Foto: AQSh Xitoy havo shari qoldiqlarini namoyish etdi
Pentagondagilar bu katta josuslik dasturining bir qismi ekanini aytmoqda.
AQSh Harbiy-dengiz kuchlari o‘tgan hafta oxirida AQSh va Kanada hududi ustidan g‘arbdan sharqqa uchib o‘tgan va keyinroq urib tushirilgan Xitoy dirijablining qoldiqlari suratlarini e’lon qildi.
4 fevral kuni dirijabl Janubiy Karolina shtati qirg‘oqlari yaqinidagi Atlantika okeani osmonida urib tushirildi. O‘shandan beri g‘avvoslar maksimal miqdorda qoldiqlarni to‘plash va bu orqali sharning texnik imkoniyatlari va maqsadini o‘rganish uchun okeanning eng tubigacha tushmoqda.
Garchi Pekin dirijabl sof fuqarolik (go‘yoki meteorologik) maqsadlar uchun mo‘ljallangani va shamol uni AQSh tomon olib ketganini aytayotgan bo‘lsa-da, Vashington ushbu havo shari razvedka ma’lumotlarini yig‘ish uchun uchirilganini aytib, uning parvozi Amerika suverenitetini buzish ekanini ta’kidlamoqda.
3 fevral kuni, dirijabl hali havoda payti, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Xitoyga ancha oldin rejalashtirilgan safarini noma’lum muddatga qoldirgandi.
The Washington Post gazetasining razvedka hamjamiyatidagi anonim manbalarga tayangan holda yozishicha, AQSh razvedka idoralari dirijablni Xitoy Xalq ozodlik armiyasi boshchiligidagi yanada kattaroq razvedka ma’lumotlarini yig‘ish dasturi bilan bog‘lagan.
AQSh harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondonligi tomonidan Facebook tarmog‘ida e’lon qilingan suratlarda katta qoldiqlarning suvdan qayiqqa olib chiqilayotganini ko‘rish mumkin. Postda aytilishicha, qoldiqlarni ko‘tarish bilan flotning portlovchi moddalar bo‘yicha mutaxassislari shug‘ullanmoqda.
AQSh rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, dirijabl taxminan 60 metr balandlikda bo‘lgan, uning savati hajmi bo‘yicha o‘rta masofaga uchuvchi samolyot bilan deyarli teng bo‘lib, og‘irligi yuzlab, balki minglab kilogrammni tashkil qilgan.
AQSh harbiy-dengiz kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, qoldiqlarni ko‘tarish ishlarida ikkita kema ishtirok etmoqda, ulardan biri og‘ir yuklarni ko‘taruvchi kuchli kran bilan jihozlangan. Shuningdek, qoldiqlarni qidirish uchun suvosti transport vositalari ham ishlatilmoqda.
Pentagonning 7 fevral kuni ma’lum qilishicha, Xitoy AQSh mudofaa vaziri Lloyd Ostinning xitoylik hamkasbi bilan telefon orqali suhbat o‘tkazish so‘rovini rad etgan. Xitoy hozircha bu bayonotga izoh bermadi.
The Washington Post gazetasining yozishicha, ayni vaqtda razvedka idoralari so‘nggi yillarda yuz bergan yana bir nechta shunga o‘xshash voqealarni aniqlagan (ular ko‘pincha e’tibordan chetda qolgan) va Xitoyda dirijabllar yordamida razvedka ma’lumotlarini yig‘ish bo‘yicha butun bir dastur mavjud degan xulosaga kelgan.
Garchi Xitoy ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshlari ham shunga o‘xshash imkoniyatlarga ega bo‘lsa-da, havo sharlari kuzatuv obekti ustida ancha uzoqroq vaqt turishi mumkin. Dirijabllar yuqori aniqlikdagi raqamli kameralar bilan jihozlangan.
Xitoy 2018 yildan beri o‘nlab shunday havo sharlarini uchirgan. Nishon nafaqat AQSh, balki uning Sharqiy Osiyodagi hamkorlari va ittifoqchilari — Yaponiya, Hindiston, Viyetnam, Tayvan va Filippin bo‘lgan.
«AQSh Davlat kotibi o‘rinbosari Vendi Sherman 6 fevral kuni 40 ittifoqchi va hamkor davlatdan bo‘lgan taxminan 150 ga yaqin diplomatni razvedka ma’lumotlari bilan tanishtirish uchun brifing o‘tkazgan», deb yozadi Washington Post.
6 fevral kuni Xitoy yana bir fuqarolik maqsadlaridagi shar havoda ekani va o‘z yo‘nalishidan chiqib ketganini tan oldi. Kolumbiya qurolli kuchlari 3 fevral kuni ushbu havo sharini o‘z havo hududida ko‘rganini xabar qilgan.
Mavzuga oid
22:34 / 18.12.2024
Polshada rossiyalik hokkeychi josuslikda ayblanib, 3 yil muddatga qamaldi
15:03 / 10.12.2024
Xitoy koronavirus Uhan laboratoriyasida yaratilganini rad etdi
15:02 / 10.12.2024
Olimlar ekologik toza quyosh batareyalarini ishlab chiqarish usulini topdi
20:48 / 09.12.2024