqlaydilar.

Keyinchalik, ittifoq tarqalganidan so‘ng, Rossiya oliy sudi Lavrentiy Beriya va uning safdoshlarini reabilitatsiya qilmaydi. Beriya haqli ravishda o‘sha davr repressiyalari va jinoyatlarida aybdorligicha qoldi.

Abror Zohidov

Mavzuga oid