O‘zbekiston | 15:20 / 31.12.2022
26778
6 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekistonda dori vositalarining haqiqiy yovvoyi bozori shakllangan” – xorijda ishlayotgan mutaxassislar

“Dok-1 Maks” siropini qabul qilish ortidan 19 nafar bolaning o‘limi va o‘nlab bolalarning shifoxonaga yotqizilishi O‘zbekistonda 2022 yilning eng qayg‘uli fojiasi bo‘ldi. Norasida go‘daklar butkul nazoratdan chiqqan va kimlarningdir cho‘ntagini qappaytirayotgan tizim qurboniga aylanishdi.

Umuman, turli davlatlarda dori vositalarni qabul qilish, ularning realizatsiyasi qanday yo‘lga qo‘yilgan. Bu haqda dunyoning uchta nuqtasida yashab va ishlab kelayotgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashdik.

“O‘zimning qizim ham bemor, hammasini yaxshi tushunaman” – AQShda ishlayotgan shifokor

Laziz Mardonov, AQSh

Amerikaning Nyu-York shtatida yashayotgan shifokor Laziz Mardonov bu davlatda dori vositalarini qabul qilishning umumiy tartibi, o‘zining boshidan kechirganlarini so‘zlab berdi:

“AQShda dorilar nafaqat qat’iy retsept bilan beriladi, balki uning bemorga ta’siri ham muntazam o‘rganilib boriladi. Shunga ko‘ra dori vositalarining o‘zi yoki dozasi o‘zgartirilishi mumkin.

Bu yerda O‘zbekistondagidek har qadamda uchraydigan “Apteka”larni ko‘rmaysiz. Aholi bunday qilib dori sotib olish mumkinligini hatto tasavvur qila olmaydi. Umuman, yurtimizdagidek qator-qator dorixonalarni dunyoning biror davlatida uchratmaysiz.

O‘zim shifokor bo‘lganim uchun bu tizimni maqtayotganim, yoki O‘zbekistondagi holatni tanqid qilayotganim yo‘q. Shu davlatda yashayotgan bir inson, ota sifatida oilamdagi holatni aytib bermoqchiman.

Qizim bolalar tserebral falaji kasalligi (DsP) bilan tug‘ilgan. O‘zbekistonda bunday bolalar odatda yashirishga yoki maxsus shifoxonalarga joylashtirishga harakat qilinadi. Lekin ular ham farzand, ota-ona mehriga zor. AQShda ular bilan ishlash bo‘yicha maxsus dastur amal qiladi. Qizimga beriladigan dorilar muntazam ta’minlab turiladi, shifokorlari kelib, holatini o‘rganib ketishadi. Mavzuga aloqador jihati – o‘zim shifokor bo‘lsamda, ularning talab va tavsiyalariga qat’iy amal qilishga majburman. Ya’ni har bir sohaning o‘z mutaxassisi bemorni nazorat qiladi”.

“Axir bu dahshat-ku!” – Turkiyadagi o‘zbek jurnalisti

Bugungi kunda Anqarada yashayotgan o‘zbekistonlik jurnalist Abror Masharipov o‘zining bu boradagi shaxsiy tajribasi bilan o‘rtoqlashadi:

“O‘zbekistonda dorining nojo‘ya ta’siridan 19 nafar bola vafot etgani, yana allaqanchasi zaharlangani haqidagi xabardan qattiq xafa bo‘ldim. Axir bu dahshat-ku!..

Bizda eng rasvo va yovvoyi bozorlardan bittasi dori bozori bo‘lsa kerak. Do‘xtirlarimiz dori biznesiga aralashib ketganiga ancha bo‘lgan. Menimcha, Turkiyadagi kabi elektron retsept tizimiga o‘tish kerak.

O‘zim ham davolanib turaman. Bu yerda do‘xtirga borsam, u retseptni kompyuterga kiritib, menga kod beradi. Shu kod bilan dorixonada dorini olaman. Ya’ni do‘xtir qaysi dorini yozganini nazorat qilsa bo‘ladi. Davlat fuqarolarning pala-partish dori qabul qilishining oldini olishga ham urinadi. Masalan, o‘zimcha antibiotik ololmayman, dorixonachi albatta retsept talab qiladi.

Bundan tashqari, Turkiyada E-Nabız (E-puls) degan tizim bor. Unda bemor haqidagi hamma ma’lumotlarni ko‘rish mumkin: qachon va qaysi shifoxonaga borgan, qanday tahlillarni topshirgan, qanday kasalliklari bor, qanday dorilardan foydalanadi va hokazo. Ya’ni do‘xtirlar o‘zlaridan oldingi do‘xtirlar bemorga nimalar tayinlaganini bir zumda aniqlay oladi.

Bizdagi holatni albatta o‘nglash kerak, shart!”

Albatta, AQSh, Turkiya kabi rivojlangan davlatlarda qat’iy tartib bo‘lishi tabiiy, deb o‘ylashingiz mumkin. Lekin qashshoq, davomli urush girdobida qolgan Yaman davlatidagi holat ham bizdan ancha yaxshi ekanligi hayratlanarli.

“Shifokorning gapi qonun” – Yamandagi o‘zbek vrachi

Ulug‘bek To‘rayev, Yaman

Bu davlatda ko‘pdan beri ishlab kelayotgan jarroh Ulug‘bek To‘rayev Yamandagi dorilar iste’moli haqidagi fikrlarini bildirdi:

“Yamanda ham dorixonalar sanoqli. Odamlar bizdagi kabi doriga ruju qo‘yishmagan ham. Dorixonalar asosan klinikalar qoshida faoliyat yuritadi. Ya’ni shifokor dorini tayinlash bilan birga boshqasiga o‘zgartirilmasligini nazorat qila oladi. Dorixonalar ham bemorlar istaganini sotavermaydi.

Yana bir muhim jihat – bu davlatda shifokorning gapi qonun va bemorlar unga qat’iy amal qilishadi. Bizdagidek hamma o‘zi xohlagan dorini bemalol sotib olib ichib ketavermaydi. O‘ylashingiz mumkin, “shifokorlar xohlaganini yozib, dori sotilishiga ko‘maklashaverishi mumkin ekanda” deb. Bu yerda tibbiyot asosan xususiy. Xususiy klinikalar esa qat’iy raqobatda ishlash bilan birga o‘z obro‘sini saqlashga harakat qilishadi. Ya’ni bemorni tezroq va arzonroq davolash muhim. Klinikalar ko‘p hollarda dori ta’minotini ham yo‘lga qo‘yishgan. Umuman, bu davlat aholisining aksariyati kambag‘al. Tibbiyot tizimi ham qimmat xizmatlarga asoslanmagan.

O‘zbekistonda bolalar o‘limi bilan bog‘liq holatni kuzatib boryapman. Bizdagi dori biznesi shu qadar quyushqondan chiqib ketgan ediki, ertami-kechmi shunday muammoga duch kelinishi aniq edi. Bu hali bitta dori vositasi bilan sodir bo‘lgan holat. Bunday dorilar yuzlab bo‘lishi mumkin, ular hamisha potensial xavf tug‘diradi”.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid