Jahon | 18:53 / 20.01.2023
11470
2 daqiqa o‘qiladi

To‘qayev Qozog‘istonda jurnalistlarga uyushtirilgan qator hujumlarni chuqur o‘rganishni topshirdi 

2022 yil kuzidan boshlab, Qozog‘istonda bir qancha jurnalistlarga hujum va tahdidlar bo‘lgan edi.

Foto: akorda.kz

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev huquq-tartibot idoralariga jurnalistlarga o‘tgan yilning kuzidan beri sodir bo‘layotgan hujumlarni chuqur tekshirishni topshirdi.

«Jamoat xavfsizligi va davlat obro‘siga putur yetkazish maqsadida qilingan ushbu noqonuniy xatti-harakatlarning nafaqat aybdorlari, balki buyurtmachilari ham aniqlanishi kerak», dedi u.

Qozog‘istonda jurnalistlarga hujumlar o‘tgan yilning noyabr oyida, noma’lum shaxslar El Media internet nashri tahririyati joylashgan biznes markazining oyna va eshiklarini sindirib tashlaganidan so‘ng boshlangan edi. Hujumlar shu yilning yanvar oyi o‘rtalarida takrorlandi.

13 yanvar kuni hujumchilar «Altinshi Qangtar» fuqarolik koalitsiyasi a’zosi, jurnalist Dinara Yegeubayevaning mashinasiga o‘t qo‘yishdi. Keyinroq politsiya ushbu ish bo‘yicha besh nafar voyaga yetmagan bola qo‘lga olinganini aytdi.

18 yanvar kuni noma’lum shaxslar UlysMedia saytiga buzib kirib, unda nashr bosh muharriri Samal Ibrayevaning shaxsiy ma’lumotlari va uning farzandlari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilishdi.

Yaqinda jurnalist Vadim Boreyko uch noma’lum shaxs uning kvartirasi eshigini to‘smoqchi bo‘lgani va ehtimol yoqib yubormoqchi bo‘lganini aytdi. U buni kasbiy faoliyati bilan bog‘ladi va jurnalistlarga qilingan so‘nggi hujumlarni «bir-biriga bog‘liq» deb atadi.

Boreyko politsiyaga bergan ko‘rsatmasida jurnalistlar, xususan, Dinara Yegeubayeva, Guljan Yergaliyeva, Gulnar Bajkenova (o‘tgan yilning kuzida noma’lum kimsalar uning yirtilgan surati solingan cho‘chqa boshini Orda sayti muharririga yuborishgan), Samal Ibrayeva va o‘ziga nisbatan sodir qilingan tahdidlar ehtimol, bir markazdan muvofiqlashtirilgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Mavzuga oid