O‘zbekiston | 14:50 / 17.01.2023
46080
2 daqiqa o‘qiladi

“Svet” yo‘qligi uchun tarmoq xodimini so‘yish bilan tahdid qilgan ayolga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Voqea 16 yanvar kuni Chirchiq shahrida, bir guruh aholi elektrdagi uzilishlardan shikoyat qilib dispetcherlik punktida yig‘ilgan vaqtda sodir bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh fuqarolar elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘lganidan norozi bo‘lib, elektr ta’minoti korxonasiga borib, janjal ko‘targani aks etgan video tarqaldi. Voqea paytida bir ayol korxona xodimiga pichoq bilan tahdid qilgani ko‘ringan.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, hodisa turli kanallarda yozilganidek Qashqadaryo viloyatida emas, Toshkent viloyatida, 16 yanvar kuni sodir bo‘lgan.

Shu kuni Chirchiq shahar elektr ta’minoti korxonasining dispetcherlik punktida bir guruh aholi elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘lganidan norozilik bildirgan vaqtda, 35 yoshli ayol bezorilik harakatlarining oldini olish choralarini ko‘rgan korxona elektromontyoriga qarshilik ko‘rsatib, o‘zidagi oshxona pichog‘i yordamida uni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, tahdid qilgan.

Holat bo‘yicha Chirchiq shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov boshlangan.

Mavzuga oid