O‘zbekiston | 16:56 / 03.01.2023
16002
2 daqiqa o‘qiladi

Hukumatdan taqdirlanishni so‘ragan surdlimpiachilarga mukofot pullari berildi

Xalqaro musobaqada bronza olgan 3 nafar sportchiga 10 ming dollar, murabbiylarga 5 ming dollar miqdorida mukofot puli ajratildi. Sportchilarning taqdirlanmagani va ular bundan noroziliklari haqidagi maqola oldinroq Kun.uz’da e’lon qilingandi.

2022 yil Braziliyada o‘tgan XXIV Surdlimpiya (eshitishda nuqsoni bor sportchilar o‘rtasidagi musobaqa) o‘yinlarida qatnashgan sportchilarga bir martalik pul mukofoti topshirilgan. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi (hozirgi Yoshlar siyosati va sport vazirligi) xabar berdi.

Musobaqada taekvondo WT bo‘yicha ilk bora Dilbar Tojiboyeva, Go‘zal Eshmirzayeva, Maftuna Abdiyusupova 3ta bronza medalini qo‘lga kiritgan. Vazirlik 30 dekabr kuni XXIV Surdlimpiya o‘yinlarida bronza medali olgan sportchilarning har biriga 10 ming dollardan, ularni tayyorlagan trenerlar – Davron Xidirov va Zaynobiddin Nazaraliyevga 5 ming dollardan mukofot puli topshirgan.

Oldinroq Kun.uz’da Braziliyada eshitishida nuqsoni bo‘lganlar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro musobaqada qatnashgan sportchilar taqdirlanmagani va sportchilar bundan noroziligi haqida maqola e’lon qilingandi. Unda Sportni rivojlantirish vazirligi mas’ullari sovrindorlarning har biriga 10 ming dollar, sportchilarni tayyorlagan murabbiylarga 5 ming dollar miqdorida bir martalik pul mukofoti berilishini so‘rab bosh vazir Abdulla Oripovga murojaat yo‘llangani va hukumat javobini kutishayotganini ma’lum qilishgan edi.

Mavzuga oid