Jahon | 18:40 / 22.01.2023
31813
13 daqiqa o‘qiladi

Afsonaviy o‘tmish uchun urush: SSSRning maromiga yetmagan tarixi Ukrainaga qarshi urushga asos bo‘lmoqda

Foto: Getty Images

«Xalqaro memorial» boshqaruvi a’zosi, tarixchi Irina Shcherbakova o‘tgan yil oxirida, Rossiya huquqbonlik jamiyati Nobel mukofotini olganda Yevropaning bir qator deputatlari va amaldorlari bilan uchrashgan. U Yevroparlamentda Putin davrida tarixni qayta anglash va arxivlarni maxfiylik grifidan ozod qilish ishlari bas qilingani, sovet mifi o‘rnida yangi tajovuzkor mafkura vujudga kelganini so‘zlab bergan.

Quyida Irina Shcherbakovaning chiqishlaridan parchalar keltiriladi.

Muqobilsiz imperializm

Bugun biz absurd tarixiy nuqtada bo‘lib turibmiz, bunda Rossiya hokimiyati bosqinchilik urushini nafaqat «buyuk» geosiyosiy o‘tmish bilan xaspo‘shlamoqda, aholiga ham shu imperialistik o‘tmishdan boshqa hech narsa yo‘qligini mudom singdirmoqda. O‘tmishni tasvirlash uchun Putin o‘z maqolalari va chiqishlarida «tarix» deb atovchi fantastik to‘plardan foydalanilmoqda. Bu to‘plam eng yolg‘on va eng zaharli tarixiy miflar, aynigan faylasuflarning iqtiboslari, fitna nazariyalari va hokazolardan iborat.

Taassufki, bu psevdotarixiy miflar Rossiya aholisiga o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda, Ukrainaga qarshi urushni ma’qullash va oqlashga xizmat qilmoqda.

Ko‘pincha Rossiya sovet davriga qaytmoqda, degan gaplarni eshitib qolamiz — garchi bugun «sovet davri» faqat ayrim narsalardagina namoyon bo‘lmoqda va ko‘proq sovet davriga parodiyadek tuyulmoqda. Aslida, bunda «maromiga yetkazilmagan» tarix bilan bog‘liq anchayin chuqur jarayonlar rol o‘ynamoqda.

Arxiv inqilobi

1980-yillar oxirida, «Memorial» tuzilganida kommunistik o‘tmish refleksidan qutula olinmagan, undan to‘liq voz kechilmagan edi. Bu yillarning muhim shiori jamiyatga siyosiy qatag‘onlar borasidagi haqiqatlarni ochish talabi, nihoyat, qurbonlarga yodgorliklar o‘rnatishdan iborat edi. Natijada jamoatchilik sa’y-harakati va «Memorial»ning aralashuvi bilan 90-yillar boshida davlatning qatag‘on qurbonlariga munosabatini oydinlashtiruvchi, maxfiylashtirilgan ulkan hujjatlar to‘plamiga yo‘l ochuvchi ikkita muhim qonun qabul qilindi. O‘shanda bu yetarlicha baholanmagan tarix ustida ish olib borish bo‘yicha izchil jarayonning dastlabki qadamlari ekanligiga ishonilgan edi.

Dastlab «Siyosiy qatag‘onlar qurbonlarini reabilitatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun (1991 yil oktyabri) qabul qilingan va u 1917 yildan buyon qatag‘onlarga duchor qilinganlarga nisbatan adolatni tiklay boshladi. Ikkinchi muhim qadam Boris Yelsin 1992 yil 23 iyunida imzolangan «Ommaviy qatag‘onlar va inson huquqlariga daxl qilish uchun asos bo‘lgan qonunchilik va boshqa hujjatlardan cheklovchi griflarni olib tashlash to‘g‘risida»gi farmon bo‘ldi. Bunda 1917 yildan 1991 yilgacha sovetlar boshqaruvining hujjatlari maxfiylik grifidan ozod qilindi.

Qabul qilingan ushbu hujjatlar sharofati bilan 1990-yillarda keyinchalik «arxiv inqilobi» (yoki «oq dog‘lar»ni yopish) deb ataluvchi jarayon boshlab yuborildi. Intensiv tadqiqot ishlari tufayli 1997 yilga kelib statistika aniq-tiniq bo‘y ko‘rsata boshladi, bu qatag‘onlar miqyosini aniqlashtirish imkonini berdi — 12 millionga yaqin qurbon. Terror mexanizmi ham ochib berilgan va u avvaldan sovet hukumatining eng muhim quroliga aylangani ma’lum bo‘lgan.

90-yillar boshida eng xunuk sovet yodgorliklari buzib tashlangan, ayrim shahar va ko‘chalar qayta nomlangan. Maktab va oliygohlarning tarixga oid fanlari o‘zgartirilgan. Rossiyada ilk bor tarix o‘qituvchisiga bir nechta darslikdan tanlab olish imkoniyati berilgan.

Yangi qahrli kunlar

90-yillar o‘rtalariga kelib sovet o‘tmishini maromiga yetkazish muzlatilayotgani, ishlar izchil olib borilmayotgani ayon bo‘ldi. Keyingi qadamlar o‘tmish bilan tamomila xayrlashish, barchasi Lenin jasadini mavzoleydan olib chiqib ko‘mish bilan yakunlanishi kutilayotgandek edi. Lekin bu sodir bo‘lmadi.  

Aksincha, qayta nomlashlar bas qilindi. Rossiya shaharlarining markaziy ko‘cha va maydonlari hamon Lenin nomida, uning Rossiyadagi 7 mingdan ziyod haykallaridan 6 mingi hamon o‘z joyida turibdi.

Asosiy sabab qilib kommunistik elektoratning norozilik bildirishidan qo‘rquv ko‘rsatildi, chunki ular 1993 yil oktyabridan boshlab Yelsin uchun asosiy tahdid bo‘lgan.

90-yillar o‘rtalariga kelib, jamiyatni o‘tmish sog‘inchi qamrab ola boshladi. 90-yillar boshida bu sog‘inchning asosiy vektori inqilobgacha bo‘lgan farovon Rossiya haqidagi mif edi. Oktyabr inqilobigacha bo‘lgan Rossiyani «xalqlar qamoqxonasi», samoderjaviye (mustabid hokimiyat) va reaksiya makoni deya tasvirlagan sovet mifidan farqli o‘laroq, Chor Rossiyasini eng chiroyli bo‘yoqlarda tasvirlovchi miflar paydo bo‘lgan edi.

1995 yilga kelib inqilobgacha bo‘lgan Rossiya sog‘inchini hali jonli va kuchli bo‘lgan sovet o‘tmishi sog‘inchi siqib chiqara boshlagani oydinlashdi. Demokratik o‘zgarishlardan ixlos qaytishi, iqtisodiy qiyinchiliklar bu sog‘inchni to‘yintira boshladi, 60–80-yillardagi sovetcha hayotni chiroyli ranglarda tasvirlay boshlashdi.

Endi SSSRning parchalanishini eng katta jarohat sifatida taqdim etish boshlandi. Bir vaqtning o‘zida tarix va adabiyotning, umuman humanitar fanlarning obro‘si va qiymati pasaya bordi. Bu fonda bir necha yil avval — qayta qurish davrida mutlaqo imkonsiz deya sanalgan narsa sekin-asta ro‘y bera boshladi: rossiyaliklarning tarixiy tafakkurida yana Stalin siymosi bo‘y ko‘rsatdi.

Stalinni qayta tiriltirish

2000-yillar boshida Putin hokimiyat tepasiga kelishi bilan tarixiy siyosatda ma’naviy relyativizm paydo bo‘ldi. Shunday tezis ko‘proq yangray boshladi: tarix yo‘q, faqat tarixchilar bor; shak-shubhasiz faktlar yo‘q, uning vaziyatga ko‘ra talqini bor.

Ulug‘ Vatan urushi haqidagi tarix reviziya qilina boshlandi, undan yana barcha oq dog‘lar o‘chirila boshlandi. Soxta va silliq tarix nafaqat real va fojiali urush haqidagi tarixni siqib chiqardi, qaytaga yangi tajovuzkor militarizmning manbasi va oqloviga do‘na boshladi. Tinchlik borasidagi iltijolar o‘rnini tajovuzkor shior — «buni takrorlashimiz mumkin» egalladi.

Endi bosh qadriyat sifatida kuchli avtoritar hukumat e’lon qilingach, avtomatik ravishda, xuddi nosqovoqdan chiqqan shaytondek bu hokimiyatning eng yorqin timsoli Stalin ochiq-oydin va agressiv ko‘rinishda paydo bo‘ldi va u endi jamoatchilik tafakkurida ommaviy qatag‘onlar tashkilotchisi emas, buyuk g‘alaba bunyodkori sifatida o‘rin egallay boshladi. «Memorial» bunday tarixiy siyosat qanday oqibatlar olib kelishi borasida bir necha bor chiqish qilishga majbur bo‘ldi.

Sekin-asta paydo bo‘lgan vaziyatni ijtimoiy so‘rovlar ham qayd eta bordi, unda so‘ralganlar Stalin davrida ommaviy qatag‘onlar ro‘y berganini ta’kidlashganiga qaramasdan, xuddi o‘sha respondentlar uni «davlat jinoyatchisi» sifatida tan olishga mutlaqo tayyor emasdi. So‘nggi o‘n yil ichida Stalin timsol sifatida yanada pashshaxo‘rda bo‘la boshladi — u reklama bannerlaridan, metro vagonlari devorlaridan, kitob do‘konlari peshtaxtasidan nazar tashlay boshladi: kitob do‘konlari uni oqlovchi va uning soxta tarixiy makulaturasini ko‘klarga ko‘taruvchi kitoblar bilan to‘ldirildi. Rossiya bo‘ylab va poytaxt Moskvada unga o‘nlab haykallar o‘rnatila boshlandi.

Urush tilida

2022 yilning 24 fevralida sodir bo‘lgan hodisa — Putin Ukrainaga qarshi keng qamrovli urush boshlashini oldindan ko‘ra bilish mumkinmidi? Signallar mutlaqo aniq edi. Ular avvalo shunda bo‘y ko‘rsatdiki, 2014 yildan so‘ng tarixiy siyosat haqida gapirish noo‘rin edi — bu real tarixga hech qanday aloqasi bo‘lmagan tarixiy propaganda edi. Bu yo‘lda tarixiy parallellar va taqqoslarni taqiqlovchi tarixga doir deb ataluvchi qonunlar qabul qilindi, ular hukumat naqtayi nazariga ko‘ra yorqin o‘tmish salobatiga raxna soluvchi barcha narsani taqiqladi. Shu yo‘lda darsliklar va dasturlar qayta yozildi, geosiyosat bo‘yicha vatanparvarlik darslari va seminarlar joriy qilindi.

Bu propaganda Maydanda sodir bo‘lgan voqealarni G‘arbning Rossiyaga qarshi fitnasi deya tanishtirdi. Shundan so‘ng aholiga Ukrainada hokimiyat tepasiga «fashistlar», «banderachilar», millatchilar va antisemitlar keldi, degan fikrni singdirish boshlandi. Shunday qilib, hukumat milliy tafakkurning eng og‘riqli nuqtalariga murojaat qilib, Ikkinchi jahon urushi tilida so‘zlay boshladi. Bugun bularning barchasi kundek ravshan, ular Putinning har bir chiqishida takrorlanmoqda. Putin so‘zlayotgan rus va ukrainlarning tarixiy birligi to‘g‘risidagi gaplari bilan Kiyev va Xarkiv ustiga yog‘dirilayotgan bombalar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri sabab-oqibat bog‘lanishi bor.

Mafkura sifatida putinizm tadqiqotchilari uchun muhim masala nega u tinimsiz o‘tmishga qarayotganligida. Bu uni «Memorial» tadqiq qilgan kommunistik diktaturadan farqlaydi. Bu diktatura, xuddi natsistlarniki singari, o‘tmishga qaragan edi, biroq bu ishni mifik kelajak va mifik «yangi» insonni qurish uchun qilgandi. Putinizmning o‘ziga xos jihati — faqat o‘tmish bilan o‘ralashib qolganidir. Unda hech qanday kelajak proyeksiyasi yo‘q, Putin mafkurachilarining xayolida kelajak — shunchaki tarixga qaytish, Ukrainaga bostirib kirish esa — o‘tmish uchun jang, rekonstruktorlar tomonidan yaratilgan o‘tmish uchun urushdir. Qrim va Donbassni egallashda yordam bergan telba polkovnik Strelkov-Girkin bekorga bu tarixiy rekonstruktorlardan biri hisoblanmaydi. Faqat mulyajlar o‘rniga ular haqiqiy qurol-yarog‘dan foydalanib, haqiqiy qonlarni to‘kishmoqda.

Xalqaro «Memorial» aynan shu sababli urush boshlanishidan ikki oy avval yopib tashlandi, chunki tashkilot Putin hokimiyati uchun xavfga aylandi. «Memorial»ning o‘tmish bilan ishlashidan murod yangi, demokratik kelajak yo‘lida xulosa chiqarish uchun edi. Bu RF Oliy sudi majlisida Xalqaro Memorialning yopilishi uchun asos ekanligi RF Bosh prokuraturasi vakili tomonidan ochiq aytildi.

2021 yilning kuzida G‘arbning ko‘plab nashrlarida fotosurat chop etildi: Moskvadagi «Memorial» eshigi politsiya kishani bilan qulflab qo‘yilgan edi. U Putin Rossiyasida tarixga munosabatning o‘ziga xos ramziga aylandi.

Politsiya shu kuni «Memorial»da polshalik rejissyor Hollandning Ukrainadagi ocharchilikka bag‘ishlangan filmi namoyish etilayotganda eshiklarga kishan urgan. Film namoyishi «Fashistlar! Xoinlar! Rossiyadan yo‘qol!» deya baqirib kirib kelgan bosqinchilar tufayli uzilgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiya bosqinchilarni qo‘yib yuborib, «Memorial» xodimlariga tahdid qilishgan. Ehtimol aynan shu epizod kelgusidagi tarix kitoblarida putinizmni tasvirlovchi misollardan biri bo‘ladi. 

Mavzuga oid