«Siz javobgarlikka tortilasiz» - Myunxen konferensiyasining ikkinchi kunida nimalar deyildi?
Myunxenda xavfsizlik bo‘yicha konferensiya davom etmoqda, unda shanba kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak va AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris chiqish qilishdi. Ularning chiqishlari asosan Ukraina mavzusiga bag‘ishlandi. O‘tgan yilgi konferensiya Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga bir necha kun qolganida bo‘lib o‘tgandi.
Kamala Harris o‘zining ancha uzoq davom etgan nutqida NATO davlatlari Moskvaning noqonuniy tajovuziga qarshi turishda birdamligi va AQShda Rossiya Ukrainada sodir etgan insoniyatga qarshi jinoyatlar bo‘yicha dalillar borligiga urg‘u qaratdi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak esa qisqa muddat ichida Ukrainaga harbiy yordam hajmi oshirilishi zarurligini qayd etdi.
Kamala Harris Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini qat’iy qoraladi.
«Rossiya kuchlari Ukraina tinch aholisiga qarshi keng ko‘lamli va tizimli hujumlar uyushtirmoqda», degan AQSh vitse-prezidenti qatllar, zo‘rlashlar, qiynoq va kuch bilan deportatsiyalarga (bolalarga nisbatan ham) ishora qilib.
Kamala Harris Ukrainadagi urush davridagi vahshiyliklarni, jumladan Buchadagi voqealar va Mariupol drama teatri bombardimon qilinishini tavsiflagan.
«Biz dalillarni o‘rgandik. Biz huquqiy standartlarni bilamiz. Shubha yo‘qki, bular insoniyatga qarshi jinoyatlar», deya ta’kidlagan u.
Rossiya AQSh ma’muriyati mart oyida xulosa qilganidek faqat harbiy jinoyatlar emas, balki tinch aholiga qarshi noqonuniy harakatlar ham sodir etgani tasdiqlangan.
«Ularning xatti-harakatlari bizning umumiy qadriyatlarimizga, umumiy insoniyligimizga hujumdir», deya qayd etadi vitse-prezident.
«AQSh Rossiya insoniyatga qarshi jinoyat sodir etganini rasman tasdiqlaydi», deydi u.
Bayden ma’muriyati Ukrainaga taxmin qilingan jinoyatlarni o‘rganishda yordam ko‘rsatishda davom etadi.
«Men bu jinoyatlarni sodir etganlarning barchasiga - bu jinoyatlarga aloqador bo‘lgan ularning rahbarlariga ham qarata aytaman - siz javobgarlikka tortilasiz», degan Kamala Harris.
Rossiya tinch aholi vakillariga zarba berayotganini bir necha bor rad etib chiqqan.
Myunxen konferensiyasidagi chiqishi yakunida AQSh vitse-prezidenti rossiyaliklar prezidenti g‘alaba qozona olmasligini ta’kidladi.
«Agar Putin vaqtdan yutish orqali g‘alaba qozonaman deb o‘ylayotgan bo‘lsa, qattiq adashadi. Vaqt uning foydasiga ishlayotgani yo‘q», degan u.
Harris o‘z nutqini AQSh Ukrainani qat’iy qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini tasdiqlash bilan yakunlagan va Vashington Kiyev bilan hamkorlik qilishdan faxrlanishini aytgan.
«Biz Ukrainaga qancha kerak bo‘lsa shuncha yordam beramiz», deya qo‘shimcha qilgan u.
Rishi Sunak: qo‘llov, ko‘mak, birdamlik
Undan keyin chiqish qilgan Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak hozir Ukrainaga harbiy yordam ko‘lamini ikki barobar oshirishning ayni payti ekanini qayd etdi.
Britanlar bosh vaziri Buyuk Britaniyani Putin xato qilayotganini isbotlashga chaqirdi.
U bu so‘zlari bilan AQSh vitse-prezidentining chiqishini takrorladi.
Rishi Sunak shuningdek jahon yetakchilarini Ukrainaning uzoq muddatli xavfsizligini ta’minlashda yordam berishga chaqirdi.
Sunak kollektiv NATO Ukrainaga keyingi oylarda butun 2022 yil davomida yetkazib berilgan miqdordagi texnikani berishini aytib o‘tdi.
«[Urushni Ukraina yutishi uchun] bizda harbiy taktika bo‘lishi lozim. Putin G‘arb yordam berishdan charchaydi deb o‘ylamoqda, lekin bunday emas.
Shuningdek, bizda keyinchalik tinchlikka erishish uchun siyosiy taktika ham bo‘lishi kerak. Harbiy taktika doirasida Ukrainaga uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalar va havo hujumidan mudofaa tizimi kerak.
Biz birgalikda Ukrainaga Rossiya bombalari va Eron dronlaridan himoyalanishda yordam ko‘rsatishimiz darkor va shuning uchun Buyuk Britaniya Ukrainani nisbatan uzoq radiusga harakatlanuvchi qurollar bilan ta’minlovchi ilk davlat bo‘ladi», degan Sunak.
Sunak Buyuk Britaniya ittifoqchilar bilan birgalikda Ukrainani nisbatan ilg‘or havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan ta’minlash va millatni mudofaa qilish uchun zarur bo‘lgan harbiy-havo kuchlari tashkil etishga yordam ko‘rsatish ustida ishlayotganini qayd etib o‘tgan.
Shu tufayli undan Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berilishi ehtimoli borasida so‘rashdi.
Rishi Sunak muayyan tipdagi samolyotlarni yetkazib berishda «murakkabliklar» borligini aytdi, ammo Buyuk Britaniya ukrain harbiylarini NATO standartlaridagi samolyotlardan foydalanishga o‘rgatayotganini qayd etgan.
Sunak Buyuk Britaniya Kiyevga tez fursatda samolyotlarini yetkazib bera oladigan mamlakatni «mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlashi»ni qo‘shimcha qilgan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiyani «mafiya davlati» deb atadi.
Bir yil avval Putin bilan gaplashganimda u Rossiyani «Vagner» guruhi bilan hech narsa bog‘lab turmasligiga meni ishontirgan edi. Men buni ishonch bilan qabul qilgan edim.
Bugun esa «Vagner» guruhi Ukrainadagi urushda ishtirok etayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Bu hol Rossiya oddiy mafiya davlati ekanini anglatadi», deya fransuzlar prezidentining Myunxen konferensiyadagi so‘zlarini keltirgan Politico nashri.
Germaniya TIV rahbari Annelena Berbok o‘z mamlakati Rossiya bilan tinchlik imzolanishi uchun Ukraina o‘z hududlaridan voz kechishi kerakligi to‘g‘risidagi taklifni qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi.
«Bosqinchilik bilan egallangan hududlarni berish bo‘yicha talablar bu urushni qo‘llab-quvvatlashni anglatadi. Biz bunday qila olmaymiz», degan Berbok xonim.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «360 daraja burilish»ga chaqirdi. Uning bayonotiga ko‘ra, shundan keyingina Ukraina xavfsiz bo‘ladi. (U Rossiya prezidentini «180 daraja burilishga» chaqirishni nazarda tutgan, ammo yanglishib ketgan).
«Prezident Putin buni hal qilishda erkindir», deya qo‘shimcha qildi Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari.
Mavzuga oid
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024
Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi
20:38 / 21.12.2024
Kursk oblastining Rilsk shahri o‘qqa tutildi
18:44 / 21.12.2024