O‘zbekiston | 13:04 / 20.01.2023
18069
2 daqiqa o‘qiladi

Sovuq sotuvchilar kayfiyatiga qanday ta’sir qildi?

Ijtimoiy tarmoqlarda muzlagan tuxum va pomidor aks etgan videolar tarqaldi. Mahsulotlar shunchalik muzlabdi, ularning sotuvchilari-chi? Kun.uz Toshkentning Farhod dehqon bozorida bo‘lib, sotuvchilarning kayfiyati, odatdagidan sovuqroq kelgan bu yilgi qishni qanday o‘tkazayotganligi, narx-navolar, muzlama sharoitlarida meva va sabzavotlarini qanday saqlagani bilan qiziqdi.

Videotasvirlarda ham ko‘rish mumkinki, sovuq tufayli bozordagi tuxum muzlab qolgan va yerga ursa ham sinmagan. Uyda turgan pomidorlar esa toshdek muzlagan.

Bozorlarimiz dehqon, sotuvchilar va xaridorlar bilan har doimgidek gavjum. Xuddi sovuq kunlar ta’sir qilmagandek. To‘g‘ri-da, birlamchi ehtiyojimiz bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari sotuvi sovuqni deb to‘xtab qolsa, keyin ularni qayerdan sotib olamiz?

Bozorlardagi sotuvchi ayollarning chidamliligiga qoyil qolish kerak. Shunday haroratda ham biri muzday meva sotayotgan bo‘lsa, yana biri qo‘lini sovuq suvga solib, sabzi to‘g‘rayapti. Ahvol so‘rasangiz, tabassum bilan “biz o‘rganib ketganmiz” deydi.

Meva-sabzavotlarni -20 darajali qahraton kunlarida qanday saqlashgani haqida esa har bir sotuvchining o‘z “usuli” bor. Kimdir mahsulot ko‘p turib qolib muzlamasligi uchun kam-kamdan olib sotganini aytsa, kimdir mevalarni uyida gilam-ko‘rpalarga o‘rab saqlaganini aytadi. Mahsulotlari muzlab qolganlar ham yo‘q emas.

Har qanday sharoitda ham xaridorlarini mazali va sifatli mahsulotlar bilan xursand qilishdan charchamaydigan, yuzidan tabassumi arimaydigan sotuvchi onaxon-u opaxonlarga, bozoringizni bersin, deb qolamiz.

Sardorbek Usmoniy, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Muhiddin Qurbonov

Mavzuga oid