Jahon | 17:43 / 28.06.2024
4329
2 daqiqa o‘qiladi

JSST dunyoda transyog‘lar iste’molini butunlay taqiqlashni taklif qilyapti

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni transyog‘lardan voz kechishga chaqirdi. Bu haqda tashkilotning yangi hisobotida so‘z boradi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yangi hisobotini e’lon qildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi. Hisobot fast fud, yarim tayyor yeguliklar, qovurilgan kartoshka frisi, chips hamda turli qandolatlar tarkibida transyog‘lar bo‘yicha global tavsiyalarni o‘z ichiga olgan.

JSST oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi va tayyorlovchi tadbirkorlarni transyog‘lardan voz kechishga chaqirmoqda. Bu borada hukumatlarga ham tegishli talablar bor. Tashkilot mas’ul xodimi Franchesko Brankaning ma’lum qilishicha, transyog‘lar yurak xuruji va o‘lim xavfini oshiryapti. Yiliga 278 mingdan ortiq kishining hayotdan ko‘z yumishi ayni shu zararli “masalliq” bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, hozir 53 mamlakat sanoat usulida ishlab chiqarilgan transyog‘larga qarshi kurashyapti. Bu qariyb 3,7 milliard odamning salomatligini himoya qilish imkonini beradi. 2023 yilda shunday cheklovlar 7 ta davlat — Misr, Meksika, Nigeriya, Shimoliy Makedoniya, Filippin, Moldova va Ukrainada kuchga kirdi. 2024 yil yanvar oyida JSST beshta davlat – Daniya, Litva, Polsha, Saudiya Arabistoni va Tailandga sanoatda ishlab chiqarilgan transyog‘lardan voz kechish bo‘yicha muvofiqlik sertifikatlarini taqdim etdi.

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, agar bunday muhim amaliyotlar yana 8 ta mamlakatda joriy etilsa, bu xavfli mahsulot bilan bog‘liq o‘lim ko‘rsatkichini 90 foizga kamaytirish mumkin.

Mavzuga oid