Jahon | 22:29 / 05.02.2023
41923
17 daqiqa o‘qiladi

«Eng yomoni avtomat botqoqqa tiqilib qolishi». Baxmut frontida jang qilgan ukrainalik hikoyasi

«Maestro» laqabli harbiy yangi yil, Rojdestvo va o‘zining 41 yoshini Baxmutdagi okopda qarshi oldi – qal’aga aylangan bu shahar ko‘p oylardan buyon frontdagi eng qaynoq nuqta bo‘lib qolmoqda.

Foto: MAESTRO / BBC

«Bu kunning okopdagi odatiy kundan farqi yo‘q edi, yagona farqi – tug‘ilgan kunimga Xudodan sovg‘a so‘radim. Va u menga sovg‘a berdi. Rahmat, tirik qoldim – navbatchilikdan bazaga qaytganimda, yigitlar meni tabriklashdi», deya hikoya qiladi Maestro.

U o‘rtada tanaffus bilan may oyidan buyon Baxmutda jang qiladi. Shundan buyon uning kunlari ikkiga ajraladi – «okopdagi» va «okopda bo‘lmagan» kunlar. Yarim yildan ortiq vaqtdan buyon davom etayotgan janglarda ko‘p narsa o‘zgardi, ammo rossiyaliklar baribir shaharni egallay olmadi.

Maestro BBC bilan suhbatda o‘zi va birodarlari uchun bu qanchalik qimmatga tushayotgani, o‘zining okopdagi kunlari va Baxmutdagi o‘qlar ostida kechayotgan hayoti haqida barchasini gapirib bergan.

Birinchi kichik g‘alaba

Maestro Xmelnitskoy oblastida tug‘ilgan va keyin kiyevlikka aylangan bo‘lib, ko‘plab ukrainalik jangchilar qatori urushga qadar butunlay boshqacha hayot tarzida yashagan. U mebel savdosi bilan shug‘ullangan, raqs tushgan va tayoqda raqs tushish bo‘yicha murabbiy bo‘lgan.

Keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan keyin u hududiy mudofaa qismlariga yozilishga harakat qiladi, ammo talabgorlar ko‘p edi va har safar navbat unga yetganida ertaga kelishini so‘rashadi.

U to‘rt kun davomida hududiy mudofaa uchun yozilish mumkin bo‘lgan turli nuqtalarda bo‘ladi, bu joylardan birida avvalroq yozilganlardan biri endi xizmatdan bosh tortib, qurolni topshirganidan voqif bo‘ladi.

Urushga qadar Maestroda butunlay boshqacha hayot tarzi bo‘lgan. Foto: PETER KLADYK

«Men uning o‘rnini egalladim va men uchun bu xuddi birinchi kichik g‘alabadek edi: nihoyat istaganimga erishdim», deydi u.

U agar Rossiya katta urush boshlasa, qo‘liga qurol olishga oldindan qaror qilgandi. Uch nafar voyaga yetmagan farzandi bor, jang qilish tajribasiga ega bo‘lmagan va hatto armiyada xizmat qilmagan bo‘lsa ham, u bunga ruhan tayyor bo‘lgan va yaqinlarini ham bunga ko‘ndirgan. «Men avtomatni qanday ko‘tarish va barmoqlarimni qayerga qo‘yishni ham bilmasdim», deya eslaydi Maestro.

Ammo hududiy mudofaa qismlarida u kabilar juda ko‘p edi, shu tufayli komandirlar ularni qurol ishlatishni o‘rgatish uchun juda ko‘p ishlashiga to‘g‘ri keladi

Poytaxtga hujum Goloseyevskiy rayonidan bo‘lishi kutilgandi, shu tufayli brigada o‘sha yerda turadi, keyinroq Kiyev shahri va oblastdagi muhim obektlarni qo‘riqlashga jalb etiladi.

May oyida jangovar topshiriq bo‘ladi – hududiy mudofaa qismlari jangchilari ham Ukraina qurolli kuchlariga bo‘ysunuvchi birlashgan guruh tarkibida Baxmut atrofiga yuboriladi.

Oxiri yo‘q shafqatsiz kinodagi kabi

24 may kuni, Maestro Donetsk oblastiga kelganida, rossiyaliklar hali Baxmutga yaqinlashmagandi va ukrain harbiylari uning atrofida, shahardan 10 kilometr radiusda joylashgandi. «Shundan buyon oylar o‘tdi, bir tomondan ko‘p narsa o‘zgargandek, ammo boshqa tomondan – bu vaqt ichida, may oyida buyon, ular [rossiyaliklar] faqat shu 10 km masofani bosib o‘ta olishdi».

Hozirga kelib ukrain harbiylari shaharga kirish joylarida mudofaalanmoqda, Maestroning aytishicha, bahorda va yozning ilk oylarida janglar o‘rmonda bo‘layotgandi.

Tan olishicha, iyul oyida, uni rotatsiya bo‘yicha Kiyev oblastiga qaytarishganida, u qattiq asabiylashgan. «Ikki kun o‘tib bizga ular qarshi hujumga o‘tgani va biz egallab turgan pozitsiyalarni yakson qilishganini aytishdi. Yurish zirhli texnikalar va aviatsiya orqali amalga oshirilgan, bu hujumni to‘xtatish juda qiyin bo‘lgan va yigitlar chekinishgan - barcha ham emas, afsuski pozitsiyani katta yo‘qotishlar bilan topshirishgan».

Maestro hududiy mudofaadagi va Baxmutdagi birinchi kun tushgan suratlar

Maestro urushda barchasi shafqatsiz kinodagi kabi bo‘lishini tushunadi. «Menda shunday palla bo‘lgandiki, yer boshimga urila boshlagandi. Snaryad deyarli okop ichiga kelib tushgan, granata brustverga (okop oldidagi yasama do‘nglik) - o‘shanda bunaqasini faqat kinoda ko‘rganim haqida o‘yladim».

Uning aytishicha, Baxmutdagi manzaralar unga «Askar Rayanni qutqarish» filmidagi quroldoshlarni eslatib turadi. «Ammo film ikki soat davom etadi, bu yerda esa kechayu kunduz», deya qo‘shimcha qiladi Maestro.

Rotatsiya vaqtida u «G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q» filmi premerasini tomosha qilgan va bu film reallikka juda yaqin deb hisoblaydi. Uning aytishicha, faqat kino snaryad va minlar portlashi va boshqa ovozlarni yetkazib bera olmaydi. Hayotda ular ancha qattiqroq ovozga ega bo‘ladi.

Otishmalar jadvali

Barchasi erta tongda boshlanadi. «Hatto kulgim keladi, bu xuddi ertalabki qahva kabi - soat 05:00 va ularning aviatsiyasi keladi».

Tunda esa tinchroq. Ammo agar yozda ikki tomon ham tunda tinchigan bo‘lsa, qishda, Maestro Baxmutga ikkinchi bor kelganida, zarbalar almashinuvi doimiy davom etayotgandi.

Shu bilan birga, u ko‘plab ekspertlarning dekabr oyiga kelib ikki tomonning zarbalari tenglashgani to‘g‘risidagi xulosalarini tasdiqlaydi, mayda esa ukrainlarning bitta snaryadiga rossiyaliklar 10 ta javob qaytarardi.

Uning davom etishicha, ertalabki zarbalardan keyin odatda minomyot zarbalari ketadi va jang boshlanadi.

Mudofaa chizig‘i hamma joyda ham bir xilda emas – qayerdadir harbiylar okoplarda o‘tirsa, qayerdadir - uylarda bo‘lishadi, chunki rossiyaliklar shaharga juda yaqin kelib qolishgan.

Shuning uchun, Maestroning aytishicha, shahar atrofida butun bino qolmagan, shaharning o‘zida ham barcha binolar shikastlangan.

Maestro may oyidan buyon Baxmutda xizmat qiladi

Ba’zida shunday bo‘ladiki, ukrainlar va rossiyaliklar okoplari orasidagi masofa – 50-100 metrgacha qisqaradi. Har kuni 15-30 nafar rossiyalik ukrainlar pozitsiyasi tomon avtomat va minomyotlar bilan chopib kelishadi.

«Ularning quroldoshlari yiqiladi, ular esa oldinga yugurishda davom etadi. Esipast bo‘lmagan odam bunday qilmaydi», deya fikrlaydi harbiy.

Ukrain harbiylari bunday taktikani yaxshi bilgan holda minomyot hujumi vaqtida oskolkalardan yashirinadi, lekin ular hamisha vaziyatni nazorat qilib turish uchun boshni okopdan biroz ko‘tarib turishi talab etiladi.

«Menda bunday vaziyat bo‘lmagan, ammo quroldoshlar o‘girilib qarashganida 15 metr narida rossiyaliklar chopib borayotganini ko‘rishgan», deya hikoya qiladi ushbu harbiy.

Bunday holat uzoq vaqt davom etishi mumkin.

Harbiylar smena bo‘yicha ishlaydi - ular bir-ikki kun okopda o‘tirishadi, keyin o‘ziga kelib olish, kiyim va qurollarni tozalash uchun bir-ikki kunga Baxmutga qaytishadi.

Shaharda ular mahalliy aholi vakillarini uchratishadi. Bu yerda ularning soni olti mingdan oshadi. «Shunday holatlar bo‘ladiki, biz zirhli nimchalar, kaskalarda chopib borayotgan bo‘lamiz, atrofda snaryadlar uchadi, ro‘paradan esa mahalliy aholi vakillari velosipedda kelayotgan bo‘ladi».

Kunlardan bir kuni Maestro okopdan qaytganida mahalliy aholi vakillaridan ikki ayol halok bo‘lgani haqida o‘qiydi. Fotosuratlarda u harbiylar tez-tez to‘planadigan joyni taniydi». «Bu juda dahshatli ko‘rinardi», deya eslaydi u.

Yigitlar

Baxmutda o‘lim ko‘p va bunga ko‘nikib qolish kerak emas, deydi Maestro.

«Ammo men harbiy harakatlar hududiga borganimda, hissiyotlarimni butunlay o‘chirib turaman, chunki aks holda harbiy topshiriqni yaxshi uddalay olmasligim va o‘zimni ham xavf ostida qoldirishim mumkin».

Baxmutdagi ukrain harbiylari. Foto: Getty Images

Uning aytishicha, harbiylar o‘z quroldoshlarini faqat o‘lim tufayli yo‘qotmaydi. Ayrim jangchilar yengil yaralanishi mumkin, ammo ular shunchalik qo‘rqishadiki, ularni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keladi.

«Shuningdek, bora-bora o‘z-o‘zidan aqldan ozganlar bor». U o‘zi bilan birga Baxmutga kelgan yigit haqida gapiradi. Bu yigit 19 yoshda bo‘lsa-da, ko‘p jihatdan 40 yoshdan oshganlardan ustun edi, deydi Maestro. «Ammo u bardosh berolmadi, natijada ruhiy kasalliklar shifoxonasiga tekshiruvdan o‘tishiga to‘g‘ri keldi».

Harbiylar kamroq tashvish chekin uchun harbiy o‘rtoqlari bilan u qadar yaqinlashmaslikka harakat qiladi. Bu hamisha ham ish beravermaydi. Baxmutga ikkinchi safarda Maestroga do‘sti hamroh bo‘ladi - u bungacha ko‘p vaqt davomida shu brigadaga qo‘shilishni so‘rab kelgan. «Shundan buyon u har safar smenaga ketganida uxlay olmasdim, men qaytganimda esa u meni kutib o‘tirgan bo‘ladi».

Botqoqlikdagi rojdestvo

Baxmutda ko‘niki bo‘lmaydigan yana bir narsa – bu noqulay ob-havodir. «Ba’zida o‘ylab qolaman, bizni nima ko‘proq qo‘rqitadi – botqoqlik va ayozmi yoki kaltakka o‘xshaydigan rossiyaliklar?» – deya hazillashadi Maestro.

«Kunduzgi namgarchilik ham bir navi, lekin kechasi juda sovuq. Hammasidan ham yomoni shundaki, yomg‘irdan keyin hammayoq botqoqqa aylanadi, bir-bir yarim soat o‘tib avtomat loyga tiqilib qolishi va undan ota olmay qolishingdan qo‘rqa boshlaysan», deydi u.

Foto: Getty Images

Safdoshlaridan biri Maestroga bir safar uning smenasi vaqtida to‘rt kishining avtomati loyga botib qolgani, faqat bitta ishga yaroqli qurol qolganini aytib bergan. «Shunday qilib, bir kishi o‘q uzgan, qolganlar o‘qdonni o‘qlab turishgan», deydi Maestro.

Shunday holatlar ham bo‘ladiki, jangchilar barmoqlarini sovuq oldirib qo‘yishadi. Bundan saqlanish uchun Baxmutga ko‘ngillilar olib kelgan bir martalik pataklar yordam beradi. Maestroning aytishicha, –15 daraja sovuq kunlarda ularni oyoq kiyimi va qo‘lqoplariga solib oladi. Ularning har biriga beriladigan 2-3 juft patak bir kunga yetadi.

«Bir kuni tushgacha yomg‘ir quydi, keyin qor yog‘di, keyin esa -10 daraja sovuq tushdi». Harbiyning eslashicha, Rojdestvo vaqti, 6-7 yanvar kunlarida ham shunday havo kuzatilgan.

Maestroning aytishicha, komandirlardan biri soat 00:00 da ratsiya orqali barchani bayram bilan tabriklagan va buning ortidan boshqa jangchilar ham bir-biriga ratsiya orqali tabrik yo‘llay boshlagan. O‘sha kuni qo‘shiqlar ham kuylangan.

«Yangi yilda ham shunga o‘xshash voqea bo‘lgandi, shundan keyin minomyotchilar brigadasi komandiri shunday degandi – endi rossiyaliklarni tabriklaymiz, – deya eslaydi harbiy. – Biz o‘shanda ularni yaxshi tabriklagandik, ular faqat tongda o‘ziga kelib, hujum qilishni boshlagandi».

«Bayanni keltiring»

Maestroning aytishicha, kechayu kunduz davom etadigan jangovar smenadan keyin u qilishi mumkin bo‘lgan ish uxlab qolishdek ko‘rinadi. Ammo, aytishicha, osongina uxlay olmaydi: adrenalin uni ancha vaqtgacha sergak qoldiradi.

Bunday vaqtlarda u qo‘liga komandir iltimosi bilan Baxmutga olib kelgani bayanini (musiqa asbobi) oladi va chala boshlaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Maestro erta tongda smenadan qaytib, qandaydir uyga kirgani va kaskasi, og‘ir zirhli nimchasi va yuklarini tashlab, yigitlarga shunday degani aks etgan video bor: «Bayanni keltiring!»

Shundan keyin ham u bekor yotishni istamaydi va biror ish bilan shug‘ullanadi. U yigitlar bilan birga xonalarni tozalaydi, suv keltirish uchun boradi. Faqat ovqat tayyorlamaydi - bu ish bilan okoplardan tashqaridagi boshqa jangchilar shug‘ullanadi.

Maestro o‘z do‘sti bilan

«Men darhol aytganman: ovqat qilishni yoqtirmayman, qila olmayman va qilmayman. Va menga aytishgan: yaxshi, seni tushundik. Shuning uchun men tozalayman, yigitlar dam olishni istaganida ular uchun qo‘shiq kuylab beraman».

Keyin esa, u butunlay charchab, ko‘zi keta boshlaydi, ertalab soat oltida, u hali yaxshi uxlab ulgurmay keyingi kungi jangovar navbatchilik uchun tayyorgarlik boshlanadi.

U boshqalar kabi dam olish kunlarida urush haqida o‘ylamaslikka harakat qiladi.

«Ammo shunday ham bo‘ladi, tozalashdan keyingi ikkinchi kun xizmat haqida, urush haqida gap chiqadi. Ammo shu zahoti bir-birimizni to‘xtatamiz. Yigitlar aytishadi: «To‘xta, nega biz bu haqda gapiryapmiz? Biz axir ertaga u yerga boramiz, hammasi o‘sha yerda va qochib ketmaydi»

O‘rmondagi cherkov

Hozir Maestro uyida ta’tilda. U okoplardagi hayoti haqida BBC muxbiriga telefon orqali so‘zlab berdi, bu vaqtda qizchasi yonida o‘ynab yuradi.

«Shunday lahzalar bo‘lgan, men qo‘rqayotganimni anglaganman», – deydi u va shundan keyin qizidan o‘yinchoqlarini olib, boshqa xonaga chiqib turishni so‘raydi.

Baxmut ko‘chalarining bugungi ko‘rinishi. Foto: CHRIS MCGRATH

«Bizni qurshab ola boshlashdi, men qanotlardan birida edim va bizni boshqa qanotdan ham o‘rab olishlari ehtimoli paydo bo‘ldi. Men hammasini tayyorladim va ibodat qila boshladim», deydi Maestro.

Bu daqiqalarda u komandirning buyrug‘ini yodga oladi – qo‘rqib ketish mumkin, ammo chekinish emas. Natijada hujumni qaytarishga muvaffaq bo‘linadi.

«Men tez-tez okopda ibodat qilib turaman, – deya tan oladi u. – Oliy kuch borligi va dunyodagi barcha narsa shunchaki paydo bo‘lmaganiga ishonaman. Ha, rostini aytsam, ba’zida shunchaki kimgadir murojaat qilish zarurati bor edi».

Maestroning hikoya qilishicha, bir safar u bilan to‘liq tushunib bo‘lmaydigan voqea ro‘y bergan. Ertalabki soat 3-4 da, qariyb bir kun uxlaganida, o‘rmonda taxminan 20 metr masofada unga cherkov ko‘ringan.

«Men atrofga qaray boshladim. Buni tushim deb o‘yladim, ammo bir-ikki bor o‘zimga shapatilab, uyg‘oq ekanimni angladim».

«Men gumbazlarga, eshiklarga va derazalarga qaradim. Shunchaki turardim va hayratlanardim. Men bu nimani anglatishi haqida o‘ylardim»

Keyinroq, u qadrdon qishlog‘iga ta’tilga kelganida unga ko‘ringan cherkov uning uyi atrofidagi cherkovga o‘xshash bo‘lganini tushungan. Ma’lum bo‘lishicha, qishloq ruhoniysi har bir ibodat vaqtida qishloqdan urushga ketgan harbiylarni eslab o‘tgan.

Maestro tez orada yana, uchinchi marta Baxmutga yo‘l olishga tayyorlanmoqda.

Mavzuga oid