Bir necha marta uzaygan ta’til – ta’lim iqlim o‘zgarishi hodisalaridan zarbaga uchramasligi zarur
Anomal sovuq sabab ta’lim muassasalarida ta’til bir uzaytirilib, so‘ng yana qisqartirildi, so‘ng yana uzaytirildi. Sovuq havo o‘quvchilarning, talabalarning ta’lim olishiga xalaqit bermoqda. Iqlim o‘zgarishi sabab anomal hodisalar ko‘payyapti. Ularga vaqtida tayyorgarlik ko‘rilmasa, ta’limda uzilishlar ham ko‘payishi mumkin.
Anomal sovuq sabab ta’lim muassasalarida ta’til dastlab, 18 yanvargacha cho‘zildi, keyin birdaniga darslar ertaroq boshlanishi ma’lum qilindi. So‘ng hududlarda ta’til yana 23 yanvargacha uzaytirildi. Tartibsizlik bilan avval unday, so‘ng bunday chiqayotgan qarorlardan asosan, talaba va o‘quvchilar jabr ko‘ryapti: o‘quvchilar har maktabga bormagan kuni uchun egallashi mumkin bo‘lgan ma’lum darajadagi bilimni yo‘qotyapti, talabalar esa viloyatlardan poytaxtga yoki boshqa viloyatdagi o‘qish joylariga borib yana qaytishga majbur bo‘lib qolishmoqda. To‘g‘ri, ta’til tugagach darslar tig‘izlashtirilgan holatda o‘tilishi bilan yo‘qotishlar o‘rnini biroz to‘ldirish mumkindir, lekin o‘quvchilar har bir o‘rganmagan dars soati uchun kelajakda ma’lum miqdorda investitsiyadan ayrilishadi.
Uzayayotgan ta’tilning sababi
Iqlim o‘zgarishi haqida bong urila boshlangan bir necha yil oldin aksar odam bu mavzu bizdan uzoq deb e’tiborsiz qoldirgan bo‘lishi mumkin. Lekin hozir bunday qilib bo‘lmaydi. Sababi iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonda ham hamma sohalarga, hatto ta’limga ham ta’sir qilmoqda.
Iqlimshunoslar ta’kidlashicha, global isish yog‘ingarchilik ko‘payishiga olib kelmaydi. Biroq ular ekstremal ob-havo hodisalari ko‘payishiga, shu jumladan, anomal quruq yoki anomal nam davrlar takroriyligi ko‘payishiga olib keladi.
Ya’ni endi lug‘atimizda “anomal” so‘zi ham doimiy o‘rin olsa kerak. Sababi Markaziy Osiyo ham iqlim o‘zgarishlariga ta’sirchan hudud hisoblanadi. So‘nggi paytlarda global harorat ko‘pyillik iqlimiy me’yorlardan 1 gradus isigan bo‘lsa, Markaziy Osiyo 2 gradusga isidi. O‘zbekistonda harorat global miqyosdagidan ko‘ra tezroq ko‘tarilgan va bu davom etadi. Salbiy ta’sirni esa turli tabiat hodisalari orqali his qilamiz.
Global isish sabab bizni anomal issiq, anomal sovuq ob-havo, qurg‘oqchilik, sellar ko‘payishi, chang, suv tanqisligi va shuning ortidan paydo bo‘ladigan elektr tanqisligi kabi muammolar kutyapti.
Bularning istalgan biri ta’lim jarayonlariga ta’sir qilishi mumkin. Xuddi hozirgi anomal sovuq kabi. Qattiq issiq yoki qattiq sovuq sabab maktab, kollej, OTMlar isimasligi yoki haddan ortiq issiq bo‘lib dars o‘tish imkoni ma’lum muddat cheklanishi mumkin. Ta’limda hammasini kelgan joyidan faqat keyinroq davom ettirib ketish esa variant emas.
Ta’limning “zararlanishi”
YUNISEF iqlim o‘zgarishining ta’limga ta’sirini tahlil qilib chiqdi. Unga ko‘ra, iqlimning ta’limga bevosita yoki bilvosita ta’siri bo‘lishi mumkin.
Masalan, sel kelib maktabga boradigan yo‘ldagi ko‘prikni oqizib ketishi yoki maktab binosini suv bosishi mumkin. Bu bevosita ta’sir sabab bolalar maktabga bora olmaydi, oqibatda ular dars qoldirishadi. Yoki hozirgi qattiq sovuq sabab sinfxonalar yetarlicha isimasdan bolalar uyda qolganini ham iqlim o‘zgarishining bevosita ta’siriga misol qilish mumkin.
Bahor oylarida esa ayrim hududlarda sel sabab aholi evakuatsiya qilinishi holatlari ham kuzatilyapti. Tabiiyki, o‘sha aholi orasida ta’lim olayotgan yoshlar ham bo‘ladi.
Bilvosita ta’sir esa bolalarning nafaqat ta’lim olishiga, balki ularning salomatligiga ham salbiy ta’sir qiladi. Misol uchun, toza havo, toza ichimlik suvi yo‘qligi muammolari sabab bolalarning bilim olish ko‘rsatkichlari pasayadi.
Toshkentda o‘tgan yili kuzatilgan chang hodisalari bolalar ta’lim olishiga, maktabga borishiga, ularning o‘sha kunlardagi darslarni o‘zlashtirishiga salbiy ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
Yechim qanday?
Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi oxirgi xabarida ob-havo barqarorlashgunicha maktablarda uchinchi chorak vaqtincha onlayn boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi. Onlayn ta’lim bo‘yicha pandemiya davrida ma’lum tajriba va baza to‘plangan.
Xuddi shuningdek, davlatlar o‘z hududining iqlim xususiyatlaridan kelib chiqib iqlim o‘zgarishlariga chidamli ta’lim strategiyalarini ishlab chiqishlari zarur. Agar sel kelib aholi evakuatsiya qilinsa, vaqtincha faoliyat yuritadigan maktablar tashkil qilish, qattiq sovuq bo‘lsa, darslarni onlaynga o‘tkazish, anomal issiq sharoitida esa elektrda muammo bo‘lmasligi uchun yashil energiya asosida ishlaydigan maktablar tashkil qilish (sovitish tizimi va elektron o‘quv jihozlari ishlashi uchun), sel xavfi sabab evakuatsiya qilinadigan bolalar uchun vaqtinchalik ko‘chma maktab, bog‘chalar ochish mumkin. O‘zbekistonda ko‘chma bog‘cha tajribasi ham bor.
YUNISEF Kamboja, Mo‘g‘uliston va Vetnamdagi iqlim o‘zgarishi va ta’limga oid vaziyatni tahlil qilib tabiiy ofatlar davrida ham ta’limda uzilish bo‘lmasligiga yordam beradigan bir qator talablar qo‘yadi:
- Hukumatlarning iqlim o‘zgarishi dasturi ta’lim sektori bilan ham hisoblashilgan bo‘lishi kerak;
- Hukumatlarda iqlim o‘zgarishi strategiyalarini joriy etish, infrastrukturalarni moslashtirish, oilalarni tabiiy ofatlar davrida qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli mablag‘lar bo‘lishi kerak;
- Ta’lim vazirliklari iqlimga oid masalalar bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar bilan doimiy hamkorlik qilishi kerak (masalan, O‘zgidromet);
- O‘quv soatlariga iqlim o‘zgarishiga oid soatlar kiritilishi, o‘quvchilarning bunga oid oxirgi bilimlarni egallashlariga sharoit qilib berilishi kerak;
- Favqulodda sodir bo‘ladigan tabiat hodisalari davrida ham o‘quvchi, talabalarning alternativ usulda ta’lim olishlariga imkon yaratish. Masalan, onlayn;
- Maktablar kelajakda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tabiiy ofatlarda zararlanmaydigan qilib qurilishi, maktabga olib boradigan yo‘l har qanday tabiat hodisasi kuzatilganda ham xavfsiz bo‘lishi lozim.
Xulosa: iqlim o‘zgarishi allaqachon O‘zbekistonga o‘z ta’sirini o‘tkaza boshlaganini tanamizda his qilyapmiz. Sohalarni unga tayyorlash va moslashish vaqti allaqachon kelgan. Har qattiq sovuq bo‘lganda ta’tillar cho‘zilaversa, maktablar, OTM yopilib talabalar, o‘quvchilar bekor qolsa, bu kadrlar tayyorlash sohasida muammolar keltirib chiqarishi mumkin.
Takliflar:
- Ta’lim vazirliklari doimiy ravishda O‘zgidromet bilan hamkorlikda ishlashi, qattiq sovuq va issiq bo‘ladigan kunlar haqida ma’lumotlarni to‘plab borib, darslarni ma’lum muddat onlayn yoki boshqacha formatda o‘qitishga tayyor bo‘lishi;
- Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligi sel kelish xavfi bor hududlarni o‘rganib chiqib, agar shunday vaziyatlar bo‘ladigan bo‘lsa, vaqtinchalik suv bosib yopiladigan maktablar o‘quvchilari uchun yoki evakuatsiya qilinadigan bolalar uchun vaqtinchalik ko‘chma maktablar tashkil qilishi;
- Anomal issiq kuzatiladigan paytlarda ta’lim muassasalarida elektr uzilishi muammolari bo‘lmasligi uchun maktablarni yashil energiya bilan ta’minlash loyihalarini sinab ko‘rish mumkin.
Zilola G‘aybullayeva, jurnalist
Mavzuga oid
15:21 / 19.12.2024
Xitoyda o‘g‘lining uy vazifalariga yordamlashayotgan ota infarktga chalindi
16:56 / 13.12.2024
Andijonda hokim o‘quvchilarni armiyaga yubordi, IIB boshlig‘i “qizil toifa”ga ajratdi. Bu to‘g‘rimi? - mutaxassislar bilan suhbat
09:30 / 04.12.2024
Dunyodagi eng qimmat 10 ta maktab-internat: ularda yillik o‘qish narxi 100 ming dollardan oshadi
14:33 / 21.11.2024