O‘zbekiston | 19:43 / 12.01.2023
8370
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston TIV sovuq kunlarda Qozog‘iston bo‘ylab harakatlanishdan voz kechishni tavsiya qildi

Qozog‘istonning barcha hududlarida noqulay ob-havo kuzatilayotgani bois avtotrassalarda kuchli sovuq tufayli qiyin vaziyatga tushib qolayotgan fuqarolardan murojaatlar tez-tez kelib tushmoqda.

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi fuqarolarga ob-havo sharoiti barqarorlashgunga qadar Qozog‘iston hududi bo‘ylab avtomobillarda va avtobuslarda harakatlanishdan voz kechishlarini tavsiya qildi.

«O‘zbekiston Respublikasining Qozog‘iston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu mamlakatning barcha hududlarida noqulay ob-havo kuzatilayotgani bois avtotrassalarda kuchli sovuq tufayli qiyin vaziyatga tushib qolayotgan fuqarolardan murojaatlar tez-tez kelib tushmoqda.

Diplomatik vakolatxonalarimiz Qozog‘iston Respublikasidagi vatandoshlarimiz hamda ushbu mamlakat tegishli idoralari bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Fuqarolarga zarur konsullik, huquqiy va amaliy yordam ko‘rsatilmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, O‘zbekiston fuqarolariga ob-havo sharoiti barqarorlashgunga qadar Qozog‘iston hududi bo‘ylab avtotransport vositalari va avtobus qatnovi orqali harakatlanishdan voz kechishlarini tavsiya qilamiz.

Qozog‘istonda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari Ostona shahridagi mamlakatimiz Elchixonasiga (+717 2954252), Olma-ota (+7273902616) va Aktau (+77292777117) shaharlaridagi Bosh konsulxonalariga murojaat qilishlari mumkin», deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan oldinroq O‘zbekistonning Oqtov shahridagi Bosh konsulligi fuqarolardan sovuq havoda Qozog‘iston orqali avtotransportda harakatlanmaslikni so‘ragandi.

Eslatib o‘tamiz, 11 yanvar kuni Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti hududida, «Samara—Chimkent» avtomobil yo‘lida O‘zbekistonning jami 69 nafar fuqarosi bo‘lgan ikki avtobus noqulay ob-havo tufayli yo‘lda qolib ketdi. Ular evakuatsiya qilinib, maktab va masjid binolariga joylashtirilgan. Shuningdek, Chimkent viloyati hududida «Toshkent-Almati» yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi avtobusi buzilib qoldi va undagi 34 nafar O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatilib, ular mehmonxonaga joylashtirilgan.

Mavzuga oid