O‘zbekiston | 07:46 / 01.02.2023
2828
1 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan yillik maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahrida O‘zbekiston hukumati va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) o‘rtasida FTA ko‘magida amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar bajarilishini muhokama qilish va tashabbuslarni belgilab olishga bag‘ishlangan IV yillik maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Tadbir davomida ma’lum qilinganidek, 25-27 yanvar kunlari bo‘lib o‘tgan texnik yig‘ilishlarining birinchi bosqichida O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish, chorvachilik va aholi salomatligini muhofaza qilish yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan jami 814 million yevrolik 9 ta FTA loyihasining hozirgi holati muhokama etildi.

Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha 2023 yilda loyihalarni amalga oshirish doirasidagi qator tadbirlarni nazarda tutuvchi «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqildi. Maslahatlashuvlar davomida FTA faoliyati, uning 2022 yildagi asosiy yutuqlari va 2023 yilda O‘zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar taqdimotlari o‘tkazildi.

Tadbir so‘ngida har ikki delegatsiya vakillari energetika, «yashil» iqtisodiyot, shaharlarni rivojlantirish, suvdan foydalanish va barqaror moliyalashtirish sohalarida qo‘shma loyihalar doirasida hamkorlikni kengaytirish niyatini bildirdi.

Mavzuga oid