Millionlab odamlar hayotini saqlab qolish: Transyog‘lardan nega voz kechish kerak?
Ko‘pchilik sevib iste’mol qiladigan fast-fud va turli shirinliklar sabab har yili dunyo bo‘yicha yarim million odam yurak-qon tomir kasalliklariga chalinishini bilasizmi? Chunki bu mahsulotlarni tayyorlashda sanoat yo‘li bilan ishlab chiqariladigan transyog‘lardan foydalaniladi.
Yiliga yarim million odamning yurak-qon tomir kasalliklari oqibatida hayotdan erta ko‘z yumishiga aynan shunday zararli ingrediyentlar sabab bo‘lmoqda. Bu haqida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari ma’lum qildi.
2018 yilda tashkilot ekspertlari 2023 yilgacha tarkibida transyog‘lari bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatish bo‘yicha global chaqiriq bilan chiqqandi. Biroq bu maqsadga 5 yil ichida erishilmadi.
Xo‘sh, o‘zi transyog‘ nima, u nimasi bilan xavfli? Nega undan voz kechishimiz kerak?
Transyog‘ nima?
Transyog‘larning ikkita asosiy manbayi bor: tabiiy manbalar (sigir va qo‘y kabi kavsh qaytaruvchi hayvonlarning sut mahsulotlari va go‘shtida) va sanoatda ishlab chiqarilgan manbalar (qisman vodorodlangan yog‘lar).
Qisman vodorodlangan yog‘lar birinchi marta XX asrning boshlarida sariyog‘ almashinuvi sifatida oziq-ovqat ta’minotiga kiritilgan. 1950-1970 yillarda to‘yingan yog‘li kislotalarning sog‘liqqa salbiy ta’siri aniqlandi.
“Tabiiy” transyog‘lar sanoat yog‘lari kabi zararli. Shuning uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 1-1,5 foiz yog‘li sut mahsulotlarini tanlashni va yog‘siz go‘sht iste’mol qilishni tavsiya qiladi.
Qisman vodorodlangan yog‘lar birinchi navbatda qovurish uchun va pishirilgan mahsulotlarning tarkibiy qismi sifatida ishlatiladi.
Uning zarari nimada?
Transyog‘larning xavfliligi bo‘yicha birinchi tadqiqotlar 1994 yilda paydo bo‘lgan, garchi ular XIX asr oxiridan beri mahsulotlarda mavjud bo‘lsa ham. Olimlar transyog‘larni iste’mol qilish natijasida qonda xolesterin miqdori ko‘tarilib, bir qator kasalliklarning rivojlanishiga olib kelishini aniqladilar.
Tibbiyot hamjamiyati transyog‘larni yurak kasalliklari, diabet, alsgeymer, semirish, jigar kasalliklari va hatto depressiya bilan bog‘laydi.
JSST hisob-kitoblariga ko‘ra, sanoat transyog‘larini iste’mol qilish har yili dunyoda yurak-qon tomir kasalliklaridan 500 mingga yaqin o‘limga olib keladi, o‘lim xavfini 34 foizga oshiradi. Ulardan har kuni olinadigan har bir qo‘shimcha 1 foiz energiya yurak-qon tomir kasalliklari oqibatida kelib chiqadigan o‘limni 12 foizga oshiradi.
Shuningdek, ilmiy ma’lumotlar transizomerlarning reproduktiv funksiyaga salbiy ta’sirini ko‘rsatadi. Oxirgi tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, bu moddalar qon tomirlarini shikastlash orqali SOVID-19'ning kechishini og‘irlashtiradi.
Nega transyog‘dan batamom voz kechilmaydi?
Oziq-ovqat sanoati qattiq yog‘larga juda muhtoj. Aynan ulardan foydalanish orqali iste’molchi kutgan tayyor mahsulotning texnologik xususiyatlariga erishish va aholi orasida ayniqsa mashhur bo‘lgan qandolat va non mahsulotlarini ishlab chiqarish mumkin.
Qattiq yog‘lar konfet plombalarini optimal qattiqlik bilan tayyorlashga imkon beradi. Shirinliklarga yumshoqlik berish va boshqa ko‘plab texnologik vazifalarni bajaradi.
Biroq qisman gidrogenizatsiya yog‘ kislotalari tuzilishining o‘zgarishiga olib keladi, buning natijasida mahsulotda 50-60 foizgacha transyog‘lar hosil bo‘ladi.
Dunyoda transyog‘larga qarshi kurash
Oziq-ovqat sanoati qisman vodorodlangan yog‘lardan uzoqlashish uchun uzoq yo‘lni bosib o‘tdi, bu nafaqat o‘simlik moylarini qayta ishlash texnologiyalarini o‘zgartirishni, balki xomashyoni almashtirishni ham talab qildi.
Ko‘p jihatdan, bu suyuq o‘simlik moylaridan tropiklarga o‘tish orqali mumkin bo‘ldi. Avvalo, yarim qattiq mustahkamlikka ega palma yog‘iga.
Daniya 2003 yilda transyog‘lardan foydalanishni cheklagan birinchi davlat edi. Transizomersiz mahsulotlarga o‘tish hukumatning aholi salomatligini yaxshilash uchun qilgan yagona qadami emas. Daniyaliklar, shuningdek, chekishni tashlash dasturini joriy qilishdi, bu birgalikda so‘nggi 20 yil ichida yurak muammolaridan o‘limni 70% ga qisqartirdi.
Hozirgi kunda transyog‘lar nazorati dunyoning 58 ta davlatida joriy qilingan va 40 dan ortiq mamlakatlarda 2 foizgacha cheklov mavjud. Darhol qat’iy cheklovlarni joriy etgan davlatlar 10 yil ichida o‘limni 25 foizga qisqartirishga muvaffaq bo‘lishdi.
JSST ekspertlari barcha davlatlarga transyog‘larisiz mahsulotlar ishlab chiqarish nafaqat hayotni saqlab qolishini, balki pulni tejashni va tibbiyot muassasalariga katta yukni kamaytirishini ham qayd etishadi.
Britaniya transyog‘larni taqiqlash 10 yil davomida sog‘liqni saqlash xarajatlarini 1,5 milliard funt sterlinggacha tejashini hisoblab chiqdi. Qo‘shma Shtatlardan kelgan ekspertlarning ta’kidlashicha, cheklov 130 million dollarga yaqin foyda keltiradi.
“Transyog‘larning hech qanday foydasi yo‘q va sog‘liq uchun katta xavf tug‘diradi, bu ham sog‘liqni saqlash tizimlari uchun katta xarajatlarga olib keladi. Shu bilan birga, transyog‘lardan voz kechish iqtisodiy jihatdan manfaatli bo‘lib, sog‘liq uchun katta foyda keltiradi”, – deydi JSST rahbari Tedros Adhanom Gebreyyesus va odamlarni “o‘ldiradigan” bu zaharli kimyoviy moddalar oziq-ovqatda o‘z o‘rniga ega bo‘lmasligi kerakligini, ularni tugatish vaqti kelganini ta’kidlaydi.
JSST barcha mamlakatlar tomonidan istisnosiz ko‘rishni tavsiya qiladigan chora-tadbirlar transyog‘larining asosiy manbai bo‘lgan vodorodlangan yog‘ni ishlab chiqarish va undan foydalanishga to‘liq milliy taqiqni joriy etish yoki transyog‘laridan foydalanishga cheklov kiritishdir.
Yog‘larning oziq-ovqat tarkibidagi miqdori umumiy yog‘ning 2 foizidan oshmasligi kerak.
“Nyu-York shahri o‘n yil oldin sanoatda ishlab chiqarilgan transyog‘larni Daniyaga ergashgan holda yo‘q qildi”, – deydi Doktor Tom Friden. “Transyog‘ o‘ldiradigan keraksiz zaharli kimyoviy moddadir va butun dunyo bo‘ylab odamlarga ta’sir qilishda davom etishiga hech qanday sabab yo‘q”.
JSSTning yuqumli bo‘lmagan kasalliklar va jarohatlar bo‘yicha global elchisi, “Bloomberg” agentligi asoschisi Maykl Blumberg shunday deydi: “Nyu-York shahrida transyog‘larini taqiqlash yurak xurujlari sonini kamaytirishga yordam berdi. Oziq-ovqat narxini pasaytirish va butun dunyo bo‘ylab ulardan foydalanishni yo‘q qilish millionlab odamlar hayotini saqlab qolishi mumkin. Biz yurak-qon tomir kasalliklariga qarshi shunday muvaffaqiyatga erishamiz, bu dunyoda oldini olish mumkin bo‘lgan o‘limning asosiy sabablaridan biri”.
Transyog‘lar yurak-qon tomir kasalliklari xavfi uchun yaxshi qabul qilingan biomarker bo‘lgan LDL-xolesterin darajasini oshiradi va xolesterinni arteriyalardan olib tashlaydigan va uni o‘tga chiqaradigan jigarga olib boradigan HDL-xolesterin darajasini pasaytiradi.
Bu yog‘ning miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqatlar yurak kasalliklari xavfini 21 foizga va o‘limni 28 foizga oshiradi. Transyog‘larni to‘yinmagan yog‘li kislotalar bilan almashtirish, qisman, transyog‘larining qon lipidlariga salbiy ta’sirini yaxshilash orqali yurak kasalliklari xavfini kamaytiradi. Bundan tashqari, transyog‘da yallig‘lanish va endotelial disfunksiyani kuchaytirishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatkichlar mavjud.
Eslatib o‘tamiz, margarin, “fast-fud”, yarim tayyor yeguliklar, non va non mahsulotlari, qandolatlar hamda qovurilgan kartoshka frisi tarkibida transyog‘lar ko‘p miqdorda uchraydi.
Charos Mannonova tayyorladi.
Mavzuga oid
18:16 / 11.12.2024
Olimlar umrni bir necha yilga qisqartirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar nomini aytdi
17:43 / 28.06.2024
JSST dunyoda transyog‘lar iste’molini butunlay taqiqlashni taklif qilyapti
11:25 / 11.05.2024
Toshkentda shirinlik sotib yurgan qizlarning ota-onalariga ogohlantirish berildi
12:33 / 07.07.2022