Navoiyda chorva mollariga bo‘rilar hujum qilmoqda. Yuzlab qo‘ylar nobud bo‘lgan
Chorvadorlar mas’ullar tomonidan yirtqichlarga qarshi chora ko‘rilmayotganligidan norozi.
Navbahor tumanining tog‘li va tog‘oldi hududlarida bir oydan beri bo‘rilar chorva mollariga hujum qilayotgani aytilmoqda. Cho‘ponlar yirtqichlarning hujumidan katta zarar ko‘ryapti. Jurnalist va bloger Tolib Rahmatov bu haqida o‘zining telegram kanalida xabar qoldirdi.
Kun.uz vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida tumandagi “Olchin Agro Eksport” MChJ rahbari To‘lqin Eshnazarov bilan bog‘landi. Uning ta’kidlashicha, bo‘rilar hatto kunduz kunlari ham otar oralamoqda.
“3 kun oldin 20 bosh naslli qo‘yimni bo‘g‘izlab ketdi. Undan oldin ham 1-2 bosh olib turgandi. Rossiya, Fransiya, Germaniya va boshqa davlatlardan naslli qo‘chqorlar olib kelganman. Tunov kuni qo‘shni cho‘ponning ham 20 bosh qo‘yini bo‘g‘izladi, 11 boshi o‘lgan. O‘tgan bir oyning o‘zida hududda bo‘rilar 500 boshdan ortiq chorvaga zarar yetkazdi.
Chorvani so‘raydigan odam qolmadi. Tegishli mas’ullar muammoga e’tiborsizlik qilmoqda. Zarari katta bo‘lyapti”, — deydi To‘lqin Eshnazarov.
Navoiy viloyat veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Oybek Nizomovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan viloyat Ekologiya boshqarmasiga murojaat qilingan.
Navoiy viloyati ekologiya boshqarmasi bioxilmaxillik bo‘limi boshlig‘i Furqat Qodirovning bildirishicha, cho‘ponlar murojaat qilsa, davlat inspektorlari holatni joyiga borib o‘rganib ko‘radi:
“Biz bo‘rining haqiqatdan tog‘dan tushib kelgani, chorvaga zarar yetkazgani haqida fakt to‘playmiz. Agar bu rost bo‘lsa, to‘plangan faktlarimizni dalolatnoma qilib, Tabiat resurslari vazirligiga jo‘natamiz. Vazirlik fanlar akademiyasiga beradi. Fanlar akademiyasi o‘rganib, bo‘rini hisobdan chiqarish haqida Tabiat resurslari vazirligiga xulosa beradi. O‘z navbatida vazirlik bo‘rini ovlash uchun bizga ruxsatnoma jo‘natadi. Biz ana shu ruxsatnomani ovchilar uyushmasiga taqdim etamiz va ular bo‘rini ovlab olishadi. Ushbu jarayonga 10-15 kun vaqt ketadi”.
Holatga viloyat mas’ullari e’tibor qaratishi zarur. Yo‘qsa, bo‘rilarni ovlashga ruxsat berilishi uchun ketadigan 15 kun davomida yana yuzlab chorva mollariga zarar yetishi hech gap emas.
Mavzuga oid
19:21 / 13.12.2024
Sariosiyoda aholi punktiga tog‘dan bo‘rilar galasi tushib keldi
21:45 / 04.09.2024
Hindiston shimolida odamxo‘r bo‘rilar to‘dasi o‘nlab hujumlarni amalga oshirdi
17:20 / 24.07.2024
Surxondaryoda aholi xonadoniga kirib qolgan bo‘ri tabiatga qaytarildi
16:18 / 28.01.2024