KGBga 40 yil xizmat qilgan britaniyalik josus ayol qanday fosh bo‘lgandi?
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng dunyo siyosiy sahnasida shiddatli raqobat ketar ekan, SSSR va G‘arb «josuslik o‘yinlariga» zo‘r beradi. G‘arb davlatlari sovetlardan alamzada bo‘lgan insonlar orasidan o‘ziga josuslar yollaydi. SSSR esa «sovetlar mamlakatida barcha baxtiyor» degan cho‘pchakka ishonib yurgan insonlar bilan aloqa bog‘laydi. Sovetlarga xizmat qilgan josuslardan biri britaniyalik Melita Norvud edi. Bu ayol 40 yil mobaynida qo‘lga tushmasdan KGBga muhim ma’lumotlar yetkazib turadi va SSSR tarqab ketgach fosh bo‘ladi.
1917 yilda sodir bo‘lgan Oktyabr to‘ntarishidan keyin Rossiyada mislsiz qatag‘onlar boshlanib ketgan bo‘lsa-da, bu davlat tashqi dunyoga o‘zini adolatparvar va xalqchil qilib ko‘rsatardi.
Shu sababli 1920-yillardan boshlab dunyoning ko‘plab davlatlarida kommunistik partiyalar tuziladi. Bu partiyalarga Rossiya va unga tobe bo‘lgan hududlardagi holatdan bexabar insonlar a’zo bo‘la boshlaydi.
Ular kommunistlar tomonidan o‘tkazilayotgan «qizil terror» haqida eshitmagan, «sovetlar yurti»da boylar va o‘rtahollarning mulklari tortib olinganini bilmas, barcha narsa xalqqa berilgan deb o‘ylardi.
Aslida esa vaziyat tamoman boshqacha, o‘tmishi shubhali bo‘lgan bir guruh shaxslar Rossiyani egallab, odamlarni mislsiz qatag‘on qilmoqda edi. Britaniya kommunistik partiyasi ham o‘sha taloto‘p zamonlarda, 1920 yilda tuzilgandi.
Garchi kommunistlar davlat to‘ntarishini amalga oshirib, hokimiyat ular tasarrufiga o‘tgan bo‘lsa-da SSSR Ikkinchi jahon urushigacha hatto Yevropada ham yetakchilikka da’vo qila olmagan.
O‘sha paytlarda dunyoning katta qismi Buyuk Britaniya mustamlakasi edi. Bu davlat 1928-1932 yillarda juda og‘ir iqtisodiy inqirozlarni boshdan kechirgan AQSh bilan dunyo gegemonligi uchun raqobat qilardi.
Yevropada esa Britaniyaga iqtisodiyoti keskin o‘sayotgan Germaniya raqobatchi edi. 1939-1945 yillarda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushi dunyodagi siyosiy vaziyatni tubdan o‘zgartirib yuboradi.
Yevropaning eng yirik iqtisodiyotiga ega bo‘lgan Germaniya urushda yutqazadi va keyinchalik ikkiga bo‘linadi. Osiyoning eng kuchli davlati bo‘lgan Yaponiya ham mag‘lubiyatdan so‘ng AQSh ta’sir doirasiga tushib qoladi. Buyuk Britaniya esa ko‘plab mustamlakalaridan ayriladi va o‘z siyosiy mavqeyini yo‘qotadi.
Ana shu paytda dunyo ikkita qutbga – kapitalistik va sotsialistik lagerga bo‘linadi. Ko‘plab mamlakatlar G‘arb yetakchisi AQSh bilan hamkorlik qilishga urinsa, boshqalari SSSR bilan yaqin bo‘la boshlaydi. Shu tariqa, urushning asosiy g‘olibi bo‘lgan sovetlar dunyoning ikkinchi qutbi bo‘lishga da’vogarlik qila boshlaydi.
Dunyo siyosiy sahnasida shiddatli raqobat ketar ekan, har ikki qutbdagilar «josuslik o‘yinlariga» zo‘r beradi. G‘arb davlatlari sovetlardan alamzada bo‘lgan insonlar orasidan o‘ziga josuslar yollaydi.
SSSR esa «sovetlar mamlakatida barcha baxtiyor» degan cho‘pchakka ishonib yurgan insonlar bilan aloqa bog‘laydi.
SSSR tomonidan yollangan josuslar orasida bir qancha ayollar ham bo‘lgan va ular orasida britaniyalik Melita Norvud ham bor edi. Bu ayol 40 yil mobaynida KGBga muhim ma’lumotlar yetkazib turadi.
O‘sha paytda SSSR o‘zining millionlab fuqarolarni qatag‘on qilib turgan bo‘lsa ham, Melita sovetlarning yolg‘on targ‘ibotiga laqqa tushadi va sovet ittifoqini dunyodagi eng odil davlat deb bilardi.
Garchi uzoq muddat josuslik qilgan bo‘lsa ham Melita qo‘lga tushmaydi va keksayib nafaqaga chiqadi. U SSSR tarqab ketganidan so‘ng 1992 yilda 80 yoshida «Mitroxin ishi» tufayli fosh bo‘ladi.
Melita fosh bo‘lgan paytda yovuz imperiya tarqab ketgan bo‘lsa-da, u SSSRni og‘zidan bol tomib maqtashda davom etadi. Jumladan, intervyularidan birida u shunday degandi:
«Men allaqachon qarib qolganman, shuning uchun xotiramga tayana olmayman. Men mutaxassis emas, oddiy xizmatchi edim. Oddiy odamlarga non, ta’lim va tibbiy yordam bergan tizim mag‘lubiyatga uchramasligining oldini olishni xohlardim. Men taqdim etgan maxfiy ma’lumotlar Rossiya uchun foydali bo‘lishi va ana shunda bu davlat Buyuk Britaniya, AQSh hamda Germaniya bilan teng raqobat olib borishi mumkin deb hisoblaganman. Umuman olganda, o‘z mamlakatiga qarshi josuslik qilishni ma’qullamayman. Ammo men qilgan ishimni yaxshi niyat bilan qildim, garchi buni ko‘pchilikka tushuntirish qiyin bo‘lsa ham».
Sovetlarga juda ko‘p ma’lumotlarni jo‘natib turgan Melita hatto SSSRda talash ham bo‘lgan. Urushdan so‘ng uni sovet harbiy razvedkasi o‘ziga olmoqchi bo‘ladi. Ammo Beriya bunga ko‘nmaydi va o‘zaro raqobatda yutib chiqib, Melitani NKVD josuslari safida saqlab qoladi.
Latviyalik muhojirning qizi
Asli ism-sharifi Melita Sirnis bo‘lgan bu ayol 1912 yilda Angliya janubidagi Poksdaun shaharchasida latviyalik muhojirlar oilasida tug‘iladi.
Uning yoshlik davri haqida uncha ma’lumotlar yo‘q. U 20 yoshida Britaniya rangli metallar tadqiqotlari assotsiatsiyasi rahbarining kotibi bo‘lib ishlay boshlaydi.
1935 yilda Melitaning hayotida ikkita muhim voqea sodir bo‘ladi. U Xilari Norvud ism-sharifli o‘qituvchiga turmushga chiqadi va erining familiyasini oladi.
Melitaning eri Britaniya kommunistik partiyasi a’zosi edi. To‘ydan biroz o‘tib u ham shu partiya safiga kiradi.
Ikkinchi voqea, Melita kompartiya safiga kirganidan so‘ng Britaniya kommunistik partiyasi asoschisi, jurnalist Endryu Rotshteynning tavsiyasi bilan NKVD bilan aloqa o‘rnatadi.
Shu tariqa Melita 1937 yildan boshlab NKVD bilan hamkorlik qila boshlaydi va keyinchalik KGBning Britaniyadagi eng qimmatli josusiga aylanadi. Melita josuslik faoliyatini «Xola» laqabi bilan olib boradi.
Ikkinchi jahon urushigacha Britaniyada kommunistik partiyaga kirganlar uncha shubha ostiga olinmagan. Chunki u paytlarda hali jahon siyosiy sahnasida SSSRning obro‘si yo‘q, mamlakat Stalin qatag‘onlari bilan ovora edi.
Urush tugagandan so‘ng vaziyat keskin o‘zgaradi. Endi sovetlar o‘zini Gitlerga qarshi urushning asosiy g‘olibi sifatida kapitalistik dunyoga qarshi tura oladigan kuch sifatida ko‘ra boshlaydi.
Shu sababli urushdan so‘ng ko‘pgina G‘arb davlatlari qatori Britaniyada ham kommunistik partiyaga a’zo bo‘lib kirganlar shubha ostiga olinadi. Shu jumladan Melita ham. Ammo u juda ustomonlik bilan ishlaydi va o‘zidan iz qoldirmaydi.
AQSh Yaponiyaga atom bombasi tashlaganidan so‘ng nafaqat SSSRda, Britaniyada ham bu qurolni yaratish ustida ishlar boshlanib ketadi. Ana shu paytda Melita britaniyaliklarning ko‘plab loyihalari haqidagi ma’lumotlarni yashirincha NKVDga jo‘natadi.
Tube Alloys deb nomlangan loyiha ana shulardan biri edi. Britaniyaliklar bu loyihani avvaliga Kanada bilan hamkorlikda amalga oshirishga kelishishadi. Keyinchalik reja o‘zgaradi va AQSh bilan hamkorlik qilinadi.
Bu loyihada asosan atom bombasi uchun muhim xomashyo hisoblanadigan radioaktiv moddalar tadqiqotlari olib borilgan. Keyinchalik, AQShliklar tomonidan atom bombasining yaratilishida shu loyihaning ba’zi qismlari muhim rol o‘ynagan.
O‘shanda loyihaning barcha maxfiy hujjatlari Melitaning qo‘lidan o‘tardi. U vaziyatdan foydalanib muhim ma’lumotlarni Moskvaga jo‘natib turadi.
Britaniya xavfsizlik xizmatining MI-5 bo‘limi Melitadan ilk marta 1945 yilda shubhalana boshlaydi. Uni sovetlar bilan hamkorlik qilishda gumon qilishadi, ammo yetarli dalil topa olishmaydi.
Melita juda puxta ishlar va o‘zidan iz qoldirmasdi. Shu sababli Britaniya xavfsizlik xizmati uni uzoq yillar qo‘lga tushira olmaydi.
1960-yillarga kelib MI-5 xodimlari Melitaning KGBga ishlashini bilishardi. Ammo o‘shanda ham unga qarshi hech qanday jiddiy dalillar yo‘q edi.
Melita shu qadar zo‘r ishlaydiki, o‘sha paytda KGB hatto Britaniya hukumati vakillari bilmagan maxfiy ma’lumotlardan ham xabardor edi. Qizig‘i, Melitaning eri ham uning KGB bilan hamkorlik qilishini bilmagan.
1970-yillarda KGB Melita bilan hamkorlikni to‘xtatadi va u nafaqaga chiqadi. Sovetlar o‘zlariga sadoqat bilan xizmat qilgan ayolni quruq qo‘yishmaydi va KGB tomonidan Melitaga umrbodlik nafaqa tayinlanadi.
Melitaning fosh etilishi
1992 yilda Melitaning KGBga ishlagani va u ko‘plab maxfiy hujjatlarni jo‘natib turgani oxiri fosh bo‘ladi. Uni sobiq KGB xodimi Vasiliy Mitroxin fosh qiladi.
Mitroxin, uzoq yillar KGB bosh boshqarmasida ishlagan va 1980-yillar o‘rtalarida nafaqaga chiqqandi. U KGB arxivini boshqargan paytda ko‘plab maxfiy hujjatlardan nusxa olib, ularni dalahovlisiga ko‘mib qo‘yadi.
SSSR tarqagach, 1992 yilda Mitroxin o‘zida bo‘lgan maxfiy hujjatlarni Britaniya xavfsizlik xizmatining MI-6 bo‘limiga taklif etadi.
Mitroxin tomonidan MI-6 ga taqdim etilgan maxfiy hujjatlar orasida Melita Norvudning KGB bilan hamkorlik qilgani va ko‘plab maxfiy hujjatlarni jo‘natib turgani haqida ma’lumotlar bor edi. Bu paytga kelib Melita 80 yoshda edi.
Melita dastlabki ish boshlagan joyi Britaniya rangli metalllar tadqiqotlari assotsiatsiyasida uzoq yillar turli lavozimlarda faoliyat yuritadi.
Mitroxin arxividagi hujjatlarga ko‘ra, u o‘z lavozimidan foydalanib Britaniya yadro tadqiqotlari haqidagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritgan va bu haqda KGBga ma’lumotlar jo‘natib turgan.
Bundan tashqari, 1958 yilda KGB tomonidan Melitaga har oy to‘lab boriladigan nafaqa tayinlangan. O‘sha yili sovetlar «sadoqatli xizmatlari uchun» uni maxfiy ravishda Qizil bayroq ordeni bilan mukofotlashgan.
1972 yilda KGB Melita Norvud bilan hamkorlikni to‘xtatgan bo‘lsa ham ayol kommunistik partiyaga sodiq qoladi.
1979 yilda Melita eri bilan Moskvaga «sayohat»ga keladi. Unga 21 yil avval berilgan Qizil bayroq ordenini ham topshirishadi. O‘sha paytda u 67 yoshda edi.
1986 yilda Melitaning eri vafot etadi. Shundan so‘ng ayol yolg‘iz yashaydi. Uning KGBdagi hujjatlarida «Norvud xonim sovet razvedkasi uchun jonini ham ayamaydigan, tartibli va sadoqatli xodimlardan biri», deb yozilgan edi.
Melita fosh bo‘lganidan keyingi mojarolar
1992 yilda Melita Vasiliy Mitroxinning «sharofati» bilan fosh etilgach, bu hodisa Buyuk Britaniyada katta mojarolarga sabab bo‘ladi. Ammo o‘shanda Melita boshqa ism-sharif bilan maxfiy yashar, uning tirikligini hech kim bilmasdi.
1999 yilda sinchkov jurnalistlar Melitani izlab topishadi va undan intervyu olishadi. Shundan so‘ng Britaniyada uni davlat xoini sifatida jazolash masalasi kun tartibiga chiqadi.
Mamlakat qonunlariga ko‘ra, davlatga xiyonat qilgan shaxs jazolanishi kerak edi. Shu sababli Melitaga nisbatan jinoyat ishi ochiladi. Ammo o‘sha paytda ayol 87 yoshda edi va uni qamab bo‘lmasdi.
O‘shanda parlament deputatlari, OAV xodimlari, taniqli siyosatchilar ikkiga bo‘linishadi. Ularning bir qismi Melita Norvud jazolanishi kerak desa, boshqalari jazolash shartmas derdi.
Britaniya hukumati qiyin vaziyatda qoladi. Oxir-oqibat hammasiga Britaniya ichki ishlar vazirligi nuqta qo‘yadi. O‘sha paytda Britaniya ichki ishlar vaziri bo‘lgan Jyek Stro Melita Norvudga qarshi ish yopilganini ma’lum qiladi.
Oradan 6 yil o‘tib, 2005 yil Melita 93 yoshida vafot etadi.
Melita fosh bo‘lganidan keyin ko‘plab OAV undan intervyular olishgan. O‘sha intervyularida u Leninni yaxshi ko‘rganini, Stalinni yoqtirmasligini ta’kidlagan.
Melita KGB bilan hamkorlik qilgani haqida shunday degandi:
«Men qilgan ishlarimni pul uchun emas, balki oddiy odamlarni arzon oziq-ovqat va transport, ta’lim, sog‘liqni saqlash xizmatlari bilan ta’minlash uchun katta to‘lovlarni amalga oshirgan yangi tizim mag‘lubiyatining oldini olish uchun qildim. Shunaqa holat yana takrorlansa men ikkilanmasdan yana shu ishni qilgan bo‘lardim».
U yana bir intervyusida shunday degandi:
«Men avval ham, hozir ham o‘z mamlakatimga qarshi ishlamaganimga aminman. Hech qachon Britaniyaning qiziqishlarini shubha ostida qoldirmaganman. Men har doim sotsialistik lager qurollanish va o‘zini himoya qilish borasida kapitalistik dunyodan ortda qolmasligini xohlaganman. Agar yoshligimga qaytib qolsam, yana shunday yo‘l tutgan bo‘lardim».
Melita Norvudning hayoti haqida film
2018 yilda rejissyor Trevor Nann Melita Norvudning hayoti haqida «Qizil kod» filmini suratga oladi. Film britaniyalik taniqli yozuvchi Jyenni Runi tomonidan yozilgan «Qizil Joan» romani asosida ishlanadi.
Filmning suratga olish ishlari 2017 yil noyabr-dekabr oylarida Kembrijda, Gonvill-end-Kiz kollejida bo‘lib o‘tadi.
Garchi «Qizil Joan» romanida Melita Norvud hayoti tasvirlangan bo‘lsa-da, Jyenni Runi asar qahramonini Joan Stenli deb ataydi. Rejissyor ham filmda ham bosh qahramon bo‘lgan ayolning ism-sharifini o‘zgartirmaydi.
Film syujyeti KGB josusi bo‘lgan britaniyalik ayolning sovetlarga Britaniyaning yadro qurollari yaratish ustida olib borayotgan tadqiqotlari haqidagi maxfiy hujjatlarini bergani ustiga qurilgan.
Film qahramoni bo‘lgan ayol xuddi Melitaga o‘xshab 1990-yillarda fosh etiladi va 2000-yillar boshida keksayib qolganiga qaramasdan qamoqqa olinadi.
Filmda Melitaning yoshligini taniqli aktrisa Sofi Kukson, o‘rta yoshlardagi davrini mashhur aktrisa Judi Dench ijro etgan.
Film ilk bor 2018 yilda Toronto kinofestivalida namoyish etiladi. Uning jahon bo‘ylab taqdimoti 2019 yil 18 aprelda bo‘lib o‘tadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi
Mavzuga oid
11:39 / 26.12.2024
G‘ilay Lenin – SSSRda 10 rubllik pullarni soxtalashtirgan shaxs qanday fosh bo‘lgandi?
19:55 / 23.12.2024
Unutilgan qahramon. Milliy ozodlik harakati rahbari Madaminbek kim edi?
14:59 / 15.12.2024
KGBni dog‘da qoldirgan ayol – Stalinning qizi nega AQShga qochib ketgandi?
14:37 / 08.12.2024