O‘zbekiston | 17:59 / 28.12.2022
31249
3 daqiqa o‘qiladi

Bahodir Umrzoqov: «Boshqaruv organlaridagi xodimlar 1 yanvardan ishdan bo‘shatilmaydi»

Foto: AOKA

28 dekabr kuni AOKAda ma’muriy islohotlarni amalga oshirish masalasi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda jurnalistlar tomonidan lavozimi qisqartirishga tushgan xodimlar 1 yanvardan ishdan bo‘shatilsa, bu mehnat qonunchiligiga zid bo‘lishiga oid savol berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqovning aytishicha, vazir yoki uning muovini bo‘lsa ham vazirlikning taalluqli funksiyasiga mos kelmaydigan lavozimda bo‘lsa, qisqartiriladi.

«Xodimlarga ikki oy oldin ogohlantirish xati beriladi. O‘ylamang, 1 yanvardan bo‘shatib yuboriladi deb. Bizga 3-4 oy vaqt berilgan. Shu vaqt ichida bo‘shatadiganini bo‘shatamiz va o‘ziga taalluqli ishga joylashtiramiz. Lekin yoppasiga 35 foizini ishdan bo‘shatish degan narsa yo‘q», dedi u.

Umrzoqov vazirliklar qo‘shilishi evaziga vazirlar o‘rtasida raqobat yuzaga kelishiga oid savolga ham javob berdi.

«Masalan, Mehnat vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi. Biz Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining bir qism funksiyasini o‘zimizga olyapmiz. Mehnat vazirligi faoliyatining asosiy vazifasi insonlarni o‘qitish va ishga joylashtirish. Shu ma’noda kambag‘allikka qarshi kurashish vazifasi bizning yelkamizga yuklanyapti. Hammamiz bir davlat siyosatini amalga oshirish vazifasiga kirishamiz. Kim qachon qaysi vazifani egallashi emas, kim nimaga mas’ul bo‘ladi, taalluqli javobgarlik nimada bo‘ladi degan ma’noda shtat strukturasi tuziladi», dedi vazir o‘rinbosari.  

Adliya vaziri Akbar Toshqulov uning so‘zlariga «eng yaxshilar vazir bo‘ladi» deya qo‘shimcha qildi.

«Xalqimizga raqobat bo‘lgani yaxshi. Har bir boshqarmada funksional vazifa bor, ularga nisbatan nechta xodim bo‘lishi kerak, nechtasi bajara oladi, bu borada me’yorlar ishlab chiqiladi. Maqsad ishga xalaqit berishi kerak emas, ishga yordam berishi kerak», – dedi vazir.  

Avvalroq, yangi boshqaruv tizimida vazirliklar funksiyalari reyestri yurilishi ma’lum qilingandi. Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda boshqaruv organlari qisqartirilishi prezidentning 24 dekabrdagi farmonida nazarda tutilgan.

Mavzuga oid