Aleksey Navalniy o‘n birinchi marta jazo kamerasiga yuborildi
Avgust oyi o‘rtalaridan beri muxolifatchiga jami 113 kun jazo kamerasida o‘tirish tayinlangan. Nobel mukofoti sovrindorlari Dmitriy Muratov va Mariya Ressa Qizil Xoch tashkilotini Navalniy taqdiriga aralashishga chaqirdi.
Koloniyada jazoni o‘tayotgan taniqli rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy o‘n birinchi marta jazo kamerasiga (JIZO) joylashtirildi, deb xabar qildi siyosatchi jamoasi 25 yanvar, chorshanba kuni Telegram'da. Avgust oyidan beri Navalniyga JIZOda jami 113 kun tayinlangan.
Xabarda Navalniyning o‘ziga ko‘rsatilayotgan bosimdan shikoyat qilgan bayonoti bor. «Bu menga siyosiy faoliyat bilan bog‘liq holda amalga oshirilayotgan murakkab bosim: ular senzurani joriy qilishdi, meni jazo kamerasida ushlab turishdi, oldimga ruhiy nosog‘lom odamni kiritib qo‘yishdi, advokatlarni kiritishmayapti, bu panjarani o‘rnatishdi», dedi siyosatchi.
Bir kun oldin, Germaniya poytaxti Berlinda, Rossiya elchixonasi binosi oldida Navalniy yuz kundan ortiq vaqt o‘tkazgan JIZO kamerasining nusxasi o‘rnatilgan. Obektni muxolifatchining ukasi Oleg Navalniy va siyosatchining ittifoqchisi Leonid Volkov taqdim etgan. Volkovning so‘zlariga ko‘ra, JIZO kamerasining nusxasi boshqa Yevropa davlatlarida ham vaqtincha o‘rnatiladi.
Ayni paytda, Nobel mukofoti laureatlari Dmitriy Muratov va Mariya Ressa Navalniy taqdiriga aralashish iltimosi bilan Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasiga murojaat qilishdi. Ular o‘z maktubida Navalniy 2021 yil yanvarida hibsga olingan paytdan boshlab hamda koloniya va tergov izolyatorida bo‘lgan vaqtida «tanib bo‘lmas darajada o‘zgarganini» qayd etgan.
Mavzuga oid
12:34 / 11.12.2024
Navalniy va uning advokatlari koloniyada yashirin kamera bilan videoga olingan
21:37 / 12.11.2024
Portugaliyada Aleksey Navalniy memoriali ochildi. U Rossiya elchixonasi yaqinida joylashgan
14:10 / 14.10.2024
Jahon OAV Navalniyning xotiralaridan parchalarni chop etdi
13:10 / 05.10.2024