“Shuncha yil inson huquqlari bilan emas, uning targ‘iboti bilan shug‘ullandik” - faollar bilan suhbat
7 fevral kungi prezident qarori bilan inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi. Kun.uz sohada qanday o‘zgarishlar kutilayotgani, O‘zbekistonda inson huquqlari bilan bog‘liq bugungi vaziyat va bu boradagi muammolar haqida intervyu o‘tkazdi.
Intervyu mehmonlari – Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov, Shvetsiyada joylashgan “Markaziy Osiyo uyushmasi” jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Gulnoz Mamarasulova va advokat Abdumalik Abdullayev.
— Abdurahmon aka, 7 fevral kuni prezident Mirziyoyev imzolagan qarorni ko‘rib, bundan avvalgi bir necha intervyularimizda ayni shu masalani ko‘targanimizni esladim: inson huquqlari sohasidagi ta’lim.
Keling, eng avval o‘sha qaror bilan tanish bo‘lmaganlar uchun unda nimalar ko‘zda tutilgani va bu bizga, jamiyatga nima berishi haqida qisqacha gaplashsak.
Abdurahmon Tashanov:
— Xalqimizda taqillatilgan eshik ochilmay qolmas, degan naql bor. Nimanidir talab qilsangiz, u yetib boradi. Biz inson huquqlari sohasidagi ta’lim masalasini juda ko‘p marta gapirdik, o‘zim ham ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p yozdim. Nega O‘zbekistonda inson huquqlari universitetlari yo‘q, hatto rivojlangan mamlakatlarda o‘rta maktab darsliklarida ham bor, bizda nega bunday, degan katta chiqishlar qildik. Nihoyat 7 fevralda prezidentning inson huquqlari sohasida fundamental ta’limni tashkil qilish bo‘yicha qarori chiqdi. Qaror bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar yo‘nalish olib, bu narsa O‘zbekistonda joriy etiladi. Va bu judayam muhim.
Nima uchun muhim? Masalan, 20-asrda qurollanish yuqori tendensiyaga chiqdi, keyingi yillarda boshqa bir sohalar. Bugun, keyingi 10-15 yillik davrda inson huquqlari masalasi global muammoga aylanadi. Shu nuqtayi nazardan buning fundamental ta’limini yo‘lga qo‘ymasdan inson huquqlari haqida gapirish mumkin emas.
So‘nggi 30 yil davomida inson huquqlari targ‘iboti bilan shug‘ullandik, lekin inson huquqlarining o‘zi bilan shug‘ullanmadik. Tashkilotlarni nomigagina tuzdik, birortasi inson huquqlari bo‘yicha jiddiy tadqiqotlar olib bormadi. Masalan, ombudsman, inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz kabilar tomonidan kuchli tadqiqot natijalari yoki ahvol bo‘yicha ma’lumotlar eshitmadik. Inson huquqlariga nisbatan juda jiddiy tajovuz bo‘lgan paytlarda ham (qiynoqlar bilan o‘lish holatlari) ular huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonida turib, holatlarni yashirishga harakat qilishdi. Hozirda sir joyi qolmadi.
Shu masala bo‘yicha kichik bir e’lonim ham bor. Yaqinda O‘zbekiston Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati 2022 yil bo‘yicha o‘z hisobotini e’lon qildi. Bunda mamlakatimizda eng muhim mavzular bo‘lgan so‘z erkinligi, vijdon erkinligi, qiynoqlar, maishiy zo‘ravonlik masalalari o‘rin olgan.
Biz inson huquqlari bilan shug‘ullanar ekanmiz, birinchi navbatda tadqiqotlarimiz bo‘lishi kerak. Aytaylik, ombudsman, milliy markaz – ularning yillik hisobotlari bo‘lishi va ularda real vaziyat aks etishi kerak. Balandparvoz gaplarni aytib yurish mumkin, lekin hayotning o‘zi ko‘rsatib qo‘yadi. Masalan, Qo‘qondagi 15 yoshar bola huquqni muhofaza qiluvchi organlar qo‘lida o‘lishi yoki qamoqxonalardagi qiynoq. Diniy erkinlik, so‘z erkinligi bilan bog‘liq masalalar bor. Bularning hammasi o‘sha hisobotlarda aks etishi kerak.
— Inson huquqlari haqida gaplasharkanmiz, uning O‘zbekiston uchun og‘riqli yo‘nalishlaridan biri gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilingan yoki qamoq jazosini o‘tayotgan mahbuslarning huquqlari ta’minlanishi masalasi bo‘lib qolmoqda.
O‘tgan yil oxirida ketma-ket dahshatli holatlarga guvoh bo‘ldikki, nega bu muammo bizda saqlanib qolyapti, uning ildizi qayerda degan savollarni o‘rtaga chiqaradi. Xo‘sh, sizlar nima deysiz?
Gulnoz Mamarasulova:
— O‘rinli savol. Aynan qarorning ahamiyatini ta’kidlab o‘tish kerak. Tergov hibsxonalaridagi qiynoqlar bilan O‘zbekistonning uzoq yillik «qora tarixi» mavjud. Tergov hibsxonalari yoki qamoqxonadagi odamlarga nisbatan turli qiynoqlar, ruhiy va jismoniy bosimlar bor. Bu narsa haqida xalqaro hamjamiyat tomonidan va O‘zbekistonning o‘zidagi mustaqil faoliyat yurituvchi huquq himoyachilari tomonidan doim gapirib kelinadi.
Bu kabi bosim va tazyiqlar asosan tergovchilar tomonidan bo‘layotganini tahlil qilish mumkin. Ulardagi inson huquqlari borasida madaniyat yetishmasligi – eng katta muammo. Inson huquqlari nima ekanini, qanday soha ekanini bilmasliklari, tushuncha yo‘qligi oqibatida bunday holatlar bo‘lyapti. Agar qaror asosida tizimli strategik tamoyillar ishlab chiqarilsa va amalda joriy etilsa, mana shu noxush holatlar bartaraf bo‘lishini kuzatishimiz mumkin.
Abdumalik Abdullayev:
— Advokatlik amaliyotimda ham bu narsaga tez-tez duch kelaman. Inkor qilolmayman. Va davom etyapti bunday holatlar.
Sabablari juda ko‘p. Birinchi sabab sifatida amaldagi ayni shu munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik takomillashtirilishi zaruriyati. Bizga ma’lumki, Jinoyat-protsessual kodeksi va Jinoyat kodeksi yangi tahrirda qabul qilinishi kerak edi. Shuncha vaqt o‘tdi, lekin bu qonun loyihasi jamoatchilikka muhokamaga ham taqdim qilinmadi va qabul qilinmadi. Ayni shu soha munosabatlarini tartibga soluvchi qonunchilik bazasini takomillashtirish zaruriyati bor.
Ikkinchidan, tergovchilarning o‘z ustida ishlashi, u yoki bu jinoiy ta’qibni amalga oshirishda jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan ma’no-maqsad nima ekanini bilish kerakligi masalasi bor. Va o‘z navbatida tergovchilarning mustaqil emasligi. Shu kungacha amaliyotimda biror bir tergovchi o‘zidan yuqori turuvchi boshliqlari ustidan shikoyat qilganini kuzatmaganman. Chunki shikoyat qilsa, bir kunda ishdan ketib qolishi mumkin.
Yana bir sabab: tergovchi tergovini qilish kerak, ortiqcha yuklama berish kerakmas unga. Aytmoqchimanki, tergovchi jinoyat ishini oldimi, uni qo‘zg‘atishdan ma’no-maqsadni yaxshi anglab, tergov rejasini sifatli tuzib, o‘z navbatida olib borilayotgan tergov harakatlarga mutanosib tarzda rejasini o‘zgartirib, oxirda jinoyat ishi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilishni ta’minlashi kerak. Tergovchilar nazdida ishni sudga chiqarsam, sud uni oqlamaydimi, nima qilsam ekan, deb bo‘lim boshlig‘iga boradi, prokurorga boradi, sudgayam boradi. Sud qonunchilik talabidan kelib chiqib fikrini aytadi. Sud aytdi-ku, degan fikr bilan jinoyat ishida ayblovni ilgari surib, ertaga oqlov hukmi chiqmasligiga ishonch hosil qilib, sudga ayblov xulosasi bilan berishi mumkin. Bunday amaliyot ham saqlanib qolyapti.
Bundan tashqari, advokatlarga ayrim vakolatlar yetishmayapti. Advokatning professional faoliyatiga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq faqatgina ma’muriy javobgarlik bor. Advokatning o‘z mijozi yoniga kira olmasligi ham bor. Himoyachi order oldimi, hech qanday to‘siq bo‘lmasligi kerak. Gumondor shaxs qayerda saqlanayotgan bo‘lishidan qat’i nazar, advokat bilan hech qanday moneliklarsiz uchrashishi kerak. Shunday sharoit yaratilishi lozim. Hozir esa bu borada muammolar bor. O‘tgan yili sentabr oyida Uchtepa tumanida mijozim oldiga kirish uchun 3 soatdan ortiq kutdim.
Abdurahmon Tashanov:
— Bu narsalar haqida biz juda ko‘p gapirib kelyapmiz. O‘n yillardan beri gapirilayotgan gaplar amalga oshgani yo‘q. Jazoni ijro etish tizimi adliya idoralari boshqaruviga o‘tishi kerak degan gapni 15-20 yildan beri aytamiz. Qilamiz deyishadi-yu, lekin baribir qilishmaydi.
Hatto Rossiyadek totalitar davlatda ham mustaqil tergov qo‘mitasi bor. Bu tergovchiga ortiqcha yuklamalar yoki bosimlar bo‘lmasligi uchun muhim.
Yana boshqa muammolar ham bor. Advokatning jamiyatdagi obro‘si juda past bizda. Avvalboshdan advokatlik bilan shug‘ullanib kelayotganlar juda kam. Qachonki huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida muvaffaqiyatsizlikka uchrasa yoki boshqa holatda advokatlikni tanlashadi. Chunki jamiyatda mavqeyi past. Bu bizda uzoq yillardan beri davom etayotgan siyosat bilan bog‘liq. Davlat tizimlarida o‘zgartirishlar vaqti keldi. Ma’muriy islohotlar haqida gapirganimizda bir-ikkita vazirlik achchiq bayonotlar bilan chiqdi. Hozir velosipedni qayta kashf qilish kerak emas, barcha rivojlangan mamlakatlar qilgan ishni qilish kerak. Birinchi navbatda davlat tuzilmalarini joyiga qo‘yib olish kerak. Undan keyin ham muammolar bo‘ladi, hal bo‘lib ketmaydi. Muhimi to‘g‘ri yo‘lni tanlab olishimiz kerak.
Davlatni bo‘lish, tiyib turish mexanizmlarini joriy qilish lozim. Ammo yildan yilga orqaga surilib kelyapti. Sud tizimining mustaqilligi masalasi ham bor. Oliy sud raisi o‘rinbosari buyrug‘i bilan shahar, tuman, viloyat sudlariga xotin-qizlar borasidagi qaysidir masalalar bilan shug‘ullanish aytilyapti. Bu – qonunga tajovuz. Sudyalarga nisbatan bunday deyish mumkin emas, sharmandalik.
— Inson huquqlari haqida gaplashyapmiz va bu boradagi eng muhim huquqlardan biri bu so‘z, fikr erkinligi huquqi. Biz bugun agar shu mavzuda jurnalistlar bilan gaplashganimizda ular O‘zbekistonda hukumat almasharkan, so‘z, matbuot erkinligi sohasida sezilarli erkinlashuv bo‘lgani, lekin yaqin bir necha yil ichida berilgan o‘sha erkinlik qandaydir depsinish holatiga tushib qolganini aytgan bo‘lardi.
Lekin bugun intervyuda, sizlar, inson huquqlari himoyachilari o‘tiribsiz. Xo‘sh, sizlar O‘zbekistonda so‘z va fikr erkinligiga qanday baho berasiz va jurnalistlar aytadigan o‘sha depsinishni qanday tahlil qilasizlar?
Gulnoz Mamarasulova:
— Mustaqil fuqarolik jamiyatining milliy kengashi degan o‘z kengashimiz va barcha viloyatda o‘z vakillarimiz bor. Ular orqali inson huquqlariga oid muammolarni o‘rganib boramiz. Doimiy ravishda vakillarimizga nisbatan so‘z erkinligi qanday bo‘lyapti, muammolar yoritilishiga qo‘yishyaptimi yoki aksi, degan savollarni qo‘yamiz. Javoblar esa hududlarda har xil. Qaysidir viloyatda faol ishlashyapti, qaysidirlarida muttasil bosimlar, tez-tez idoralarga chaqirilib «tushuntirishlar» bo‘ladi.
Jurnalistlarga nisbatan bo‘layotgan holat bizga, ya’ni inson huquqlari himoyachilariga nisbatan ham bo‘lyapti. Qaysidir sohaga indamaslik, qaysidiriga mumkin, degan qoliplar qo‘yiladi.
Abdurahmon Tashanov:
— So‘z erkinligining bir nechta fundamental asoslari mavjud. Birinchi navbatda huquqiy asoslarga borib taqaladi. So‘z erkinligi jamiyatga ham bog‘liq, faqat qonunga emas. Bizda 14 ta qonun bor so‘z erkinligini ta’minlovchi, bir-biriga mos kelmaydi yoki takrorlaydi. Shunday davlatlar borki, qaysidir qonun so‘z erkinligini cheklab qo‘yishi mumkin, degan fikr bilan o‘sha qonun qabul qilinmagan. Huquqiy asos bo‘lmagan holatdayam so‘z erkinligi ta’minlanadi ya’ni.
So‘z erkinligi, matbuot – boshqarilayotgan davlatning yuzi. Jurnalist, blogerlarda qo‘rquv bo‘lmasa, bu so‘z erkinligi ta’minlanganini bildiradi. So‘z erkinligi berilgani kabi muammolar kelib chiqaveradi, xuddi tibbiyotdagi kabi. Muammolar ko‘pligi so‘z erkinligi rivojlanmayapti degani emas. Avvalgiga nisbatan erkinlik bor. Bu holat ortga qaytmaydigan jarayon deyapti prezident. Lekin ko‘z oldimizda blogerlar jarimaga tortilyapti, qamalyapti. So‘nggi vaqtlarda idoralarga jurnalistlarni, jamoat faollarini chaqirishyapti degan xabarlarni ko‘ryapmiz.
— Abdurahmon aka, ko‘p bo‘lmadi O‘zbekistonda Human.uz sayti bosh muharriri va yana bir necha jurnalist, blogerlar “Kompromat ishi” deya aytilayotgan ish doirasida tergovga jalb qilingan. Va ayni shu kunlarda ham bu ish doirasida yana qator faollar tergov bermoqda. Bu masalani ayrimlar sof tovlamachilik, shantaj sifatida tushunmoqda, yana ayrimlar esa O‘zbekistonda so‘z erkinligiga qarshi harakat sifatida ham baholamoqda. Siz holatni qanday kuzatyapsiz?
Abdurahmon Tashanov:
— Bu masala bo‘yicha faqat sub’yektiv fikrlar aytishim mumkin. Bizga ma’lumiga ko‘ra, bu ish bo‘yicha 3 nafar jurnalist va yana bir kishi hibsga olingan. Abduqodir Mo‘minov bilan ham shunga o‘xshash holat bor. Yuqorida aytganimdek, masalaning ikki tarafi bo‘ladi doim. Jurnalistlar ham, blogerlar ham jinoyat qilish, huquqbuzarlik qilish ehtimolidan xoli emas. Siz ham, men ham qonunni buzishimiz mumkin va bunga jazo muqarrar. Masalaning ikkinchi tomoni shundaki, qaysidir jurnalist, bloger javobgarlikka tortilsa, uning kuzatuvchilari, yaxshi ko‘rgan insonlar, hamkasblari qo‘rquvga tushadi. Kimdir qonunni buzsa, javob berishi kerak, albatta. Lekin buning oqibatlari ham bo‘ladi. Shuning uchun ikki taraflama qarash kerak bu masalaga.
Matbuot rivojlangani uchunmi, jamiyatimiz juda jizzaki bo‘lib qoldi. O‘z hamkasbingga shubha qilyapsanmi, deyishlari mumkin. Yo‘q, biz doim umid qilamiz, shubha emas. Lekin kimdir qonunni buzgan bo‘lsa, javob berishi kerak.
· Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.
Mavzuga oid
18:39 / 19.12.2024
Qirg‘izistonda militsiya xodimlarini suratga olishni taqiqlovchi qonun loyihasi qabul qilinmadi
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
14:56 / 10.12.2024
Kun so‘rovi: O‘zbekistonda inson huquqlarini qaysi tashkilotlar himoya qiladi?
14:37 / 05.12.2024