O‘zbekiston | 16:43 / 19.01.2023
25349
2 daqiqa o‘qiladi

Yekaterinburgdan Toshkentga uchayotgan yo‘lovchining yuklari orasidan oltin avtomat topildi

AK-74 Kalashnikov avtomati bojxonachilar tomonidan olib qo‘yilgan va ekspertizaga topshirilgan.

Rossiyaning Yekaterinburg aeroportida bojxonachilar oltindan ishlangan Kalashnikov avtomatini Toshkentga olib ketishga uringan yo‘lovchini qo‘lga olishdi. Qayd etilishicha, antiqa qurolni sovg‘a sifatida O‘zbekistonga olib kelayotgan erkak aeroportning yashil koridoridan o‘tishga uringan.

Rossiyalik erkak so‘roq vaqtida avtomat allaqachonlar “otishga yaroqli qurollar ro‘yxatidan chiqarilgani, unga zargarlar tomonidan ishlov berilgani, u qurolni qadrdon do‘stiga sovg‘a sifatida olib ketayotganini bildirgan.

Rossiya Federal bojxona xizmatiga ko‘ra, avtomat 1974 yilda ishlab chiqarilgan. Qurolning ayrim qismlari naqsh tushirilgan oltin bilan qoplangan, ba’zi qismlari esa qimmatbaho yog‘ochdan yasalgan. Ta’kidlanishicha, Rossiya bozorida shunga o‘xshash mahsulotlarning narxi 500 ming rublgacha boradi.

Qayd etilishicha, qurolning jangovar xususiyatlarini tiklash imkoniyatlari bor yoki yo‘qligini baholash uchun Kalashnikov avtomati ekspertlarga taqdim etilgan.

Avvalroq Buxoro xalqaro aeroportida Rossiyadan to‘pponcha olib kelayotgan shaxs ushlangandi.

O‘tgan yili Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlaridagi bojxona postlarida qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar noqonuniy olib o‘tilishining oldi olingandi.

Toshkent aeroportida bojxonachilar ichiga qariyb 0,5 kg oltin yashirilgan dazmolni aniqlashgandi.

Mavzuga oid