Jahon | 11:44 / 31.12.2022
20709
4 daqiqa o‘qiladi

Klichko: Hozir Zelenskiyni tanqid qilish vaqti emas

Kiyev meri Zelenskiyning tanqidiga izoh berdi, biroq «prezidentni qo‘llab-quvvatlash uchun hamma narsani qilishga» chaqirdi.

Vitaliy Klichko / Foto: Zerkalo

Kiyev meri Vitaliy Klichko Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning «Yengilmas nuqtalar» – issiqlik va elektr quvvati bo‘lgan, elektr quvvati o‘chganda kelish mumkin bo‘lgan joylarning yomon joylashtirilayotgani haqidagi tanqidini xato deb atadi. Shu bilan birga, Klichko prezidentni «qo‘llab-quvvatlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga» chaqirib, urush «siyosiy o‘yinlar vaqti emas»ligini ta’kidladi. Bu haqda Ukraina poytaxti meri 30 dekabr, juma kuni chop etilgan Der Spiegel jurnaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Bizda Kiyevda boshqa viloyatlarga qaraganda ko‘proq, ya’ni 500 ta issiqlik punktlari mavjud. Biz ularga davlat tomonidan hech qanday yordamsiz generatorlar topdik. Zelenskiyning tanqidi xato bo‘ldi. Agar fuqarolarimiz yoki xorijdagi hamkorlarimiz uyda dushman izlayotganimizni ko‘rsalar, bu teskari bo‘ladi. Endi faqat bitta bayroq bor, u ko‘k-sariq rangda», dedi Klichko.

Noyabr oyi oxirida Zelenskiy Kiyev rasmiylarini «Yengilmas nuqtalar»ning yomon joylashtirilgani uchun tanqid qilgan edi. «Men meriyadan yuqori sifatli ish kutaman. Hech kim Kiyevdagi buzilmas nuqtalari bilan bog‘liq sifatsiz ishni kechirmaydi. Sizdan jiddiyroq bo‘lishingizni so‘rayman. Turli darajadagi hisobotlarda ham yolg‘on», - dedi Zelenskiy 25 noyabr kuni.

«Biz uni (Zelenskiyni) qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak. Lekin hech kim mukammal emas. Bu og‘ir davrda xato qilmaslik muhim. Hozir siyosiy o‘yinlar vaqti emas. G‘alaba kaliti - birlikda», deb javob berdi Klichko Der Spiegel'ning Zelenskiyning bosqin boshlanganidan beri qilgan harakatlarini baholash so‘roviga.
 
Rossiya bosqinining dastlabki kunlarini eslab, Klichko shahar hokimiyati va mamlakat rahbariyati o‘rtasidagi muloqotni «tartibsiz» deb atadi. «Biz hech qanday ko‘rsatma olganimiz yo‘q. Avval o‘zimiz qaror qabul qilishimiz, keyin esa ularni harbiylar bilan muvofiqlashtirishimiz kerak edi», - deydi u. Shu bilan birga, Kiyev meri har qanday shaxsiy tanqiddan tiyildi: «Hozir aybdorlarni qidiradigan vaqt emas. G‘alabadan keyin hamma narsani tahlil qilish, xatolarni aniqlash mumkin».

Alohida, Klichko Kiyev mudofaasi paytida «u zo‘rg‘a omon qolgan bir nechta vaziyatlar bo‘lganini» eslatib o‘tdi va qachondir bu haqda o‘z tarjimai holida gapirishini tan oldi.

Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, urush boshlanishidan oldin u bosqinni haqiqiy deb hisoblagan va «fuqaro mudofaasini shakllantirish uchun harakat qilgan», tayyorgarlik ko‘rishga chaqirgan. «Biroq, markaziy hukumat hammasi yaxshi bo‘ladi, urush bo‘lmaydi, deb e’lon qildi. Meni vahima qo‘zg‘atganim uchun tanqid qilishdi. Men javob berdim: bu vahima emas, biz tayyor bo‘lishimiz kerak. Lekin ruslar Kiyevga kelishini hech kim tasavvur qila olmasdi. Biz ruslarning shahar chegaralariga qanchalik tez yetib kelganidan hayratda qoldik», dedi Klichko.

Mavzuga oid