O‘zbekiston | 11:51 / 22.02.2023
14565
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ichidagi arzon parvozlar mart oyidan boshlanmasligi mumkin

Mahalliy loukoster sifatida tashkil etilgan Silk Avia'ning birinchi uchta samolyoti kelishi bir necha oyga kechikib ketdi. Natijada prezident qarorida belgilangan topshiriq – 2023 yil mart oyidan 6 ta yangi mahalliy yo‘nalishda muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish haqidagi band ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmasligi mumkin.

Foto: Kun.uz

“Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qaroriga asosan, 2023 yil mart oyidan boshlab 6 ta yangi mahalliy yo‘nalishda muntazam parvozlar yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Kun.uz transport vazirining matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatovdan olgan ma’lumotga ko‘ra, qarorda ko‘rsatib o‘tilgan yo‘nalishlardagi qatnovlarni yangi tashkil etilgan Silk Avia kompaniyasi amalga oshiradi, lekin mahalliy loukosterning samolyotlari hali olib kelinmagan.

“Hozirda aviakompaniyaning ilk samolyotlarini O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, – dedi vazirlik vakili.

Uzbekistan Airports (Silk Avia'ning ta’sischisi) matbuot xizmati xodimi Ahmadjon Orifjonov ham samolyotlar keltirilmaganini tasdiqladi.

“Rejamiz bo‘yicha shu yil 1-choragida parvozlar boshlanishi kerak edi, bu bo‘yicha aniq vaqtni belgilamagan edik. Chunki samolyotlar hali kelmagandi. Parvozlar uchun Silk Avia kompaniyasi tayyor, ammo uning samolyotlari yo‘q hali.

Hozir 2 ta samolyot Tailandda turibdi, Tailandning Transport vazirligi havo kemalarini olib ketish bo‘yicha hozirgacha ruxsat bermagan. Birinchisi testdan o‘tgan, ikkinchisi jarayonda, oldinma-keyin kelishini kutyapmiz. Ushlanib qolgani uchun 2 ta samolyot birdaniga kelishini taxmin qilyapmiz.

Uzbekistan Airports boshqaruv raisi mana shu samolyotlar masalasi yuzasidan Singapur orqali Tailandga uchib ketgandi. Kelishi bilan yangilik bo‘lsa, bu boradagi ma’lumotlar e’lon qilinadi”, – dedi u.

Orifjonovning qo‘shimcha qilishicha, qarorda keltirilgan yo‘nalishlardagi qatnovlarning aviachiptalari narxi, avvalroq Kun.uz yozganidek, 180 ming so‘mdan boshlanadi. Aviakompaniya uchta asosiy tarif asosida ishlaydi.

Hozircha bu yo‘nalishlarda haftasiga nechta parvoz amalga oshirilishi ma’lum emas.

Eslatib o‘tamiz, qarorda mart oyidan boshlanishi ko‘zda tutilgan yo‘nalishlar quyidagilar: Samarqand – Nukus, Samarqand – Mo‘ynoq, Samarqand – Termiz, Buxoro – Termiz, Namangan – Termiz, Namangan – Nukus.

O‘tgan yili oktyabrda transport vaziri Ilhom Mahkamov Silk Avia'ning birinchi 3 ta samolyoti 2022 yil oxirigacha kelishini aytgandi.

Uzbekistan Airports raisi Ra’no Jo‘rayeva ham buni tasdiqlab, 2023 yilda qo‘shimcha yana 3 ta samolyot keltirilishini ma’lum qilgandi.

Yangi aviakompaniya Fransiya va Italiyada ishlab chiqariladigan turbovintli ATR 72-600 samolyotlaridan foydalanishi, bu havo kemalari Airbus A320'ga qaraganda 4 barobar kamroq yoqilg‘i sarflashi ma’lum qilingan.

Silk Avia dastlabki 3 yil ichida 12 ta samolyot olib, 54 ta yo‘nalishda haftasiga 216 ta parvozni amalga oshirishni reja qilmoqda.

Mavzuga oid