Jamiyat | 11:47 / 10.01.2023
39497
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda shifokor do‘pposlandi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Surxondaryo viloyati Boysun tumanida ikki nafar shaxs shifokorlardan birini urib tan jarohati yetkazgan. Viloyat IIB axborot xizmati xabar berishicha, hodisa 2023 yil 9 yanvar kuni 14:30 larda Boysun tuman tibbiyot birlashmasida sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, ikki nafar shaxs Boysun TTBda shifokor vazifasida ishlovchi F.J. ni urib, tan jarohati yetkazgan va jabrlanuvchi yerga yiqilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining bildirishicha, ular o‘rtasida shaxsiy masala yuzasidan tortishuv kelib chiqqan. Oqibatda kelishmovchilik janjalga aylanib, shifokor olgan tan jarohati tufayli hushini yo‘qotgan.

So‘ng jabrlanuvchi tuman tibbiyot birlashmasining shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga burun suyagining yopiq sinishi, o‘ng ko‘z olmasi kontuziyasi, o‘ng yuqori jag‘ jarohati tashxisi bilan yotqizilgan.

Hozir shifokorning ahvoli o‘rta og‘ir. Davo muolajalari belgilangan standartlar asosida olib borilmoqda.

Mazkur holat yuzasidan 10 yanvar kuni Boysun tuman IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan fuqaro Sh.H. va Sh.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-modda 2-qismining «b» bandi (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq, Surxondaryo viloyati Denov tumani sil kasalliklari shifoxonasi bosh hamshirasi kaltaklangandi.

Mavzuga oid