O‘zbekiston | 10:59 / 29.01.2023
21675
11 daqiqa o‘qiladi

Nega O‘zbekistonda ijtimoiy fanlarga qiziquvchilar ko‘proq? – tabiiy va aniq fanlarni qiyinlashtirayotgan sabablar

Laboratoriyalar yetishmovchiligi, tabiiy fanlar talab etiladigan kasblar maoshi yuqori emasligi, darslar qiziqarli o‘tilmasligi, o‘quvchilar o‘qishga kirish uchun yodlashga o‘rganib qolgani va boshqa sabablar kimyo, biologiya, fizika, matematika kabi fanlarning o‘quvchilar uchun qiyin bo‘lib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Maktab ta’limi inson umrining eng muhim bosqichi hisoblanadi. Aynan mana shu davrda bolalar kelajakda aynan qaysi kasb egasi bo‘lishlari haqida tanlov qilishadi va shu fanni yaxshi o‘zlashtirish uchun harakat qilishadi.

Yigirma birinchi asrda mehnat bozorida xaridorgir bo‘lish uchun STEM fanlarini (bu to‘plam ichida kimyo, biologiya, fizika, matematika fanlari bor) yaxshi bilish kerak. Lekin bizda hanuz ijtimoiy fanlar: tarix, ona tili, chet tiliga qiziqish va uni o‘rganishga talab yuqoriroq bo‘lib qolmoqda.

Nega bunday deb hisoblash mumkin?

Maktab bitiruvchilari qiziqishlarini baholash uchun asosiy statistikalarni sobiq Davlat test markazi – hozirgi Bilim va malakalarni baholash agentligi o‘tkazadigan kirish imtihonlari natijalarini ko‘rib chiqish mumkin.

Kirish imtihonlarida maksimal ball – 189,0 bo‘lsa, Toshkent davlat yuridik universitetiga grant kirganlar ayni shu ballni to‘play olishgan. Bu OTMga kirish uchun o‘tish balli ham 186 balldan kam bo‘lmagan. OTMga kirish uchun abituriyentlar tarix va chet tili – ijtimoiy fanlardan imtihon topshirgan. Natija yuqoriligi raqobat ham shunga yarasha bo‘lganini ko‘rsatadi.

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti uchun esa kirish imtihonlarida asosiy fan matematika hisoblanadi va universitetda “Sun’iy intellekt”, “Kiberxavfsizlik” kabi zamonaviy yo‘nalishlar mavjud. Biroq OTMga o‘tish ballida eng yuqori ball 172,2 ballgacha chiqqan. Yuridik universitet bilan solishtirsa, nisbatan past.

Kimyo va biologiya fanlaridan imtihon olinadigan Toshkent tibbiyot akademiyasida ham eng yuqori ball 180 ga yetmagan.

Bu raqamlarning o‘zi bilangina ijtimoiy fanlarga qiziqish yuqoriligini xulosalash to‘g‘ri emasdir, lekin nufuzli OTMlar ro‘yxatida yuridik universitetlar, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti borligini ham hammamiz bilamiz. Tabiiy fanlardan imtihon olinadigan OTMlarning obro‘yi esa u qadar baland emas.  

Nega?

Mavzu bo‘yicha feysbuk ijtimoiy tarmog‘i orqali foydalanuvchilar fikrini o‘rganishga harakat qildik. “Nega o‘quvchilarning ijtimoiy fanlarga qiziqishi yuqoriroq?” degan savolimizga tarmoq foydalanuvchilari keltirgan sabablarning asosiylari quyidagilar:

  • Maktablarda amaliy fanlarni o‘rganish uchun laboratoriyalar sharoitlari yaxshi emas;
  • Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodlari ustida ishlash kerak;
  • Darsliklar murakkab, ular sodda va tushunarli emas;
  • O‘zbekiston mehnat bozorida aniq va tabiiy fanlar talab qilinadigan kasblarning daromadi yuqori emas;
  • O‘qituvchilar malakasi yetarli emas;
  • Uyda ota-onalarning bolalari bilan aniq va tabiiy fanlardan shug‘ullanish uchun bilimi yetarli emas.

“Bilim pulga aylanishi kerak...”

Respublika ta’lim markazi direktori o‘rinbosari, matematika fanidan o‘quvchilarga dars bergan Isroil Tillaboyev ijtimoiy fanlarga qiziqish nima sababdan baland ekani haqidagi savolimizga bu tanlanadigan kasb obro‘yi va u keltiradigan daromad bilan bog‘liq deb javob berdi.

“Jamiyatda qaysi soha egasi yaxshi yashasa, odamlarda o‘sha sohaga oid fanga qiziqish kuchayadi. Masalan, 60-70 yillarda qaysi maktabga kirib o‘quvchilardan “Qaysi kasb egasi bo‘lasan”, deb so‘ralsa, ularning aksari “Kosmonavt bo‘laman”, deb javob berganini katta avlod vakillari gapiradi. Hozir esa qaysi bola kosmonavt bo‘laman, deydi? Yo‘q, menimcha, hozir bolalarning aksari 90 yillardan buyon yashash sharoiti va mavqeyi yaxshi bo‘lib kelayotgan soha kasblarini sanaydi: “Prokuror bo‘laman, sudya bo‘laman yoki huquq-tartibot organi xodimi bo‘laman”, deb javob beradi. Ijtimoiy fanlarga talab oshishiga birinchi sabab – shu. Va bu fanlarda raqobat kuchaydi, raqobat kuchaygani bilimni kuchliroq egallash majburiyatini yuzaga keltirdi”, deydi Isroil Tillaboyev.

Uning fikriga ko‘ra, odamlarning bilim ortidan pul topishga harakat qilishi – tabiiy holat. Shu sababdan ham matematika, fizika, kimyo, biologiya fanlaridan iqtidorli bo‘lib, shu fanlar yo‘nalishidagi OTMlarni bitirayotgan yoshlar hozir o‘quv markazlarida dars berib yaxshi pul topishni ko‘zlamoqda. Bu fanlarda ilm bilan shug‘ullanayotganlarning daromadi esa unchalik yaxshi emas. Daromad pastligi esa bolalarning o‘qishga bo‘lgan qiziqishini pasaytiradi.

“Masalan, axborot texnologiyalari yo‘nalishida yoshlar bilimni pulga aylantirishni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmoqda. Natija nima bo‘lmoqda, hozir axborot texnologiyalari fanini o‘qituvchilar ko‘magida va hatto mustaqil o‘rganishga talab oshib ketdi. Bu degani mazkur fandan bilim sifati ham tabiiyki ko‘tarildi. Xulosa shuki, qachonki bilimni pulga aylantirish imkoniyati bo‘lsa, ayni o‘sha fanlarni yoshlar ishtiyoq bilan, kerak bo‘lsa mustaqil izlanib ham yaxshi o‘zlashtiradi”, deydi Isroil Tillaboyev.

Qiziquvchanlikni so‘ndirib qo‘ymaslik kerak

Maftuna Badalova, Xalqaro kimyo olimpiadasi kumush medali sohibi:

Bolalar juda qiziquvchan bo‘ladi, ko‘p savollar berishadi. Masalan, ular “Nega o‘t yashil?” deb so‘rashi mumkin. Kattalar bu savolga qanday javob beradi: “Kim bilsin?”, “Bunday savollarni berishni bas qil” va shu kabi.

Lekin bu savol o‘ylab qarasak, fundamental biologiya, biokimyo nazariyalarini qamrab oladi. Agarda kattalar “Bu juda qiziq savol, lekin men ham javobini bilmayman, balkim birga javobini aniqlarmiz” yoki, “Bu savolning javobini hech kim bilmaydi, balkim katta bo‘lganingda aynan sen uning javobini toparsan”, deb javob berganida, ancha yaxshiroq bo‘lardi deb o‘ylayman. Boladagi qiziquvchanlikni so‘ndirmaslik kerak. Qiziquvchanlik so‘nsa, u o‘rganishdan to‘xtaydi.

“Bizda amaliyotda qo‘llash uchun emas, test yodlash uchun o‘qish kuchli...”

Aziza Abduvaliyeva, Xalqaro biologiya olimpiadasi oltin va bronza medallari sohibi:

Ijtimoiy fanlarga qiziqishning kuchliligi fanlar mohiyati bilan bog‘liq, deb o‘ylayman. Masalan, ijtimoiy fanlarda, asosan, yodlash kerak bo‘lsa, biologiya, kimyo, fizika kabi fanlarda nazariyani bilishdan tashqari uni hayotdagi turli vaziyatlarda qo‘llay olish ham kerak. Bu esa o‘quvchidan o‘z ustida doimiy ishlashni talab qiladi.

Maktab o‘quvchilarining asosiy qismi fanlarni DTM testlarini yechish uchun yaxshi o‘zlashtirishga harakat qiladi. Agar ular yodlab testda yaxshi natija ko‘rsatish o‘rniga fan mohiyatini anglashga harakat qilganda aniq va tabiiy fanlarga qiziqish yuqoriroq bo‘lardi.

Bundan tashqari, aniq va tabiiy fanlarni yaxshi o‘rganish uchun resurslar ham muhim o‘ringa ega. Resurslarga jihozlar, ma’lum apparatlar, ko‘rsatiladigan manba va tajribalarda ishlatiladigan asbob-uskunalar kiradi. Fanlarni o‘qitishda ko‘proq ko‘z bilan ko‘rib, tasavvur bera oladigan usullardan, laboratoriya mashg‘ulotlaridan foydalanish kerak.

Hozir o‘qish bilan birga biologiya fanidan dars ham beryapman. Oxirgi 2 yilda kimyo va biologiya fanidan darsliklar ancha o‘zgardi. Ularni takomillashtirib borish bilan birga o‘quvchilarga darsliklar bilan qanday ishlashni, qo‘shimcha mustaqil o‘rganish zaruratini ham o‘rgatib borish kerak. Masalan, ba’zi o‘quvchilar yangilangan darsliklar haqida “eski darsliklar yaxshiroq edi, ularda ma’lumot ko‘p edi”, degan fikrni aytishadi. Sababi ular darsliklardagi qora shtrixlarda ko‘rsatilgan sonlarni yodlashga o‘rganib qolgan. Berilgan qiziqarli ma’lumotlar asosida internetdan qo‘shimcha ma’lumotlar topib o‘qishga, “self-study” qilishga hali o‘rganmagan.

Laboratoriya sharoitlari qanday?

Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (ayni paytda tugatilgan) o‘rganishlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 10 130 ta maktabning 9 061 tasida fizika kabineti bor. Biroq uning 1 033 tasi jihozlanmagan. 10 mingdan oshiq maktabning 8 810 tasida kimyo laboratoriyasi bor va uning ham mingdan oshig‘i jihozlanmagan. Respublika bo‘yicha 8 103 ta maktabda biologiya kabinetlari bor va ularning 1 206 tasi jihozlanmagan.

Raqamlar mingdan oshiq maktablarda kerakli fan laboratoriyalari yo‘qligini, borlarining ham yana mingdan oshig‘i keraklicha jihozlanmaganini ko‘rsatadi. Aniq va tabiiy fanlarni yaxshi o‘zlashtirishni esa yaxshi laboratoriyalarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Dunyo kasblarining kelajagi kimyo, fizika, biologiya, matematika, informatika kabi fanlarni o‘z ichiga olgan STEM fanlari bilan bog‘liq bo‘lib turgan hozirgi zamonda laboratoriyasiz maktablar o‘sha maktablarda o‘qiyotgan bolalarning fanni o‘zlashtirishga bo‘lgan potensialini qanchalik pasaytirishga “hissa qo‘shayotganini” baholab chiqish zarurdir balki.

Osiyo taraqqiyot banki vakili Eysuke Tajima Ta’lim inspeksiyasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvlardan birida O‘zbekistonda STeM fanlarini o‘qitish imkoniyatlari haqida gapirib, buning uchun, maktablarda fizika, kimyo, biologiya laboratoriyalarini ko‘paytirish, modernizatsiya qilish va ta’lim muassasalarini internet bilan to‘liq ta’minlash va aloqa sifatini oshirish zarurligini qayd etgan.

Zamonaviy dunyodan ortda qolib ketmaslik uchun aynan aniq va tabiiy fanlarni yaxshiroq o‘qishlari uchun o‘quvchilarga sharoit qilib berish, ijtimoiy fanlarni o‘zlashtirishda yuzaga kelgan raqobat bu fanlarda ham paydo bo‘lishiga turtki berish, ularning potensialini yuzaga chiqarishlariga 100 foizlik imkon berish – ta’lim tizimizning asosiy vazifasi. Bu vazifa bajarilguncha aniq va tabiiy fanlarni yaxshi o‘zlashtirmagan bitiruvchilar soniga son qo‘shilmasa bo‘lgani.

Zilola G‘aybullayeva, jurnalist

Mavzuga oid