Noiloj qolayotgan ilm-fan: zilzilalarni prognoz qilish imkoni nega buncha oz?
Zamonaviy ilm-fan taraqqiy etib, insoniyat fazoda uchayotgan bir paytda olimlar hanuz zilzilalarni aniq prognoz qilishning ilojini topolmayaptilar. Bunga Yerning murakkab tuzilishi asosiy sabab.
Turkiyaning janubiy-sharqiy qismi, Suriyaning shimolida ro‘y bergan dahshatli zilzilalar bunday tabiiy ofat qanday kutilmagan tarzda sodir bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatib berdi. Olimlar hanuz zilzilalardan erta ogohlantirish usullarini topish ustida ishlashyapti.
Bir kunda sodir bo‘lgan 2 ta kutilmagan va dahshatli silkinish sabab Turkiya va Suriyada o‘n minglab odamlar vafot etdi, yarador bo‘ldi va boshpanasiz qoldi. Birinchi 7,8 balli zilzila uyqudagi odamlarning uylarini bir lahzada vayronaga aylantirdi. Bir necha soatdan so‘ng yana bir 7,5 balli kuchli silkinish sodir bo‘ldi.
Zilzila bo‘lgan Sharqiy Anadolu yoriqlari tizimi tektonik uchlik birikmaning bir qismi bo‘lib, Anadolu, Arabiston va Afrika plitalari bir-biriga tegib turadi. 1970 yildan beri mintaqada atigi 3 marta 6 va undan yuqori balli zilzilalar sodir bo‘lgan va shuning uchun ham olimlar Turkiyadagi so‘nggi dahshatli zilzila bo‘lishini kutishmagan.
Uni prognoz qilish mumkin edimi?
Tan olib aytish kerakki, zilzilalarni oldindan prognoz qilish juda qiyin ilmiy yo‘nalish hisoblanadi. Garchi zilzila sodir bo‘lgach, seysmik ma’lumotlar asosida daqiqalik signallarni aniqlash mumkin bo‘lsa-da, oldindan nima bo‘lishini bilib, uni prognozlash ancha qiyin jarayon.
«Biz laboratoriyada zilzilalarni tadqiq qilganimizda qaysidir hududda zilziladan oldin kichik yoriqlar yoki defektlar paydo bo‘layotganini o‘rganamiz. Lekin tabiatda shunday noaniqliklar borki, shuning uchun ham ko‘pincha kuchli zilzilaga aylanishi mumkin bo‘lgan belgilarini ko‘ra olmaymiz va prognoz qila olmaymiz», — deydi Italiyaning Sapiyenza universiteti professori Kris Marone.
Geologlar 1960-yillarning oxiridan beri zilzilalarni tadqiq qilishda zamonaviy ilmiy usullardan foydalanib kelishmoqda. Biroq erishilayotgan muvaffaqiyat hanuz haminqadarligicha qolyapti. Maronening ta’kidlashicha, buning sababi butun dunyoni kesib o‘tuvchi Yerdagi yoriqlar tizimining murakkabligidadir. Qolaversa, juda ko‘p seysmik tovushlar mavjud — Yer doim o‘zidan baland, past tovushlar chiqarib turadi. Unga insoniyat tomonidan hosil qilingan antropogen tovushlar: transport ovozlari, qurilishdagi g‘ala-g‘ovurlar aralashib ketadi va aniq signallarni olishni qiyinlashtiradi.
AQSh Geologik xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zilzilani samarali prognoz qilish uchun 3 narsa zarur: zilzila sodir bo‘lish hududi, vaqti va uning qay darajada baland bo‘lishi. Biroq markazga ko‘ra, hozirgacha hech kim bu 3 ta talabga javob bera oladigan aniqlikdagi prognozni qila olmagan.
Maxsus hududlarni belgilash osonroq
Buning o‘rniga olimlar «Xavfli hududlar xaritalari»ni ishlab chiqishadi. Unda qaysi hududlarda yaqin yillarda zilzilalar bo‘lish ehtimolliligi darajasi hisoblab chiqiladi. Afsuski, bunday hisob-kitoblar zilzila xavfi bor hududlarda yashovchi aholini xavfdan oldin ogohlantirib, evakuatsiya qilishga yoki bexavotir boshpanalarga ko‘chirishga yordam bera olmaydi.
Lekin shunday hududlarda binolarni zilzilaga bardoshli standartlar asosida qurish uchun ko‘rsatma sifatida xizmat qila oladi. Yana bir tomoni, xavfli hududlarda yashovchi hammaning ham qattiq silkinishlarga dosh bera oladigan infrastruktura sotib olishga qurbi yetmaydi.
Maronening aytishicha, o‘tgan asrning 70-80 yillarida g‘arb dunyosi o‘zining seysmik standartlarini o‘rnata boshladi va bunga amal qilib kelyapti. Lekin binolarni zilzilaga bardoshli seysmik standartlar asosida qurish va qayta moslashtirish anchagina qimmatga tushadi.
Sun’iy intellektga bog‘langan umid
Shuning uchun olimlar imkon qadar zilzilalarni oldindan aniqlay olish uchun izlanishlar olib bormoqda. Tadqiqotchilar seysmik signallar bilan birga hayvonlarning o‘zini tutishidan tortib Yerdan yuqori atmosferadagi elektronlar harakatidagi tartibsizliklargacha tadqiq qilib ko‘rishmoqda. Insonlar ilg‘ay olmay qolgan belgilarni sun’iy intellekt yordamida aniqlash ehtimolliligi ham oshyapti. Mashina algoritmlari sodir bo‘lgan zilzilalardagi ma’lumotlarni tahlil qilish orqali kelajakda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan silkinishlarni oldindan aniqlashga yordam bera olishi mumkin.
Masalan, xitoyliklar shunday algoritmlar yordamida ma’lum hududdagi yoriq zona ustidagi magnit maydonida elektronlarning harakatidagi tartibsizliklar bilan zilzilalarni oldindan bila olish mumkinligini aytishmoqda.
Yaqinda isroillik yana bir guruh olimlar mashinalar yordamida oxirgi 20 yilda ionosferadagi elektronlar tarkibidagi o‘zgarishlarga qarab, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzilalarni 48 soat oldin 83 foiz aniqlikda bila olishlarini da’vo qildi.
Xitoy ionosferadan yig‘ish mumkin bo‘lgan ma’lumotlarga umid bog‘layapti. 2018 yilda mamlakat Yer ionosferasidagi anomaliyalarni aniqlash uchun seysmo-elektromagnit yo‘ldoshni fazoga ham uchirgan.
O‘tgan yili xitoylik olimlar 2021 yil may va 2022 yil yanvardagi zilzilalardan bir necha hafta oldin ionosferada elektronlar zichligida pasayish kuzatilganini aniqlashganini ma’lum qilgan. Shuningdek, olimlar garchi sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlarini o‘rganishayotgan bo‘lsalar-da, ularning topilmalari zilzilalarni oldindan prognoz qila olish imkoniga erishishdan ancha uzoqda ekanini ham aytib o‘tishgan.
Zilzilalarning aniq qaysi manzilda ro‘y berishini bilish ham qiyin. Sababi katta zilzilalar o‘z episentridan uzoq hududda ham to‘lqinlar keltirib chiqaradi. Bu esa aniq lokatsiyani topishni qiyinlashtiradi.
Bundan tashqari, boshqa turli signallardan ham umid qilinmoqda. Masalan, yaponiyalik olimlar zilzila zonalaridan ko‘tariladigan suv bug‘laridagi o‘zgarishlarga qarab uni 1 oy oldin prognoz qilish ehtimolini ilgari suryapti. O‘tkazilgan sinovlar bu usulning 70 foiz aniqlikda ekanini ko‘rsatgan.
Biroq shuncha sinovlarga qaramay hali hech kim shu paytgacha biror zilzila aniq qachon va qayerda bo‘lishini oldindan prognoz qila olmadi.
Hatto prognozlar yaxshilansa ham, ular bilan olingan ma’lumotlarni nima qilish mumkinligi hamon savol ostida. Prognozlash aniqligi oshmaguncha butun shaharlar aholilarini evakutsiya qilish yoki odamlardan qulash xavfi bor binolardan tashqarida o‘tirishni so‘rash qimmatga tushishi mumkin.
Zilziladan keyingi yordam
Sun’iy intellekt kerak bo‘ladigan yana bir jarayon— zilziladan keyingi tiklanish ishlaridir. Xitoy universiteti professorlari shunday vositalarni ishlab chiqishdi. Bu vositalar tabiiy ofatdan keyingi zararni sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali baholab beradi. Sun’iy intellekt binoning qanchalik zararlanganini, tuzilmalarning vayron bo‘lgan yoki qanchalik xavfli bo‘lib qolganini aniqlashi mumkin. Shunda hukumat qutqaruvchilarni yordam eng zarur bo‘lgan nuqtalarga yo‘naltira oladi.
Mashina algoritmlari asosiy zilziladan keyingi silkinishlarni aniqlab bera olishiga umid bog‘lanyapti. Bunda asosiy silkinishdan zarar ko‘rgan va odamlarga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan binolar aniqlanib, ular ko‘chiriladi. Shuning o‘zi ham qutqaruvchilar va zilziladan omon qolganlarning xavfsizligini ta’minlashga katta foyda bo‘lishi mumkin.
Mavzuga oid
21:47 / 13.12.2024
Yapon olimlari insonlarda yangi tishlarni o‘stiruvchi dori vositasini sinovdan o‘tkazishni boshladi
00:41 / 06.12.2024
AQShda 7 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
14:42 / 05.12.2024
Ruhiy kasalliklar bosh miya hajmini kichraytiradi
22:32 / 02.12.2024