O‘zbekiston | 13:36 / 04.02.2023
12199
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda ikkita bog‘chaning bozor bahosi qariyb 1,7 mlrd so‘m bo‘lgan binolari va yerlari noqonuniy berib yuborildi

Tuman MTB mudirasi prezident qaroriga zid ravishda ikkita bog‘chaning bino va yerini noqonuniy tarzda hokimlik balansiga o‘tkazish uchun berib yuborgan. Hokimlik esa ularni fuqarolardan biriga mulk qilib bergan.

Foto: KUN.UZ

Surxondaryo viloyati prokuraturasining xabar berishicha, Denov tuman MTBning sobiq mudirasi B.E. tomonidan 16 va 37-sonli bog‘chalarning bino hamda yerlari 2021 yil 25 mart kuni chiqarilgan aloqa xatlari bilan noqonuniy ravishda Denov tuman hokimligiga zaxira yer toifasiga o‘tkazish uchun berib yuborilgan.

Shundan keyin bog‘chalarning binolari va yerlari fuqaro S.A. ga mulk qilib berilgan. Fuqaro S.A. tomonidan ushbu binolar va yer maydonlariga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilib, natijada o‘zining nomiga xususiylashtirib olishiga sabab bo‘lgan.

Bu bilan B.E. prezidentning 2018 yil 30 sentabrdagi “Maktabgacha ta’lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3955-sonli qarori 9-bandidagi bog‘chalar yer maydonlari vazirlik bilan kelishilmasdan turib begonalashtirilishi mumkin emasligi haqidagi talablarini buzgan.

Adliya vazirligi huzuridagi X.Sulaymonova nomidagi RSEM Surxondaryo viloyati bo‘limi tomonidan 2023 yil 4 yanvar kunida taqdim etilgan baholash ekspertizasi xulosasida fuqaroga berib yuborilgan 16-sonli bog‘chaning binosi va yer inshootlarining bozor bahosi 678 mln 40 ming so‘mni, 37-sonli bog‘chaning binosi va yer inshootlarining bozor bahosi 918 mln 772 ming so‘mni tashkil etishi belgilangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan 2023 yil 12 yanvar kuni Bosh prokuratura departamentining Denov tuman bo‘limi tomonidan B.E. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan hozirda tuman prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid